Postnauka.ru portali bolalar infeksion kasalliklari yo‘nalishida ilmiy izlanishlar yuritayotgan olim, tibbiyot fanlari nomzodi, infeksionist shifokor Ivan Konovalov bilan koronavirus haqida suhbatlashdi. “Daryo” suhbatni tarjima tariqasida ayrim qisqartirishlar bilan taqdim etadi.

Ivan Konovalov

Foto: Getty Images

Bugun dunyo bo‘ylab SARS-CoV-2 pandemiyasi tarqalishda davom etmoqda. Ko‘plab mamlakatlarda hukumat odamlarning harakatini cheklovchi qat’iy choralarni ko‘rdi, shifokorlar bemorlarning hayoti uchun kurashmoqda, olimlar esa unga qarshi vaksinani ishlab chiqish ustida izlanmoqda. Virusning harakat strategiyasi qanday ekani, pandemiyani qanday qilib jilovlash mumkinligi hamda umumiy izolyatsiya qay darajada naf keltirishi haqida infeksionist shifokor Ivan Konovalov suhbati orqali bilib olamiz.

Virus qanday qilib yashab qoladi?

– Virus tirik mavjudotmi yoki yo‘qmi?

– Bu borada ikkita nazariya mavjud. Ulardan birida virus tirik narsa emas deyiladi, ikkinchisida esa virus ham tirik deb qaraladi. Aslini olganda, virus ko‘p jihatdan biologik nuqtayi nazardan qandaydir amaliy ish bajarishga o‘tishi kerak bo‘lgan oqsil uchun yo‘riqnomalar ko‘rsatilgan axborot fragmenti deyish mumkin.

– Keling, dunyoga virus nazari bilan qarashga urinib ko‘ramiz. U o‘zini qanday tutadi?

– Agar biz virusni odam timsolida gavdalantirmoqchi bo‘lsak, aslida kichik axborot bo‘lagi bo‘lgan ushbu narsani boshqa har qanday biologik obyekt singari ikkita asosiy strategik maqsadi bo‘lishini tasavvur qilishimiz mumkin: u ko‘payishi va yashab qolishi kerak.

Uning birinchi muddaosini OIV va sil singari sekin kechuvchi infeksion kasalliklarda kuzatishimiz mumkin. Unda odam tanasi virusning yashashiga yordam berib yuradi va odamning immuniteti uni shunchaki zanjirband qilib qo‘ygan bo‘ladi. Suvchechak bilan og‘rib tuzalgan deyarli hammaning tanasida virus 50–70 yilgacha birga yashayveradi va bu odamda gormonal fon va immunitet sustlashmaguncha o‘zini namoyon qilmay yuraveradi.

Odam qattiq qo‘rqib ketgan bo‘lsa, labiga uchuq toshib chiqishini kuzatganmiz. Bu uning yana bir bora uchuq chiqaradigan infeksiyaga (gerpes) chalinganini bildirmaydi, balki u birinchi marta ushbu infeksiyani yuqtirganida va tuzalib ketganida baribir uning tanasida virus yashab qolganini va endi immun tizimi holsizlanganda u yana o‘zini namoyon etganini ko‘rsatadi. Va o‘sha paytdagi odam salomatligining ahvolidan kelib chiqib virus o‘zini turlicha tutishi mumkin. Lekin endi uning asosiy maqsadi o‘zini tashib yurgan odamni kasallash va yiqitish emas, balki u orqali boshqalarga yuqib, ko‘payish bo‘ladi.

Foto: Getty Images

Virus xatti-harakatining yana boshqa bir strategiyasi odamdan odamga tezkor yuqib o‘tish. Bunday viruslar RNK – tutadigan viruslar bo‘ladi va ularning ko‘payish (replikatsiya) vaqti juda qisqa bo‘ladi. Shu sababli, masalan, gripp virusi singari viruslar qisqa vaqtda juda ko‘p odamga yuqish orqali tarqaladi. Bunda bitta kasal odam juda ko‘p kishilarga virus yuqtiradi. Tashuvchining o‘zida esa kasallik simptomlari sezilarsiz yoki umuman bilinmagan holda o‘tishi mumkin.

Har yili grippning turli viruslarini milliardlab odam yuqtirib oladi va dunyo bo‘yicha taxminan 250 mingdan 620 minggacha bo‘lgan odam grippdan vafot etadi. Bunday yuqori o‘lim ko‘rsatkichi nafaqat virusli infeksiyaning o‘zi bilan, balki u keltirib chiqargan asoratlari bilan ham bog‘liqdir. Bizga avvaldan ma’lum bo‘lgan koronaviruslar ham taxminan shunday harakat qiladi. Shamollash bilan bog‘liq kasalliklarning 15–20 foizga yaqinini koronaviruslar keltirib chiqaradi.

