Zambiya defolt holatini e’lon qilgan birinchi Afrika mamlakati bo‘lishi mumkin. Butun boshli mamlakatning bankrot bo‘lishiga koronavirus pandemiyasi sababchi bo‘ldi, deb xabar beradi Financial Times.

Foto: “RIA Novosti”

Agar Zambiyaning uch milliard dollarlik obligatsiyalariga egalik qiluvchi investorlar Janubiy Afrika davlatining to‘lovlarni to‘xtatib turish haqidagi iltimosini rad etsa, mamlakat xonavayronlik yoqasida qoladi. Defolt xavfiga qaramay, obligatsiyaga egalik qiluvchilar Zambiya hukumatining iltimosini rad etmoqchi, chunki barcha kreditorlarga ham bir xil munosabat ko‘rsatilmaydi.

Bundan tashqari, obligatsiyalar egalari Zambiya makroiqtisodiy disbalansni bartaraf etish bo‘yicha o‘z rejalari haqidagi ma’lumotni yetarli darajada oshkor qilmaganidan norozi. To‘lash muddati 2024-yilgacha bo‘lgan mamlakat obligatsiyalari defolt haqida ogohlantirilgandan keyin uch foizdan ko‘proqqa tushib ketdi.

Iyul oyida Amerikaning Fitch Ratings agentligi 2020-yilning olti oyi bo‘yicha 33 ta mamlakatning suveren  reytingini pasaytirdi, bu rekord ko‘rsatkich bo‘ldi. Koronavirus pandemiyasi fonida yuzdan ortiq mamlakat aprel oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasiga murojaat qilib, moliyaviy inqirozni yengish uchun shoshilinch kredit yordami berishni so‘ragan edi. Ularning o‘nlab nafari defolt yoqasida qolgan. Avgust oyida koronavirus pandemiyasi Yevropa iqtisodiyotini 10-20 yil ortga surgani ma’lum qilingan edi.

Shuningdek, karantin sababli Hindiston iqtisodiyoti qulagani xabar berildi. Hindiston iqtisodiyoti 2020-yilning aprel—iyun oylarida 2019-yilning shu davriga nisbatan 23,9 foizga pasaydi. Germaniya kansleri Angela Merkel esa mamlakat iqtisodiyoti koronavirus tufayli yangi cheklovlarga tayyor emasligini aytdi.