Xo‘jand shahrida 2021-yilning 24-aprel kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda boshchiligidagi hukumat delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Foto: O‘zA

Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon o‘rtasidagi ochiq va konstruktiv muloqot ikki tomonlama aloqalarni ko‘p vektorli strategik sheriklikning yangi bosqichiga chiqishiga, ikki qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamfikrlik muhitini mustahkamlashga hissa qo‘shgani qayd etildi.

Tomonlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021-yilda Tojikistonga uyushtiriladigan tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish nuqtayi nazaridan ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash va yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Muzokaralar chog‘ida tovar aylanmasini yanada rivojlantirish uchun salohiyatli imkoniyatlar, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar, transport-kommunikatsiya va suv-energetika sohalarida hamkorlik qilish, mintaqalararo aloqalarni yanada rivojlantirish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Bundan avval Abdulla Aripov va Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkentdagi savdo obyektlarida karantin talablariga rioya etilishini o‘rgangani, Abdulla Aripov karantin qoidalariga rioya qilmayotgan davlat idoralari rahbarlarini tanqid qilgani hamda Abdulla Aripov Qozog‘iston bosh vaziri Asqar Mamin bilan uchrashgani haqida xabar berilgandi.