Bunday ko‘payish strategiyasi juda ko‘p sonli bo‘linib ko‘payishlar orqali tarqalishni ko‘zda tutadi va bunday bo‘linishlarning har birida virus tobora mutatsiyaga uchrab boradi. Aslida, barcha biologik obyektlarda mutatsiya muttasil sodir bo‘ladi. Bizlar ham doim oz-mozdan mutatsiyaga yo‘liqib boramiz, lekin bizning immun tizimimiz uni tozalab turadi. Qisqa replikatsiya sikliga ega viruslar uchun shu narsa xarakterliki, ular qisqa muddat ichida juda ko‘p sonda bo‘linib, irsiy material hajmini kattalashtirib boradi.

Ushbu bo‘linish sikllarining har bir etapida virusning irsiy materiali oz-ozdan o‘zgarib boradi va ular ichidan eng bardoshli va chidamlisi (eng muvaffaqiyatlisi) o‘z populyatsiyasini barqaror ushlab qoladi. Va bunday virus o‘zining standart xo‘jayinini tark etib, o‘ziga xarakterli bo‘lmagan yangi xo‘jayinga o‘tsa, masalan, ko‘rshapalakdan odamga o‘tgani singari, u endi koronavirusning pandemik shtammiga aylanishi mumkin.

– Demak, viruslar ham odamlar egallab olgan bu sayyorada xuddi chigirtka singari yashash uchun kurasharkan-da?

– Viruslar haqida qayg‘urmay qo‘ya qoling. Sayyorada ular hammadan ko‘p. Bioma haqida so‘z borganda hujayralar to‘plami, miqdori haqida, albatta, so‘z ochiladi. Masalan, odam o‘z ichaklarida tashib yuradigan patogen mikroflora hujayralari soni, shu odamning o‘z tanasi hujayralari sonidan ko‘p bo‘ladi. Lekin virioma haqida ham ko‘proq so‘z yuritish kerak. Chunki ko‘plab tirik organizmlarning hujayralari virus bilan zararlangan. Ular ichida eng ko‘p uchraydigani bu – bakteriofaglardir.

Foto: Getty Images

Bu bakteriyani zararlaydigan virus bo‘ladi. Irsiy material nuqtayi nazaridan qaralsa, shunday viriomalar boshqa barcha biomaterialdan ko‘ra ko‘proqdir. Xususan, biz ularning son miqdori oldida qum zarrasiday kichikmiz. Virusni aldab bo‘lmaydi. Unga sizning pulingiz qanchaligi, ijtimoiy mavqeyingiz, qayerlik ekaningiz, mentalitetingiz, diningiz qanday ekanining ahamiyati yo‘q. Siz yoki uni yuqtirasiz yoki yuqtirmaysiz. Shu xolos.

SARS-CoV-2

– Koronaviruslar qanday qilib hayvondan odamga o‘tib qoladi?

– Odamga o‘tadigan koronaviruslar uchun rezervuar bu – ko‘rshapalaklar bo‘ladi. Bunday koronaviruslar ko‘rshapalak uchun zararsiz. Odamning o‘zida bo‘ladigan koronaviruslarning o‘zi esa odamlar uchun deyarli zararsiz. Lekin bunday viruslar biror oraliq xo‘jayin tanasida o‘zaro uchrashib qolsa, natijada o‘ta xatarli virus yuzaga keladi va u odamlar orasida faol tarqala boshlaydi.

2002-yilda koronavirus ko‘rshapalakdan mangustga o‘xshagan hayvonlarga o‘tgan va ularning tanasi oraliq xo‘jayin vazifasini bajargan. Kun kelib shunday hayvondan biridan virus odamga o‘tgan va keyin u odamlar orasida shiddat bilan tarqala boshlagan. O‘sha virus Xitoyning o‘zida bartaraf qilib qolingan edi. Unga SARS-CoV deb nom berilgan. Chunki u o‘tkir og‘ir respirator sindrom keltirib chiqargan.

