Yirik texnologik kompaniyalar va ularning asoschilari yangi turdagi COVID-19 koronavirus pandemiyasi tarqalgan bir vaqtda chetda turgani yo‘q. Butun dunyo bo‘ylab 350 mingdan ortiq kasallikni yuqtirib olgan, 100 mingga yaqin bemor davolangan, biroq 15 mingdan ortig‘i vafot etgan. IT-sanoatining yetakchilari tibbiyot xodimlari va koronavirusdan jabr ko‘rganlarga o‘z yordamini taklif etmoqda, deb xabar beradi TJournal.

Microsoft asoschisidan 100 million dollar

Foto: The Washington Post

Xayriya ishlari bilan shug‘ullanish maqsadida yaqindagina direktorlar kengashidan ketgan Microsoft asoschisi Bill Geyts fevral oyida Xitoyda koronavirusga qarshi kurashish uchun 100 million dollar ajratgan edi. Ushbu pullar Geyts xayriya fondi va uning turmush o‘rtog‘i Melindaga tegishli.

“Mazkur pullar kasallarni aniqlash, ularni izolyatsiyalash va davolash, xavfli hududda joylashgan aholini himoya qilish hamda vaksina, davolash usullari va tashxislar yo‘nalishini rivojlantirishga yordam beradi”, — deyiladi fond bayonotida. Xitoy raisi Si Szinpin ushbu yordami uchun Geytsga minnatdorchilik maktubini yuborgan.

Amazon’ga ishga joylashish bo‘yicha yordam

Foto: Getty Images

Amazon asoschisi va rahbari Jeff Bezos kompaniya 100 ming nafar yangi xodimlarni ishga yollab, soatbay to‘lanadigan ish haqini ko‘tarishini ma’lum qilgan. Pandemiyadan aziyat chekayotgan boshqa bizneslardan farqli o‘laroq Amazon’da kuryerlar ishiga bo‘lgan talab oshgan.

Bezos ishsiz qolgan restoran va bar xodimlarini Amazon’ga ishga kirish uchun ariza topshirishga chaqirgan. “Umid qilamizki, ishdan bo‘shatilgan xodimlar o‘z joyini topib olgunicha biz bilan ishlab turadi”, — deydi Bezos.

Facebook niqoblar xarid qilib, JSSTga yordam bermoqda

Foto: Getty Images

Facebook Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining koronavirus haqidagi ma’lumotlarini bepul joylashtirib, targ‘ibot qilmoqda. Shuningdek, kompaniya vaziyat bo‘yicha so‘nggi xabarlarni WhatsApp orqali mintaqalarga yetkazib turish yo‘lida turli davlatlar hukumati bilan birgalikda hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

“Biz milliy sog‘liqni saqlash vazirligi, shuningdek, JSST, YuNISEF va Kasalliklar profilaktikasi va nazorat qilish markazi kabi tashkilotlar bilan koronavirus haqida aniq hamda tezkor ma’lumotlarni tarqatishda hamkorlikda ishlayapmiz. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga koronavirus haqida qancha kerak bo‘lsa, shuncha e’lonlarni bepul tarqatishga yordam qilyapmiz”, — deydi Sukerberg.

Ijtimoiy tarmoqda COVID-19 haqida joylashtirilgan yolg‘on ma’lumotlar va vaziyatdan foydalanib o‘z manfaati yo‘lida e’lon berayotgan kompaniyalarning materiallari o‘chirilmoqda. Bundan tashqari, kompaniya tibbiyot xodimlariga Kaliforniyadagi yong‘inlar vaqtida 720 ming dona va “millionlab” yangi niqoblarni xayriya qiladi.

Ilon Mask o‘pkaga sun’iy nafas oldirish apparatlarini ishlab chiqarishga tayyor

Foto: Getty Images

Tesla va SpaceX rahbari Ilon Mask o‘z zavodlarini yopgani yo‘q va vahima koronavirusdan ham xavfliroq deb hisoblamoqda. Biroq u o‘pkaga sun’iy nafas oldirish apparatlariga ega shifoxonalarda taqchillik yuzaga kelsa yordam berishga va’da qilgan. Maskning ta’kidlashicha, apparatlarni Tesla va SpaceX texnologiyalari asosida yaratish mumkin, biroq ishlab chiqarishni “bir zumda” hal qilib bo‘lmaydi.

Yuzlab foydalanuvchilar Maskdan apparatlarni ishlab chiqarishni hozirda so‘ray boshlagan, chunki shifoxonalarda yetishmovchilik mavjud.

Apple’dan millionlab tibbiyot niqoblari va mablag‘lar xayriyasi

Foto: Getty Images

Apple rahbari Tim Kukning ma’lum qilishicha, korporatsiya AQSh va Yevropadagi shifokorlarga “millionlab niqoblarni” sovg‘a qiladi. Apple butun dunyo bo‘ylab koronavirus oqibatida kasallanganlarni davolashga 15 million dollar ajratgan. Shuningdek, kompaniya pandemiya epimarkaziga aylangan Italiya uchun “kattagina” xayriya jo‘natadi. Apple xodimlariga uydan turib ishlashga ruxsat bergan.