Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanidagi maktabning 10-sinfida tahsil oluvchi o‘quvchiga bir yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Bu haqda “Daryo”ga Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudi sudyasi Boborahim Ochilov ma’lum qildi.

Xabar berilishicha, voyaga yetmagan A.I. 2020-yilning 17-dekabr kuni mahalla markazida joylashgan qurilishi tugallanmagan binoga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, kuzatuv kameralarining simini uzib tashlagan. Va bino ichidagi eshigi qulflanmagan xonaga kirib, 5 million 180 ming so‘mlik 2 dona kuzatuv kamerasi, 1 dona bolgarka, 1 dona drel, 2 dona vibrator, 1 dona arava hamda 2 dona AKFA eshiklarini o‘g‘irlab, savdo majmuasining orqa tomonidagi ochiq joy orqali voqea joyidan ketgan.

“Voyaga yetmagan o‘smir jinoyati bilan bog‘liq sud 2021-yilning 11-yanvarida bo‘lib o‘tdi. Unda 2004-yilda G‘ijduvon tumanining ‘Degrezon’ mahallasida tug‘ilgan o‘quvchi bola qilmishi ko‘rib chiqilib, Jinoyat kodeksining 169-moddasi, 2-qismining “g” bandi (uy-joy, omborxona yoki boshqa xonaga g‘ayriqonuniy ravishda kirib sodir etilgan o‘g‘rilik) bilan ayblandi. Avvaliga aybini tan olmagan o‘smir huquq-tartibot organlari o‘rganuvidan so‘ng to‘g‘ri tushuntirishlar olib borilgach, aybiga iqror bo‘ldi”, — deydi Boborahim Ochilov.

Ta’kidlanishicha, mulk egasi “Dunyo” savdo majmuasi rahbari tomonidan tuman ichki ishlar bo‘limiga kelib tushgan murojaat o‘rganilganda, eshikdan kirayotganda kameraga tushib qolgan o‘smir qonuniy vakili hamda himoyachisi ishtirokida so‘roq qilingan. Avvaliga faqatgina bolgarkani o‘g‘irlab, uni o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan fuqaroga 100 ming so‘mga sotganini bildirgan o‘smir boshqa buyumlarni o‘g‘irlamagani haqida ko‘rsatma bergan. Surishtiruv-tergov jarayonlarida esa A.I. qolgan buyumlarni ham o‘zi o‘g‘irlaganini tan olgan.

“Voyaga yetmagan o‘smir o‘z aybiga to‘la iqror bo‘ldi. Og‘riqli jihati, u hali maktab o‘quvchisi. Onasi Rossiyada, otasi esa jazoni o‘tash muassasasida jazo muddatini o‘tayotgan ekan. Shu sababli ammasi M.N. bilan oilaviy og‘ir sharoitda yashab kelayotgan o‘smir jinoyat yo‘liga kirgan. Shu jihatdan sud hukmini chiqarishda uning hali o‘smir yoshdaligi, oilaviy sharoiti, fuqaroga yetkazilgan moddiy zararlar to‘liq qoplangani, shuningdek, R.J.ning unga nisbatan hech qanday moddiy va ma’naviy da’vosi yo‘qligi inobatga olindi. O‘smirga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo qo‘llanildi”, — deydi sudya.

Sud hukmiga ko‘ra, voyaga yetmagan o‘quvchi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismining “g” bandi (uy-joy, omborxona yoki boshqa xonaga g‘ayriqonuniy ravishda kirib sodir etilgan o‘g‘rilik) bilan aybli deb topilib, unga 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.