2012-yilda esa Yaqin Sharqda yangi mutant yuzaga keldi va uni MERS-CoV deb nomlashdi. U Saudiya Arabistonida bir o‘rkachli tuyadan odamga yuqqan. Unda infeksiyasini mahalliy miqyosda bartaraf etishning imkoni bo‘lmagan. Uning virulentligi 2002-yilgi virusdan ancha yuqori edi. Yuqtirganlarning 35–37 foizi vafot etgan. Uni butunlay izolyatsiyalanmagani va bartaraf etilmagani bois u hanuz tuyalar tanasida yashayapti. Shu sababli kimki Yaqin Sharqqa borib tuya bilan quchoqlashib suratga tushmoqchi bo‘lsa, u o‘ziga virus yuqtirib olishi va hatto o‘limga yuz tutishi mumkin.

– Virulentlik degan termin nimani anglatadi?

– Virulentlik bu yuqtirganlar sonini bildirmaydi. U vorisning yuquvchanligi va undan yuzaga keladigan oqibatlarning og‘irlik darajasini bildiradi. Savol virusning yuquvchanligida emas, qaysi aholi qatlami qanday virus turlari qarshisida zaif qolishi bilan bog‘liq. Pandemik grippda o‘lim ko‘rsatkichi 17 foizgacha boradi, yangi turdagi koronavirusda esa u 2,5–3,5 foiz atrofida bo‘lyapti.

Foto: Getty Images

Lekin bu raqamlar juda ham shartli ravishda olingan sonlardir. Chunki, masalan, bolalar kasallikning og‘ir shakliga favqulodda kamdan kam chalinmoqda. SARS-CoV-2 yuqtirganlarning 80 foiz qismida oddiy O‘RVI keltirib chiqaradi. Shunga qaramay, yoshi 60 dan o‘tgan shaxslarning 15 foizga yaqin qismida kasallik juda jiddiy oqibatlarga olib kelmoqda.

– Koronavirusning o‘zida aytarli qo‘rqinchli narsa yo‘q. Lekin SARS-CoV-2 virusi juda jadal tarqalmoqda va infeksiyaning inkubatsion muddati anchayin katta. U hali namoyon bo‘lmay turgan paytda u allaqachon yuqumli bo‘lgan bo‘ladi.

– Ha, bu katta muammo. Agar odam kasallanganini 2–3 kun ichida bilsa, unda infeksiya tarqalishini qanday bartaraf etish tushunarliroq bo‘lar edi: kasal odamning o‘zi uncha harakatlanmay qo‘yardi. Shartli ravishda olingan 2–14 kun muddatda esa yuqtirgan odamning o‘zi yana ko‘plab boshqalarga infeksiyani tarqatib yurishi mumkin.

– Koronavirus qanday yuqadi?

– Yuqishi uchun kasal bilan muloqotda bo‘lish yoki u bilan umumiy narsalardan foydalanish, umumiy joyda birga turish orqali virus qo‘l terisiga kelib tushishi kerak. Odam reflektor ravishda o‘z yuz-ko‘zlarini soatiga o‘n martagacha qo‘l bilan teginadi (ishqalaydi, qashiydi va hokazo). Bunda esa virus osonlik bilan burunga, ko‘zga va og‘izga o‘tib oladi. “Yuzingizga qo‘l tekkizmang!” desak ham hamma beixtiyor qo‘l bilan yuz-ko‘ziga tegina boshlaydi. Shu sababli ham qo‘lni imkon qadar tez-tez sovunlab yuvish kerak.

– Koronavirus har xil yuzalarda qancha muddatgacha yashashi mumkin?

– Virus tana harorati 36-37 daraja bo‘lgan organizmda juda yaxshi ko‘payadi va shu sababli uni issiqda o‘ladi deb o‘ylash kerak emas, buning ehtimoli kam. Lekin ultrabinafsha nurlanishi haqiqatan ham virusni qurolsizlantiradi. Respirator kasalliklarning kun isishi bilan kamayishining sababi odamlarning yopiq joylarda, ichkarida to‘planmay qo‘yishi bilan bog‘liq.

Foto: Getty Images

Rossiyada har 100 ming aholidan 20 ming nafari O‘RVIga chalinganda shifokorga murojaat qiladi. Odamlar shamollaganda mehmonga bormaydi. Shunga qaramay, Rossiyada O‘RVI boshqa butun dunyodagidan ko‘ra ko‘proq qayd qilinadi. Yevropa va AQShda esa tumov va yo‘tal tutgan odam kasal deb hisoblanmaydi. Ularda COVID-19 shu qadar jadal tarqalganining sabablaridan biri ham shu aslida.

