Bir vaqtning o‘zida xitoylik ikki insayder Samsung kompaniyasi yaqin kunlarda 200 megapikselli mobil sensorni taqdim etishi va u 2022-yilda sotuvga chiqadigan Galaxy S22 flagmanlariga o‘rnatilishini ma’lum qildi, deb yozadi Hi-Tech.Mail.ru.

Mobil kameralarni ishlab chiqaruvchilarda sensor o‘lchamini oshirishning ikki yo‘li bor — piksellar o‘lchamini kattalashtirish yoki ularning sonini oshirish. Samsung hozircha boshqa Android-smartfonlar ishlab chiqaruvchilar kabi ikkinchi yo‘ldan ketmoqda. Ikkala holatda ham asosiy maqsad — ko‘proq yorug‘lik tushishi va sifatli tasvir paydo bo‘lishida katta o‘lchamdagi sensorni qo‘lga kiritish.
Mish-mishlarga ko‘ra, 200 megapikselli Samsung kamerasi 0,64 mikrometrli piksellarga ega bo‘ladi — bu Galaxy S21 Ultra’dagi 108 megapikselli kameranikidan 0,8 mikrometrga kichik demak. Sensor deyarli ikki barobar oshirilishi hisobiga yangi kameraning o‘lchami 15 foizga kattalashadi.
Kichik o‘lchamdagi piksellarning 4 yoki 8 tasini birlashtirish imkonini beradigan texnologiya mavjud, ya’ni yuqori tiniqlik va yaxshi yoritilgan tasvirni 25 yoki 40 megapiksellada ham olish mumkin.
Zamonaviy smartfonlar bu kabi yechimdan foydalana oladi — Galaxy S21’dagi Exynos 2100 chipining o‘tkazish qobiliyati 200 megapikselli kamerada olingan tasvirni qayta ishlashga yetadi. Tez orada yangi avlod protsessorlari bu kabi suratlarni yanada tezroq qayta ishlashni o‘rganib oladi.Mavzuga doir: Samsung kompaniyasi kvant himoyaga ega Galaxy Quantum 2 smartfonini taqdim etdi
Avvalroq yechiladigan akkumulyatorga ega “o‘lmaydigan” smartfon — Samsung Galaxy XCover5 taqdim etilgani, suv o‘tkazmaydigan Samsung Galaxy A52 5G sotuvga chiqqani to‘g‘risida xabar berilgandi.







