Samarqand viloyati hududida 2020-yil sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari soni 2019-yilga nisbatan 64 taga kamaygan. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB YXHB boshlig‘i o‘rinbosari Abdunabi To‘rayev ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, 2019-yilda viloyatdagi YTHlar soni 857 tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2020-yilda bu ko‘rsatkich 793 tani ko‘rsatgan.
“Tan jarohati bilan bog‘liq yo‘l transport hodisalari 46 taga (616—570), o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari 18 taga (241—223) kamayishiga erishilgan”, — deydi Abdunabi To‘rayev.
Tahlillarga ko‘ra, sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarining 339 tasi piyodalarni urib yuborish, 241 tasi to‘qnashuv, 52 tasi ag‘darilish, 99 tasi velosipedchini urib yuborish, 44 tasi biror to‘siqqa borib urilish, 13 tasi boshqa turdagi yo‘l-transport hodisalarini tashkil etgan.
Yo‘l-transporti hodisalarining 97 tasi soat 00:00 dan 08:00 gacha, 289 tasi soat 08:00 dan 16:00 gacha, 402 tasi soat 16:00 dan 24:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida sodir etilganligi qayd etilgan.