Viruslar va immunitet

– Aytishlaricha, O‘RVIning eng yomon asorati bu – immun sistemaning o‘zi tomonidan o‘pkaning barbod qilinishi bo‘lar ekan va o‘lim shundan kelib chiqarkan. O‘tkir respirator kasalliklardagi o‘lim holatlari, immunitetning javob reaksiyasi va organizmning o‘z-o‘zini yo‘q qilishi natijasidan yuzaga keladi deyish mumkinmi?

– Bu ehtimoliy ssenariylardan biri. Bunday holat asosan infeksiya bemorda o‘ta jadal, keskin tezlik bilan avj olganda kuzatiladi. Yot narsaga duch kelgan immun sistemasi unga turli tomonlama javob qaytaradi. Ularning bir qismi yallig‘lanishni yuzaga keltirsa, yana bir qismi unga qarshi tura boshlaydi. Va organizmda hali ushbu ikki jarayon o‘rtasida muvozanat mavjud bo‘lgan paytda tana uchun yallig‘lanish jarayoni ahamiyatliroq bo‘ladi, chunki u orqali organizmda virusga qarshi harakat faollashadi va antivirus tizimi ishga tushadi.

Bu birinchi navbatda interferon ishlab chiqarila boshlanishiga olib keladi. Turli patogenlarda bu turlicha kechadi. Agar patogen organizm uchun yangi bo‘lsa (masalan, cho‘chqa grippi yoki yangi koronavirus kabi), immunitet nima qilishni bilmay qoladi va unda yallig‘lanishga qarshi turishdan ko‘ra yallig‘lanishni ma’qullash jarayoni ustunlik qila boshlaydi. Natijada nazoratsiz yallig‘lanish yuzaga keladi. Bu narsa o‘pkada tomirlarning singdiruvchanligini oshiradi va qonga kislorod eltib beruvchi “qopchalar” bo‘lmish alveolalar suyuqlik bilan to‘lib qoladi.

Mohiyatan bu pnevmoniya emas, balki shishib ketish bo‘ladi va o‘pka funksiyasini juda tez ishdan chiqaradi. Natijada odamda distress-sindrom yuzaga keladi va odam mazkur o‘tkir jarayondan vafot etishi mumkin. Bemor tirik qolgan taqdirda ham, keyingi 7–10 kun ichida immunitetning yallig‘lanishni yuzaga keltirishga mas’ul qismi holdan toyadi va bakterial asoratlar yuzaga kelishi ehtimoli ortadi.

– Biz, odatda, “immunitet pasayib ketdi” yoki “immuniteti kuchayibdi” singari gaplarni gapiramiz. Lekin immunitetni o‘lchaydigan asbob mavjud emas-ku?

– Qo‘zg‘atuvchi bilan uchrashuv qanday kechishi immunitetning boshlang‘ich holatiga bog‘liq. Immunitetning umumiy holatiga u yoki bu moddalarning yetishmovchiligi, masalan, temir, oqsillar, C vitamini kabilarning yetishmovchiligi ta’sir qiladi. Temir moddasi yetishmasligi bakterial infeksiyalarda salbiy oqibatlarga olib keladi, shuningdek, vitamin C ham juda yaxshi immunomodulyator hisoblanadi.

Foto: Getty Images

Odamning salomatligi ko‘p jihatdan uning hayot tarzi bilan bog‘liq. Yetti soat uxlamaydigan odamlar o‘z-o‘zini muayyan ozuqa moddalardan mosuvo qilgan bo‘ladi (masalan, ba’zi yog‘ oqsillaridan). To‘g‘ri ovqatlanish rejimi, yaxshi uyqu, parhez, jismoniy chiniqish, ijobiy kayfiyat va qo‘llarni yuvib yurish – bular juda oddiy, jo‘n narsalar, lekin qanchalik g‘alati bo‘lmasin, odatda, aynan shu xislatlar eng hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

– Ko‘pchilik uchun ozodalik juda muhim omil sanaladi. Bu infeksiyalardan yaxshi himoyalaydimi?

– Biz infeksiyalardan butunlay xalos bo‘la olmaymiz. Lekin biz muayyan omillar orqali infeksiyani nazoratda ushlab tura olishimiz mumkin. Cho‘chqa grippi epidemiyasi avj olganda uni oldini olish bo‘yicha eng samarali kurash usuli bu – qo‘llarni sovunlab yuvish bo‘lgan edi. Xuddi hozirgi koronavirus infeksiyasidagi singari.

