O‘zbekistonning Bangkok shahridagi bosh konsulxonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, Tailand Qirolligi hukumati COVID-19 koronavirusining tarqalishi munosabati bilan 18 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari uchun mamlakat aeroportlarida kirish vizalarini (Visa on Arrival) rasmiylashtirish tartibini bekor qildi.

Foto: Reddit

Tailand tomoni mazkur mamlakatlarning fuqarolariga kirish vizalarini qirollikning xorijdagi diplomatik vakolatxonalaridan birida rasmiylashtirishni tavsiya qilmoqda. Ushbu jarayonning qancha vaqt davom etishi noma’lum bo‘lib turibdi va koronavirusning tarqalish darajasi pasayganidan keyin ushbu qarorlar yana qayta ko‘rib chiqiladi.

TIV Tailand, Kambodja va Laos hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga zarur holatlarda mamlakatning Bangkok shahridagi bosh konsulxonasiga +66-2-675-39-95 va +66-9-5502-6770 telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatgan.

Avval Tailand hukumati O‘zbekiston fuqarolari uchun mamlakatga kelgandan keyin rasmiylashtiriladigan vizani bekor qilgandi.