Toshkentning Uchtepa tumanida masofa saqlamaslik oqibatida uchta Matiz, Damas va Nexia ishtirokida yirik YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda YHXBB matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: YHXBB matbuot xizmati

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 13-yanvar kuni soat 11:00 larda, Foziltepa ko‘chasidagi “Bog‘ishamol” istirohat bog‘i ro‘parasida yuz bergan.

Matiz’ni haydab ketayotgan 21 yoshli haydovchi I.F. oraliq masofani saqlamagani oqibatida svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtab turgan 29 yoshli X.R. boshqaruvidagi Damas’ga urilgan. Zarb oqibatida Damas o‘zidan oldinda to‘xtab turgan A.A. boshqaruvidagi Matiz’ga, u esa zarb oqibatida o‘zidan oldinda to‘xtab turgan Sh.Ya. boshqaruvidagi yana bir Matiz’ga, ushbu Matiz esa undan oldinda to‘xtab turgan Sh.I. boshqaruvidagi Nexia’ning orqa tomoniga urilgan.

Foto: YHXBB matbuot xizmati

YTH oqibatida masofa saqlamagan Matiz haydovchisi 22 yoshli I.F. va Damas rusumli avtomobil haydovchisi 29 yoshli X.R.ga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Foto: YHXBB matbuot xizmati

Mazkur YTH yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.