Daryo

Toshkent tumanida Malibu-2’ni yoqib yuborgan ayol qo‘lga olindi

Ayol 18-iyun kuni soat taxminan 04:30 da Toshkent tumani “Fayzobod” MFY hududida joylashgan fermer xo‘jaligi dala maydoni yaqinida Malibu-2’ni yoqib yuborgan

1 daqiqa o‘qish281 922 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Toshkent viloyati IIBB

Ijtimoiy tarmoqlarda 18-iyun kuni noma’lum shaxs tomonidan Malibu-2 avtomobili yoqib yuborilgani aks etgan video tarqaldi. Toshkent viloyati IIBB avtomobilni yoqib yuborgan shaxsni aniqladi.

Foto: Toshkent viloyati IIBB

Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyati va poytaxt IIBB xodimlari tomonidan hamkorlikda olib borilgan tezkor surushtiruv ishlari davomida Malibu-2’ni yoqib yuborganlikda gumonlangan va unga aloqador bo‘lgan shaxs aniqlandi va ushlandi.

Aniqlanishicha, 2020-yilning 1-iyun kuni Lessor car MChJ rahbari Bahodir N. tanishi 38 yoshli Ulug‘bek M.ga davlat raqam belgisi 01 757 MDA bo‘lgan Malibu-2 avtomashinasini sotib berishini so‘rab, undan 5 million so‘m boshlang‘ich badal puli olgan. Shundan so‘ng 2-iyun kuni Ulug‘bek M.ning tanishi Mirzo Ulug‘bek tumanida vaqtincha yashovchi, 1994-yilda tug‘ilgan gulistonlik Z.B. (ayol) Ulug‘bekdan shaxsiy ishi uchun mazkur avtomashinani ma’lum muddatga so‘ragan. Z.B. mashinani olib ketib, qaytarib olib kelmagan.

Foto: Toshkent viloyati IIBB

Toshkent viloyati IIBBning ma’lum qilishicha, Z.B. 18-iyun kuni soat taxminan 04:30 da Toshkent tumani “Fayzobod” MFY hududida joylashgan fermer xo‘jaligi dala maydoni yaqinida Lessor car MChJ balansidagi 2019-yilda ishlab chiqarilgan Malibu-2’ni yoqib yuborgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent tumani IIB tomonidan fuqaro Z.B.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 173-moddasi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) 2-qismi “v” bandi, 227-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 1-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Mavzuga doir: 
Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar