Kanberralik radioboshlovchi Annabel Brett Tesla mobil dasturi yordamida nafaqat elektrokari o‘g‘irlanishining oldini oldi, balki politsiyaga o‘g‘rilarni tushishga ham yordam berdi, deb yozadi Motor.

Foto: Facebook / 9Now

O‘tgan hafta Brettning smartfoniga Model 3 mashinasining signalizatsiyasi ishlab ketgani to‘g‘risida xabar kelgan. Ayol ishxonada bo‘lgani sabab do‘stidan elektrokaridan xabar olib qo‘yishni so‘ragan, biroq mashina o‘z joyida bo‘lmagan.

Shunda Brett avtomobilning joylashgan o‘rnini kuzatuvchi Tesla mobil ilovasini ochib, o‘g‘rilar hali uzoqqa ketmaganini ko‘rgan. Ayol politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zining Tesla’si o‘g‘irlanganini ma’lum qilgan va do‘stining mashinasida ularning ortidan tushgan.

Foto: Facebook / 9Now

“Mobil dastur masofadan turib avtomobil harakatini sekinlatish va hatto u bilan biroz ‘o‘ynash’ imkonini beradi. O‘g‘rilarni ta’qib qilish vaqtida men Tesla oynalarini tushirib-ko‘tarib, ovozli signalni muntazam yoqib ularga bor imkoniyatim bilan xalaqit berdim”, — deydi Brett.

Foto: Tesla

Omadsiz o‘g‘rilar oradan biroz vaqt o‘tgach Tesla’ni tashlab, qochib ketgan. Ammo ular huquq-tartibot xodimlaridan yashirinishga ulgurmagan: o‘g‘rilardan biri elektrokar salonida haydovchilik guvohnomasi va uyining manzili yozilgan konvertni tushirib qoldirgan. Bundan tashqari, Model 3’ning bort kamerasi jinoyatchilarni videoga ham olgan. Natijada o‘g‘rilar tezda topilib, qo‘lga olingan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning may oyida Kaliforniyada Tesla egasi mashinasini o‘g‘irlashga uringan shaxsni smartfon yordamida salonga qamab qo‘ygandi.