Daryo

Buxoroda Captiva haydovchisi pnevmatik to‘pponchadan Matiz’ga qarata o‘q uzdi

Hodisa 20-iyul kechasi soat taxminan 23:50 larda G‘ijduvon tumanidagi “Kaktus” kafesi oldida sodir bo‘lgan

1 daqiqa o‘qish179 896 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Wikipedia

Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida pnevmatik to‘pponchani qurol sifatida namoyish qilib, bezorilik qilgan Captiva haydovchisi qo‘lga olindi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB matbuot xizmati ma’lum qildi.

Oynasi singan Matiz.Foto: Buxoro viloyati IIB matbuot xizmati

20-iyul kechasi soat taxminan 23:50 larda G‘ijduvon tumanidagi “Qo‘rg‘on” mahallasida yashovchi, 1989-yilda tug‘ilgan fuqaro F.I. spirtli ichimliklar ta’siridan mast holda avtomashina boshqargan. U tuman markazidagi “Kaktus” kafesi oldiga 80 M 222 MA raqamli Captiva avtomashinasi bilan kelib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, ushbu kafe oldida turgan, fuqaro M.R. boshqaruvidagi Matiz rusumli avtomashina oynasini qo‘lidagi pnevmatik to‘pponcha bilan otib sindirgan. Bundan tashqari, Matiz haydovchisi M.R.ga pnevmatik to‘pponchani qurol sifatida namoyish qilib, bezorilik jinoyatini sodir qilgan.

Fuqaro F.I.ga tegishli pnevmatik to‘pponcha — texnik xususiyatlariga ko‘ra, pnevmatik qurol siqilgan gazsimon modda energiyasidan foydalanadigan qurollar kategoriyasiga kiradi. Ushbu to‘pponcha Ijevskiy mexanika zavodida ishlab chiqarilgan.

Mazkur holat yuzasidan F.I.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 2-qismi “v” bandi (sovuq qurol yoki kishining sog‘lig‘i uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalarni (qurol sifatida) namoyish qilib, ularni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoxud qo‘llab bezorilik sodir etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan. Ushbu modda bilan aybdor deb topilgan shaxsga 300 soat majburiy jamoat ishlaridan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazo turlari qo‘llanilishi mumkin.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar