Moskva meri Sergey Sobyanin koronavirus infeksiyasi tarqalishi tufayli joriy qilingan bir qator cheklov choralari 2021-yil 15-yanvargacha uzaytirilishini e’lon qildi, deb yozadi Meduza.

Foto: “TASS”

Mer farmoniga ko‘ra, 65 yoshdan kattalar va surunkali kasalliklari bor odamlarga uy rejimiga rioya qilish tavsiya etiladi. Poytaxtdagi korxona va tashkilotlar o‘z xodimlarining kamida 30 foizini masofadan ishlashga o‘tkazishi kerak. Bundan tashqari, yanvar o‘rtalarigacha shahardagi bolalar uchun dam olish maskanlari yopiq bo‘ladi.

Bu cheklovlar sentabr oxirida Moskvada COVID-19’ga chalinishning ikkinchi to‘lqini boshlanganidan keyin kiritilgan, so‘ng bir necha marta uzaytirilgan edi.

“Ushbu rejimda biz kelayotgan 1,5 oy davomida yashashimiz kerak bo‘ladi. Va hatto Yangi yilni ham biz oilaviy bayram sifatida — kichik davrada nishonlaymiz. Ammo shu bilan birga, sanoat korxonalari, biznes, do‘konlar, xizmat ko‘rsatish sohasi o‘z ishini davom ettiradi. Ko‘rilgan choralar sharofati bilan hozircha pandemiyaning bahordagidek og‘ir tus olib, hamma joylar yopiladigan holatdan uzoqdamiz”, — dedi mer.

Avvalroq Moskvada OTMlar talabalari va katta sinf o‘quvchilari masofaviy ta’limga o‘tkazilgan edi. Shuningdek, shaharda restoran va klublarning tungi vaqtda ishlashi taqiqlangan, teatr, kinoteatr va konsert zallarida tomoshabinlarning maksimal soni cheklangan (zalning umumiy sig‘imining 25 foizidan oshmasligi kerak), hamda tomoshabinlar ishtirokida madaniy, ko‘ngilochar va ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish to‘xtatilgan edi, hukumat tashkillashtiradigan tadbirlar bundan mustasno. Bu cheklovlarning barchasi 2021-yil 15-yanvargacha amal qiladi.