Fransiya milliy muzeylari birlashmasi direktori vazifasini bajaruvchi Kris Derkon Leonardo da Vinchining “Dunyo xaloskori” kartinasi egasini uni Luvrga topshirishga chaqirdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.

Foto: “RIA Novosti”

Derkon bu haqda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon tashkil etgan “Sahrodagi Davos” investitsiyaviy forumi davomida gapirgan. Aynan shahzoda 2017-yili ushbu kartinani 450 million dollarga xarid qilgan deb hisoblanadi.

“Agar bu kartina Luvrga topshirilsa barchaning yutug‘i bo‘lar edi. Undan nafaqat mutaxassislar, balki keng omma ham bahra olishi imkoniyati tug‘iladi”, — dedi Derkon.

Luvr muzeyining Parijdagi va Abu-Dabidagi vakillari “Dunyo xaloskori” hozir qayerda saqlanayotgani haqida ma’lumot bermagan.