O‘zbekistonlik UFC jangchisi Mahmud Murodovda (24-6) koronavirus aniqlangani sabab uning Kevin Hollandga (19-5) qarshi jangi bekor qilindi. Bu haqda sportchining o‘zi Instagram sahifasida ma’lum qildi.

Foto: Instagram / @makhmud_muradov

Assalomu alaykum, xayrli kun barchaga!

Afsuski, sizlarga noxush xabarni yetkazishimga to‘g‘ri kelmoqda. 31- oktabrdagi jangim bekor qilindi, chunki COVID-19’ga topshirgan testim ijobiy natijani ko‘rsatdi. Hammasi Qodir Allohning irodasi bilan! Alhamdulilloh, har qanday vaziyatda qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun barchangizga rahmat. O‘zingiz va yaqinlaringizni asrang.

Mahmud Murodov, UFC jangchisi

Mahmud 31-oktabr sanasida Las-Vegasda bo‘lib o‘tadigan UFC kechasida Kevin Hollandga qarshi o‘tkazishi kerak edi. Qayd etish o‘rinli, Murodov aslida ushbu kechada Kshishtof Yotkoga (22-4) qarshi jang qilishi lozim bo‘lgan, biroq polshalik sportchining jarohat sabab safdan chiqqani tufayli uning o‘rnini Holland egallagandi.

Eslatib o‘tamiz, Mahmud Murodov UFC’da hozirgacha ikkita jang o‘tkazgan. U UFC’dagi debyut jangida italiyalik Alessio di Kirikoni (12-4, 9 KO) ochkolar hisobiga ko‘ra, ikkinchi jangida Trevor Smitni (15-10, 10 KO) uchinchi raundda nokaut evaziga mag‘lubiyatga uchratgan.

Mahmud Murodovning UFC’dagi barcha janglarini bu yerda tomosha qilish mumkin — video.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!