So‘nggi vaqtlarda antiseptiklardan ommaviy foydalanishga o‘tilishi tufayli esa ayrim mamlakatlarda allergik kasalliklarning ulushi ko‘paymoqda.

Karantin va emlash

– Pandemiyani karantin qoidalari orqali daf qilish mumkinmi?

– Kasallanganlarni va ular bilan muloqotda bo‘lganlarni izolyatsiyaga olish choralarni nazarda tutuvchi karantin tadbirlari – infeksiyaning tarqalishini oldini olish uchun qo‘llash mumkin bo‘lgan eng samarali usuldir. Sog‘lom odamlarni bemorlardan nari tutish pandemiyani to‘xtatishning yagona usulidir. Muammo pandemiyaning o‘zida ham emas. U o‘tib ketadi va virus bir necha etapdan keyin baribir so‘nadi, lekin u baribir biz bilan qoladi.

Chunki allaqachon juda ko‘p odam uni yuqtirib bo‘ldi. Bu odamga hayvonlardan o‘tadigan shu singari ko‘plab viruslarga xos narsa. Hozirgi eng muhim vazifa esa keksalarni va surunkali kasalligi bor odamlarni izolyatsiyaga olish va shu orqali bir vaqtning o‘zida og‘ir shaklda kasallanadigan bemorlarning yalpi sonini imkon qadar kamroq sonda nazoratda tutib turishdir.

– Hozir odamlar SARS-CoV-2 virusiga qarshi vaksina yaratilishini kutmoqda. Emlash orqali viruslarni to‘xtatsa bo‘ladimi? Xususan, suvchechakdan farqli ravishda tezkor tarqaladigan, uzoq yashamaydigan, lekin portlash effekti bilan yoyilib, gastrollardan keyin susayib yo‘qoladigan agressiv viruslarni hammi?

– U cho‘chqa grippi singari o‘rnashib oladi. Cho‘chqa grippi hozirda grippga qarshi vaksinalar tarkibiga kiradi. Istalgan gripp vaksinasi o‘ramida H1N1pdm09 yozuvini o‘qishingiz mumkin. Lekin u virus allaqachon boshqacha bo‘lib qolgan, 2009–2010-yillardagi singari agressiv emas.

Turli vaksinalarda tamomila boshqa-boshqa ta’sir mexanizmlari bo‘ladi. Qizilchaga qarshi qo‘llaniladigan tirik vaksinalar favqulodda samaralidir. Sovet paytida qilingan emlashlar hozirda 50–60 yoshda bo‘lgan odamlarni hamon juda yaxshi himoyalamoqda. Lekin tezkor viruslarga qarshi vaksinalar bilan holat umuman boshqacha. Ularga doim moslashish kerak bo‘ladi.

Masalan, mavsumiy grippga qarshi emlash vaksinasi uch-to‘rtta shtammni o‘z ichiga oladi. Hozirda samaradorligi 35–60 foiz bo‘lgan to‘rt valentli vaksinalarni ishlab chiqarish ustida ish ketyapti. Shu yilning o‘zida AQShda 52 ming odam grippdan vafot etdi. Chunki ularda muayyan yangi shtammlarga qarshi emlash bo‘lmagan. Universal vaksina yaratishga bo‘lgan urinishlar ham mavjud.

2002-yilda Xitoyda SARS-CoV epidemiyasi avj olganida mutaxassislar unga qarshi vaksina ishlab chiqishga kirishgan edi. Lekin 2003-yilga kelib kasallarning aksar qismi tuzalib bo‘ldi yoki vafot etib ketdi va virusning tarqalishi to‘xtadi. Vaksinani ishlab chiqish yuzasidan izlanishlar ham muzlatib qo‘yildi.

Nima bo‘lganda ham vaksina najot emas. Hatto u uch oy ichida ishlab chiqilib, tatbiq etilsa ham biz uni avval sinamasdan turib millionlab odamlarga emlashga buyura olmaymiz. Odatda, klinik sinovlar va qaydlar bir necha yil davom etadi.

Emlangan odamda barqaror immunitet shakllanishiga aniq ishonch hosil qilinishi kerak. Aks holda, yoppasiga emlashdan foyda yo‘q. Shuningdek, emlash hamma uchun, shu jumladan, surunkali kasali borlar uchun ham bexatar bo‘lishi kerak. Lekin hozirgi pandemiya vaziyatida eng maqbul va samarali yechim bu – o‘z-o‘zini izolyatsiya qilishdir. Hozir uning muqobili yo‘q!