Daryo

Shavkat Mirziyoyev koronavirusga chalinganlar sonining ortishini joylarda nazorat susaygani bilan bog‘ladi

Bugungi kunda O‘zbekistondagi 40 ta tuman va shahar “qizil” zonaligicha qolmoqda

2 daqiqa o‘qish65 128 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev aholi orasida koronavirusga chalinish holatlarining ortib ketishini joylarda nazoratning susaygani bilan bog‘ladi. Bu haqda Prezident 26-may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Keyingi kunlarda respbulikamizda koronavirus bilan kasallaganlar soni ko‘payganini hammamiz ko‘rib turibmiz. Iqtisodiyotimizni tiklash nuqtayi nazaridan, biz karantinni yumshatdik, lekin ko‘p fuqarolarimiz, joylardagi mutasaddi tashkilotlar kasallik tugadi deb qabul qilishyapti. O‘zbekiston hududida hali karantin tugamagan”, — deydi mamlakat rahbari.

Bugungi kunda O‘zbekistondagi 40 ta tuman va shahar “qizil” zonaligicha qolmoqda, “sariq” hududlar esa 45 tani tashkil etmoqda. So‘nggi 10 kun ichida aholi orasida infeksiyaga chalinish holatlarida o‘sish kuzatildi. Xususan, Navoiyda 57 kishida, Samarqandda 73 kishida, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 114 kishida koronavirus aniqlangan.

“Bular xorijdan kelganlar emas. Bu hokimlar va mutassadi tashkilot rahbarlari ‘jilovni qo‘yib yuborgani’ sabab yuzaga kelmoqda”, — deya qayd etadi Prezident.

Shavkat Mirziyoyening so‘zlariga ko‘ra, ayniqsa, bozorlar, savdo komplekslari va banklarda ijtimoiy masofalanishga amal qilmaslik, ko‘cha-ko‘yda tibbiy niqob taqmasdan yurish, uylarda turli tadbirlar o‘tkazish holatlari aniqlanmoqda.

“Agarda biz karantin choralariga e’tibor qaratmaydigan bo‘lsak, bu odamlarimizga, ayniqsa, qariyalar, ota-onalarimizga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Eng qo‘rqinchli tomoni, kasallik Toshkentdagi bozorlar, dorixonalar, banklarda aniqlanmoqda. Bu nimadan dalolat beradi? Yana bir bor aytaman: kasallik tugadi deb, hamma narsani tashlab qo‘yayapmiz”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari bunday vaziyat O‘zbekistonda COVID-19’ni aniqlash, uning oldini olish va davolash bo‘yicha olib borilayotgan barcha sa’y-harakatlarni yo‘qqa chiqarishi mumkinligini ta’kidladi.

“Har bir korxona rahbariga, shahar, tuman, viloyat hokimiga bitta narsani bildirmoqchiman: qaysi hudud shu masalalarga qattiqqo‘llik bilan e’tibor bermasa, ertaga tumanni, shaharni, viloyatni ham yopib qo‘yishga majbur bo‘lamiz”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.

Avvalroq Prezident “qizil” va “sariq” hududlarda kunlik test olish sonini oshirish haqida ko‘rsatma bergandi.

Mavzuga doir: Toshkent viloyatidagi “qizil”, “sariq” va “yashil” hududlar ro‘yxati yangilandi

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hududlari epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib 8-maydan e’tiboran, “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratib chiqilgan edi. 15-maydan barcha toifalardagi hududlarda ayrim karantin cheklovlari yanada yumshatilgan.

18-maydan “sariq” toifadagi hududlarda shaxsiy avtotransport vositalarini stikersiz soat 06:00 dan 22:00 gacha boshqarishga, “yashil” hududlarda esa umuman cheklovsiz foydalanishga ruxsat berilgan edi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar