Daryo

Shavkat Mirziyoyev videokonferensaloqa orqali Zangiota tumanidagi farmatsevtika klasteri qurilishini boshlab berdi

Klaster texnopark va sanoat zonasidan iborat bo‘ladi

2 daqiqa o‘qish38 486 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning videokonferensaloqa orqali ishtirokida 17-aprel, juma kuni, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida Tashkent Pharma Park innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri qurilishi boshlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bergan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Telemuloqot chog‘ida davlat rahbari bu yerda innovatsion va yuqori sifat ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan dori-darmonlar, tibbiy mahsulot va texnik vositalar ishlab chiqarish, aholining bu boradagi talab va ehtiyojlarini ta’minlash, zamonaviy kadrlar tayyorlash, shuningdek, mamlakatda farmatsevtika sohasini yanada rivojlantirish, samarali infratuzilma yaratishga qaratilgan loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish bo‘yicha boshlangan ishlar va rejalar bilan tanishdi, deyiladi xabarda.

2020-yil yanvar oyida qabul qilingan Prezident qarori bilan klasterni tashkil etish bo‘yicha konsepsiya va amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan edi.

Klaster uchun Zangiota tumanida jami 79 gektarlik yer maydoni ajratilgan. Jami 14 ta investitsion loyiha amalga oshirish orqali mintaqada yagona zamonaviy farmatsevtika klasteri hamda 1700 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Klaster texnopark va sanoat zonasidan iborat bo‘ladi.

Texnopark hududida akademik, ilmiy hamda dori-darmonlar ishlab chiqaradigan sektorlar joylashadi. Xususan, bu yerda Farmatsevtika texnik universitetini tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu o‘quv dargohida dori vositalari, tibbiyot mahsulotlari va texnikalar, kosmetologiya va boshqa ashyolar ishlab chiqarish sohasida xalqaro ta’lim standartlari darajasidagi yuqori malakali kadrlar tayyorlanadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati

Sanoat zonasida yetakchi farmatsevtika kompaniyalarining innovatsion dori vositalari ishlab chiqarish maydonlari barpo etiladi.

Kelgusida bu yerda chet el klinikalari, tibbiyot markazlarini ochish, klasterning infratuzilmalarini yanada rivojlantirish rejalashtirilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati

Koreya Respublikasi “Eksimbank”ining Iqtisodiy taraqqiyot hamkorlik fondi bilan uzoq muddatli kredit yordamida klasterning ilmiy va ta’lim tuzilmalarini moliyalashtirish haqida kelishuvga erishildi. Tashkent Pharma Park innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri Homiylik kengashi hamda rivojlantirish direksiyasi tuzilgan. Uning faoliyatini Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi amalga oshiradi.

Tashkil etilayotgan klaster sohada o‘ziga xos birinchi “ilmiy shaharcha” bo‘ladi. Mavzuga doir: 
Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar