Qirg‘iziston hamda Tojikiston chegarasidagi vaziyat 28-aprelda mahalliy aholi vakillarining suv resurslariga bo‘lgan ehtiyoji sabab yuzaga kelgan to‘qnashuvlar tufayli yanada chigallashdi. O‘qotar qurollar ishlatilgan bir nechta sershovqin janjallardan keyin chegara hududida ikki davlat harbiylari o‘rtasida ham konflikt kuzatildi.

Foto: Botken viloyati harbiy ishlar boshqarmasining axborot xizmati

Tomonlar 29-aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. “TASS” nashri sodir bo‘lgan voqealar ketma-ketligi asosida ma’lumotni e’lon qilgan.

Nimalar sodir bo‘ldi?

Ikki mamlakat aholisi o‘rtasidagi nizo Isfara daryosi yuqori oqimlaridagi “Golovnoy” suv taqsimlash punkti yaqinida boshlandi, mazkur joyni ikkala davlat vakillari ham o‘zlariniki deb hisoblashadi.

Xabarlarga ko‘ra, Tojikiston fuqarolari Qirg‘izistonning ikki tumanini o‘zaro bog‘lab turadigan avtoyo‘lni yopib qo‘ygan, qirg‘izlar esa Tojikistonning Vorux anklav hududiga olib boradigan yo‘lni to‘sgan.

Qirg‘iziston chegara xizmatining axboroti bo‘yicha 29-aprelda ikki davlat harbiylari o‘rtasida otishma sodir bo‘lgan. Idora tojik tomonining minomyot hisob-kitob pozitsiyalarini egallashni tashkillashtirayotganini qayd etgan. “24.kg” Qirg‘izistondagi konflikt hududidan 850 nafar tinch aholi vakillari evakuatsiya qilingani haqida xabar bergan.

Foto: AP Photo

Keyinchalik Qirg‘iziston chegara xizmati Tojikiston harbiylarining “Dostuk” zastavasidagi bir nechta post va chegara zastavalariga o‘t ochgani va u yerda yong‘in sodir bo‘lganini xabar qildi. Mazkur harakatlarga javoban Qirg‘iziston chegara qo‘shinlarining maxsus otryadlari Tojikiston hududidagi chegara zastavasini egallagan. Ikkala mamlakat chegara qo‘shinlari harbiy nizo sodir bo‘lgan hududlarga qo‘shimcha kuchlar yuborishni boshlagan.

Ikki tomon ham nizoda bir-birini aybladi

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi to‘qnashuvlar oqibatida ikki nafar odamning halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, 26 kishi turli darajadagi tan jarohatlari olib, yaralangan.

Dushanbe esa o‘n nafar odam to‘qnashuvlar oqibatida talafot ko‘rgani, ikki kishi o‘qotar quroldan yaralanganini bildirgan.

Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan sudga qadar tergov jarayoni boshlangan, Bishkek Tojikistonni suv inshootini minomyot va pulemyotlar yordamida egallab olishga uringanlikda ayblamoqda. Qirg‘iziston chegara xizmati tojik tomoni konfliktni atayin yaratishga uringani va vaziyatni keskinlashtirishga harakat qilganini ta’kidlagan.

O‘z navbatida Dushanbe ham Qirg‘iziston hukumatini provokatsiyada ayblagan.

O‘t ochish to‘xtatildi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov vaziyat yuzasidan Xavfsizlik kengashining qisqa tarkibi ishtirokida yig‘ilish o‘tkazgan va unda Tojikiston bilan chegaradagi vaziyatni tinchlik yo‘li bilan hal etish haqida topshiriq bergan.

Qirg‘iziston va Tojikiston tashqi ishlar vazirlari 29-aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da o‘t ochishni to‘xtatish haqida kelishib oldi. Shuningdek, tomonlar chegara oldi hududlarida qo‘shma patrul tadbirlari va monitoring olib borish masalasini ham hal etib olgan.

Qirg‘iziston vazirlar mahkamasining matbuot xizmati chegara hududidagi vaziyat tufayli ikki davlat hukumat rahbarlari Qozonda Yevrosiyo hukumatlararo kengashining yig‘ilishi doirasida uchrashib, holatni muhokama qilishi haqida xabar bergan.

Nizoga nimalar sabab bo‘ldi?

Qirg‘iziston tomoni “Golovnoy” suv taqsimlash tarmog‘i Qirg‘iz Respublikasining strategik obyekti ekani va mamlakat hududida joylashganligini aytmoqda.

Dushanbe esa 1924–1927-yillardagi va 1989-yildagi xaritalarga ko‘ra “Golovnoy” to‘liq Tojikistonga qarashli deb hisoblaydi.

Ko‘p jihatdan ikki mamlakat o‘rtasidagi taxminan 980 kilometrlik bahsli hududning 580 kilometrga yaqin qismi delimitatsiya va demarkatsiya qilinishi kutilmoqda.

Nizo kelib chiqishidan bir necha kun oldin nimalar bo‘lgandi?

24-aprelda Qirg‘izistonning ikki nafar fuqarosi bedarak yo‘qoldi, ular Tojikiston bilan chegara hududida qurilishda faoliyat olib borgan. Keyinchalik ularni qo‘shni respublika huquq-tartibot idoralari hibsga olgani oydinlashdi. Qirg‘izistonda holat yuzasidan jinoiy ish ochilgan. 25-aprelda Tojikiston hibsga olingan fuqarolarni Qirg‘iziston hukumati ixtiyoriga topshirgan. Ikkala fuqaro ham Qirg‘izistonning Botken viloyati Leylek tumanida yashovchi kishilar bo‘lgan.

26-aprelda Tojikistonning Qirg‘izistondagi elchisiga norozilik notasi topshirildi. 28-aprelda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘izistonning mamlakatdagi elchisi Janish Rustenbekovga chegara hududida sodir bo‘lgan hodisa sabab norozilik notasi yo‘llagan.

“Qirg‘iziston elchisiga Tojikiston Tashqi ishlar vazirligining notasi topshirildi, unda Vorux tumani Isfara shahri Kulik jamoatidagi ikki nafar voyaga yetmagan tojikistonliklarga nisbatan Qirg‘iziston chegara xizmati vakillari tomonidan noqonuniy harakatlar amalga oshirilganidan xavotirda ekanligi bildirilgan”, – deyiladi Tojikiston TIV xabarida.