O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-fevral, dushanba kuni Jizzax viloyatining investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishgan edi. Taqdimotda jami 515 ta loyiha haqida ma’lumot berilgan. Loyihalarning umumiy qiymati 35,5 trillion so‘mni tashkil etadi.

Foto: “Gazeta.uz”

“Gazeta.uz”ning ma’lum qilishicha, ushbu loyihalar doirasida uchta kompaniya viloyatda avtomobil ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Bular — ADM Jizzakh, Auto Motors Asia hamda Jizzax avtomobil zavodi.

ADM Jizzakh

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri (KTYaDR) ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yil yanvarda ro‘yxatga olingan ADM Jizzakh avtozavodining yagona ta’sischisi Roodell tijoriy avtomobil va yengil transport chakana savdosi bilan shug‘ullanadi. O‘z navbatida, Roodell ulushlariga Mirbaxrom Asrorov (33,4 foiz), Doniyor Davlatyorov (33,3 foiz) va Murod-Mirza Sharipov (33,3 foiz) egalik qiladi.

Taqdimotga ko‘ra, 2020-yilda Roodell kompaniyasining ADM Jizzakh zavodida yengil avtomobillar ishlab chiqarishning ikkinchi bosqichini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Sentabrda mazkur maydonchada Kia, so‘ngra Lada va Renault avtomobillari taqdimotlari o‘tkazilgan edi.

Loyiha qiymati 700 milliard so‘m, ishlab chiqarish quvvati 100 ta avtomobilni tashkil etadi. Zavodda 860 ta ishchi o‘rni ochilishi kutilmoqda. Ishlab chiqarish uchun Koreya Eksimbanki kredit mablag‘larini ajratadi.

Roodell bosh direktori Doniyor Davlatyorov “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida zavodda birinchi bosqichda 195 ta operatsiyani amalga oshirgan holda yirik uzelli yig‘ish uslubida avtomobil yig‘ilishini ma’lum qildi. Ikkinchi bosqichda, 2022-yil oxirigacha, payvandlash, kuzovlarni bo‘yash va CKD-yig‘ish sexlarini ishga tushirish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan.

“Ikkinchi bosqichda biz butunlay boshqa avtomobilni chiqaramiz, hozirda u hech qayerda yo‘q. U MDHda namoyish etilmagan. U O‘zbekiston hududida butun mintaqa uchun eksklyuziv ravishda ishlab chiqariladigan yangi Kia mahsuloti bo‘ladi… Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, u hamyonbop avtomobil bo‘lib, eksport ham qilinadi”, — deya ta’kidladi Doniyor Davlatyorov.

Auto Motors Asia

KTYaDR ma’lumotlariga ko‘ra, Auto Motors Asia 2020-yil 25-fevralda ro‘yxatga olingan. Asosiy faoliyat turi — motorli transport vositalarini ishlab chiqarish. Yagona ta’sischi va rahbar — Eldor Abdurasulov.

Auto Motors Asia kompaniyasi 2021-yilda Jizzaxda mikroavtobuslar, tijoriy avtomobillar va yuk mashinalarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga tayyorlanmoqda.

Ishlab chiqarish quvvati yiliga 27 mingta avtomobilni tashkil etib, 174,7 milliard so‘m miqdorida sarmoya kiritiladi. 500 ta yangi ish o‘rni ochilishi kutilmoqda.

Jizzax avtomobil zavodi

Jizzax avtomobil zavodi 2017-yil 23-may kuni ro‘yxatga olingan. Zavodga “O‘zavtosanoat” tomonidan tijoriy texnikalar ishlab chiqaruvchi korxonalarni boshqarish uchun tashkil etgan boshqaruvchi kompaniya — Uzauto Commercial Vehicles Management egalik qiladi.

Jizzax avtomobil zavodi 2021-yilda Volkswagen tijoriy avtomobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha ikkinchi loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Loyihaviy quvvati yiliga 20 mingta avtomobilni, sarmoya hajmi 1,44 trillion so‘mni tashkil etadi. 500 ta yangi ish o‘rnini ochish rejalashtirilmoqda.

Iyul oyi oxirida O‘zbekistonda birinchi Volkswagen dilerlik markazi ochilib, yengil Caddy tijoriy avtomobillarini sotish boshlangan edi.

Taqdimotga ko‘ra, uchta loyihaga 99,5 million dollar miqdorida xorijiy investitsiya jalb qilinadi. Mahsulot ishlab chiqarish hajmi 22,2 trillion so‘mni, budjetga tushumlar 2,5 trillion so‘m, eksport 237 million dollarni tashkil etishi mumkin.

Buning uchun “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi (EIZ)ga zarur infratuzilmalar qurilishi uchun 80 milliard so‘m ajratish rejalashtirilmoqda.

Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev Moskvaning bir qator universitetlari bilan hamkorlikda xususiy universitet qurilayotganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, yoshlarning takliflariga asoslanib, avtomobil sanoati rivojlanib borayotgan viloyatda Jizzax politexnika instituti bilan hamkorlikda Toshkentdagi Turin politexnika universitetining fakultetini ochish rejalashtirilmoqda.

Bundan avval O‘zbekistondagi bir nechta kompaniyalar 2021—2023 yillarda avtomobillar, pikaplar, yuk mashinalari, mikroavtobuslar va boshqa avtomobillarni ishlab chiqarish va yig‘ishni yo‘lga qo‘ymoqchi ekanligi haqida xabar berilgan edi.