O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, adabiyotshunos olim To‘ra Mirzayev 29-sentabr kuni 84 yoshida vafot etgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Senat raisi Tanzila Norboyeva, Qonunchilik palatasi raisi Nurdinjon Ismoilov, bosh vazir Abdulla Aripov, Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yo‘ldoshev adabiyotshunos olimning vafoti munosabati bilan o‘z hamdardligini bildirdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

To‘ra Mirzayev

Foto: “Natlib.uz”

To‘ra Mirzayev 1936-yil 6-martda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug‘ilgan. U 1957-yilda Buxoro davlat pedagogika institutini tugatib, mehnat faoliyatini Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanidagi 22-o‘rta maktabda o‘qituvchi sifatida boshlagan. To‘ra Mirzayev 1961—1963-yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil olgan, 1965-yilda nomzodlik, 1986-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. U 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylangan.

Iste’dodli olim o‘zining qariyb 65 yillik ilmiy-pedagogik va tashkilotchilik faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti katta ilmiy xodimi, sektor mudiri, direktori, Fanlar akademiyasining ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha vitse-prezidenti, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining yetakchi ilmiy xodimi kabi lavozimlarda samarali mehnat qilgan, O‘zbekistonda adabiyotshunoslik, folklorshunoslik fanlari sohasidagi dolzarb masalalarni tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shgan.

Akademik o‘zbek xalq og‘zaki badiiy ijodiyotini keng ko‘lamda tadqiq etish borasida ilmiy maktab yaratgan, eposshunoslikning nazariy va amaliy masalalariga doir ko‘plab asarlari nafaqat mamlakat, balki chet ellarda ham e’tirof etilgan taniqli folklorshunos olim edi.

Ayniqsa, uning rahbarligi va ishtirokida tayyorlangan 15 jildlik “O‘zbek folklori va adabiyoti tarixi” ilmiy-amaliy to‘plami, “Alpomish” dostoni, “O‘zbek xalq maqollari”ning akademik nashrlari, shuningdek, olimning ko‘p jildlik “O‘zbek xalq ijodi”, “O‘zbek folklori ocherklari”, “O‘zbek xalq ijodi bo‘yicha tadqiqotlar” kabi kitoblari, ko‘plab ilmiy maqolalari, kitob va monografiyalari milliy adabiyot va madaniyat xazinasiga munosib hissa bo‘lib qo‘shilgan.

Jonkuyar ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan zahmatkash olimning bevosita rahbarligida o‘nlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlangan.

Akademik To‘ra Mirzayevning O‘zbekiston ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlat tomonidan munosib taqdirlangan. U Beruniy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti, “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni, “Fidokorona xizmatlari uchun” va “Do‘stlik” ordenlariga sazovor bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, falsafa, adabiyot va pedagogika fanlari bo‘yicha taniqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Jumanazar Bazarbayev 25-sentabr kuni 87 yoshida vafot etgandi. Tibbiyot fanlari doktori, professor Nazira Salohova 77 yoshida vafot etgani haqida ham xabar berilgandi.