Futbol ishqibozi uchun sevimli jamoasining g‘alabasidan-da yaxshiroq narsa bo‘lmasa kerak, ayniqsa, u qadrdon stadionda qo‘lga kiritilsa. Muxlislar uchun esa o‘z jamoasi mezbonlik o‘yinlarini o‘tkazadigan stadionlar xuddi o‘z uyidek bo‘lib qolgan.

Darhaqiqat, hozirda o‘zgacha did bilan bunyod etilgan stadionlar shu qadar ko‘pki, ularni birma-bir sanab chiqishga vaqt kamlik qiladi. Shunday bo‘lsa-da, imkon qadar eng noodatiy va go‘zal stadionlar jamlanmasini e’tiboringizga havola etishga qaror qildik.

Birinchi may stadioni (Pxenyan, KXDR, 1989-yil)

Foto: Google Photos

114 ming tomoshabinga mo‘ljallangan ushbu stadion dunyodagi eng katta o‘yingoh hisoblanadi. Egri arkalar va tom qismingning shakli tufayli arena oppoq gulni eslatadi.  Mazkur ulkan inshootni esa bir necha kilometr uzoqlikdan ham bemalol payqash mumkin.

Foto: Google Photos

“Marakana” (Rio-de-Janeyro, Braziliya, 1950-yil)

Foto: Google Photos

Uzoq vaqt davomida dunyodagi eng katta deb hisoblangan afsonaviy stadion bir paytlar o‘z bag‘riga naq 200 ming tomoshabinni sig‘dira olgan. Biroq rekonstruksiyadan so‘ng o‘rindiqlar soni 78 838 taga kamaytirildi.

Foto: Google Photos

Arena rasmiy ravishda “Mario Filho” deb nomlanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, loyihaning qurilishiga ulkan hissa qo‘shgan jurnalist sharafiga stadionga uning nomi berilgan ekan. Stadion bo‘ylab bir qancha ta’mirlash ishlari olib borilgan, ulardan eng oxirgisi 2012-yilga to‘g‘ri keladi.

“Oranj Velodrom” (Marsel, Fransiya, 1937-yil)

Foto: Google Photos

Garchi u avvalgi ko‘rinishini yo‘qotgan bo‘lsa-da, ushbu stadion ro‘yxatdagi eng qadimgisi hisoblanadi. 2014-yilgi ta’mirdan so‘ng tribunalar ustida paydo bo‘lgan o‘ziga xos geometrik relyef juda ulug‘vor ko‘rinishga ega. “Oranj Velodrom”da mahalliy “Marsel” klubi o‘z o‘yinlarini o‘tkazadi. Arena o‘z bag‘riga bir vaqtning o‘zida 67 ming tomoshabinni sig‘dira oladi.

Foto: Google Photos

“Arena da Amazoniya” (Manaus, Braziliya, 2013-yil)

Foto: Google Photos

Arena 2014-yilgi Jahon Chempionati uchun maxsus qaytadan qurilgan. Uning dizayni ushbu nomga mos kelib, tashqi panellaridagi naqshlar shakli Amazoniya o‘rmonlarida yashovchi anakondalar terisini eslatadi.

Foto: Google Photos

Arenaning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji qisman quyosh batareyalari bilan qoplanadi, shuningdek, yomg‘ir suvlarining ham stadion ehtiyojlari uchun ishlatilishi yo‘lga qo‘yilgan. Stadion 44 ming tomoshabinga mo‘ljallangan.

“Milliy stadion” (Pekin, Xitoy, 2008-yil)

Foto: Google Photos

“Qush uyasi”. Xitoy milliy stadioni tashqi ko‘rinishi sabab norasmiy ravishda aynan shunday nom olgan. O‘z tuzilishi va assimetrik yumaloq fasadi bilan arena chindan ham qush uyasiga o‘xshaydi. Tunda esa stadion hayratlanarli tusga kiradi. “Qush uyasi”da 80 ming kishi sevimli jamoasi o‘yinini jonli kuzatishi mumkin.

Foto: Google Photos

“Alyans Arena” (Myunxen, Germaniya, 2005-yil)

Foto: Google Photos

“Bavariya” klubi uy o‘yinlarini o‘tkazadigan “Alyans Arena” BPRO EXPERT talqiniga ko‘ra, dunyoning eng chiroyli stadioni deb topilgan. Uning tashqi tomoni xuddi havo bilan to‘ldirilgan yostiqchalarni eslatadi. Kechqurun ushbu yostiqchalar “Bavariya” o‘ynayotganda qizil, Germaniya terma jamoasi bahs olib borayotganda esa oq rangga burkanadi. Arenaga 75 ming muxlis tashrif buyurishi mumkin.

Foto: Google Photos

“Kamp Nou” (Barselona, Kataloniya/Ispaniya, 1957-yil)

Foto: Google Photos

“Barselona” klubining uy stadioni bo‘lgan stadion sig‘imi jihatidan Yevropadagi eng kattasi hisoblanadi. Arena 1957-yilda birinchi uchrashuvni o‘tkazganida uning sig‘imi 90 ming  muxlisga mo‘ljallangan edi. Shundan so‘ng, 1982-yilgi Jahon Chempionati uchun o‘rindiqlar soni 120 mingtaga ko‘paytirildi. Bugunga kelib esa stadionga 99 ming nafar tomoshabin tashrif buyurishi mumkin.

Foto: Google Photos

Arena hozirgi “Kamp Nou” (katalon tilidan “yangi yer” yoki “yangi stadion” deb tarjima qilinadi) nomini 2001-yilda olgan. Ungacha stadion “Barselona” stadioni deb nomlangan.

“Santyago Bernabeu” (Madrid, Ispaniya, 1947-yil)

Foto: Google Photos

“Kam Nou”dan so‘ng “Bernabeu”ni yodga olmasak, “Real” muxlislari uchun adolatsizlik bo‘lardi. XX asrning eng yaxshi futbol klubi uy arenasi va Ispaniya poytaxtining o‘ziga xos tashrif qog‘ozi bo‘lgan “Santyago Bernabeu” o‘tgan asrning birinchi yarmida qurilgan bo‘lib, dastlab u “Nuevo Chamartin” deb nomlangan. Arena faqat 1955-yilga kelibgina “Real Madrid” sobiq o‘yinchisi va prezidenti sharafiga hozirgi nomini olgan. Dastlab stadion 125 ming kishiga mo‘ljallangan edi. 2011-yilgi rekonstruksiya ishlaridan keyin u 84 ming muxlisni o‘z bag‘riga sig‘dirayotgandi. Ayni damda esa arenada yana ta’mirlash ishlari ketmoqda. Ko‘ramiz, bu stadionning sig‘imiga qanchalik ta’sir o‘tkazar ekan.

Foto: Google Photos