Daryo

Qibrayda 1933-yilda qurilgan Qodiriya GES modernizatsiya qilindi

Modernizatsiya ishlari yakunlanganidan so‘ng GESning umumiy quvvati 15,34 megavattga yetkazildi

1 daqiqa o‘qish46 500 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Energetika vazirligi

Toshkent viloyati Qibray tumanida 29-iyul kuni Chirchiq—Bo‘zsuv suv-energetik traktidagi “Qodiriya GESlar kaskadi” unitar korxonasi tarkibidagi Qodiriya GES-3 stansiyasida olib borilgan modernizatsiya jarayonlari yakunlari hamda ushbu GESning ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Foto: Energetika vazirligi

Qayd etilishicha, 1933-yilda qurilgan mazkur GESning o‘rnatilgan umumiy quvvati 13,2 megavattdan iborat. Qariyb 85 yildan buyon ishlab kelayotgan GESning 4 ta agregati ishlash quvvatini samaradorligini yo‘qotib, ta’mirga muhtoj bo‘lib qolgan edi.

Mazkur GESni modernizatsiya qilish O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2017-yilda qabul qilingan tegishli qarori asosida amalga oshirilgan. 2017-yilning dekabr oyida belgilangan loyiha asosida qurilish ishlari boshlangan. Qariyb uch yil mobaynida GESda investitsiyaviy loyihalar asosida bosqichma-bosqich modernizatsiya ishlari olib borildi.

Reja asosidagi modernizatsiya ishlari mobaynida GESda qurilish-montaj, texnik qurilmalarni yig‘ish va o‘rnatish, ehtiyot qismlarni butlash ishlari olib borilgan.

Foto: Energetika vazirligi

Asosiy gidrotexnik jihozlar Xitoyning Dongfang Electric International Corporation kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Ushbu texnik jihozlash, texnik qurilmalarni yig‘ish, ehtiyot qismlarni butlash ishlari xorijiy va mahalliy mutaxassislar tomonidan amalga oshirildi.

Loyihalashtirish ishlari tizim tashkiloti hisoblangan “Gidroproyekt” aksiyadorlik jamiyatining mutaxassislari tomonidan bajarildi. Yana bir tizim tashkiloti hisoblangan “Suvsanoatmash” kompaniyasi tomonidan modernizatsiya jarayonida ishlatiladigan zarur texnik jihozlar yetkazib berildi. Shuningdek, “O‘zbekgidroenergoqurilish” kompaniyasi tomonidan o‘ziga ajratilgan obyektlarda qurilish ishlari amalga oshirildi.

Modernizatsiya ishlari yakunlanganidan so‘ng GESning umumiy quvvati 15,34 megavattga yetkazildi. GESning yillik o‘rtacha elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 124 million kilovatt/soatga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.

Mavzuga doir: O‘zbekistonda 2020-yilda 4 ta GES qurish va modernizatsiya qilish boshlanadi

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar