Farg‘ona viloyatida tegishli hujjatlari bo‘lmagan 9-sinf o‘quvchisi boshqargan Labo avtomobili qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan traktor tirkamasiga borib urilib, yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan, deya xabar beradi YHXBB.

Kadr: Telegram/YHXBB

Qayd etilishicha, 2020-yil 14-sentabr kuni soat 13:45 larda Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida “Tinchlik shaharcha” MFY hududidan o‘tgan 4R -148B avtomobil yo‘lining 5-kilometrida Bag‘dod tumani Chuvalachi qishlog‘ida yashovchi 2004-yilda tug‘ilgan Bag‘dod tumani 22-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Oltiariq tumani “Tinchlik shaharchasi” MFYda yashovchi 1970-yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli davlat raqam belgisi 40R988GA bo‘lgan Labo rusumli avtomobilni tegishli hujjatlarsiz boshqarib ketayotib tajribasizligi sababli rul boshqaruvini yo‘qotgan.

Natijada avtomashina qarama-qarshi yo‘nalishga otib ketib, shu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan Oltiariq tumani “Bo‘ston” MFY yashovchi 1983-yilda tug‘ilgan Rahmatjon O‘rinboyev boshqaruvidagi davlat raqam belgisi 40 300SA bo‘lgan “T-28H4” rusumli traktor tirkamasiga urilib, YTH sodir qilgan.

Kadr: Telegram/YHXBB

“O‘zimning yo‘limda kelayotgandim. Orqani ko‘rsatuvchi oynadan mashina tirkamaga kelib urilganini ko‘rdim”, – deydi traktor haydovchisi.

Sodir etilgan YTH oqibatida Labo avtomashinasi boshqaruvida bo‘lgan voyaga yetmagan maktab o‘quvchisi olgan tan jarohatlari tufayli Oltiariq tumani markaziy shifoxonasiga yotqizilgan.

Kadr: Telegram/YHXBB

“Mazkur YTH shu kuni voqea sodir bo‘lgan joyning o‘zida mahalla fuqarolari, yoshlar va boshqalar ishtirokida muhokama qilinib, kelgusida bu kabi holatlarning oldini olish borasida tavsiyalar berildi”, – deyiladi xabarda.