Toshkentni “dorixona narkomaniyasi” zabt etgan. Kattalar, yoshlar va hatto maktab o‘quvchilari ham pregabalin, zaleplon va tropikamidni ommaviy ravishda iste’mol qilmoqda. “Narkodorixonalar”ning sirli olami va ularning mijozlari haqida hamma narsa — Nikita Makarenkoning “Gazeta.uz”da e’lon qilingan surishtiruvida.
Ko‘cha bo‘ylab ketayotib, oyoq ostiga e’tibor bilan nazar soling. Ayniqsa, dorixonalarning oldida. Uyoq-buyoqda yotgan olovrang yozuvli oq flakonchalarni ko‘ryapsizmi? Bu — bugungi kunda Toshkentda burun orqali nafas yo‘liga yoki venaga yuborilayotgan “Tropikamid” ko‘z tomchilaridir. Bir-ikki tabletka uchun mo‘ljallangan kumushrang blisterlarni payqadingizmi? Ularni pregabalin va zaleplon ishqibozlari tashlab yuborgan. Atrof bunday dori vositalari chiqindisiga to‘la ekanini ko‘rgach, tushunib yetasiz — bu epidemiya.
Toshkent — kayfda. “Dorixona narkotiklari” ni yoshlar ommaviy tarzda sotib olmoqda. Haydovchilar iste’mol qilmoqda. Hatto maktabdagi bolalar ham totib ko‘rmoqda. Ular xamyonbop, qonuniy sotib olish mumkin va shuning uchun ham mashhur.
Chilonzor-trip
Biz Andrey Samko bilan birga Chilonzor tomon yo‘l olamiz. U “Shuhrat” do‘koni oldidagi chorraha oldida istiqomat qiladi va yoshlar orasida yoppasiga tarqalgan “dorixona narkomaniyasi”ga ko‘pdan beri e’tiborni jalb etishga harakat qilib keladi. Andrey menga o‘zi “narkodorixonalar” deb ataydigan dorixonalarni ko‘rsatyapti. Qatortol ko‘chasi, 11-uy. Ichkarida bo‘layotgan ishlarni ko‘rishga imkon bermaydigan oyna. Gapiruvchi nom: “ANY BUSINESS” MChJ. “Lirika” bormi, deb so‘raymiz. Pfizer kompaniyasining mazkur savdo belgisi ostida barcha narkomanlar pregabalinni biladi. Bor, bitta tabletkasi 20 ming so‘m. Dorixonaga iflos kiyingan bir kishi kirib kelib: “Selafan bormi?”, deb so‘raydi. “Yo‘q, hammasini olib ketishdi”. “Selafan” — bu “Selofen”, zaleplon uyqu dorisining jargoncha nomi.
“Bu ancha mashhur joy, kechalari bu yerda mashinalar navbatda turadi”, — deydi Andrey. “Lekin shahardagi eng mashhur ‘narkoaptekalar’ — ‘Shirin’ chorrahasi va Grand Mir Hotel mehmonxonasi oldida. Ularni hamma biladi”.
Al-Xorazmiy ko‘chasi, 5-uy. Dorixona barcha yoshlardagi erkaklarga to‘la. Xaridor ko‘z o‘ngimizda pregabalin tabletkasini yutib yubordi. Kuzatib turibman — u ko‘chaga chiqib, kulrang Sparkka o‘tirdi va o‘z do‘sti, haydovchini ham tabletka bilan siyladi. Shu bilan ular bu yerdan ketdi. Dorixona peshtaxtasi oldida — yoqimtoy farmatsevt qiz. “Sizda ‘Andante’ bormi?”. Qiz yo‘q degandek bosh silkidi. Dorixona mehmonlari bizga: “Agar ‘Andante’ kerak bo‘lsa, ‘Shirin’ga boringlar!”, deb tavsiya berdi.
Shirin va Lutfiy ko‘chalari chorrahasi. Odatdagi sokin bir joy. Avtobuslar, paket ko‘targan odamlar uyoqdan buyoqqa o‘tib yuribdi, ishchilar yo‘lni ta’mirlamoqda. Lekin yaxshiroq razm solinsa, shaharning behalovat hayoti ortidagi ikkinchi, kishi sezmas qatlamini ko‘rasiz. Mana, avtobus bekati ortidagi 14-uy oldida yosh erkaklar va ayollar guruhi cho‘kkalab o‘tiribdi. Ular adekvat emas, kayfiyati ham do‘stona emas.
Ularning ortida esa — dorixona. Ichkarida uch xaridor, yosh ayollar. Katta qora ko‘zoynak taqib olgan qiz stolga bir dasta pul qo‘ydi — ular ko‘p pregabalin sotib olyapti. Mallasoch qizning burni ostida esa ko‘k dog‘lar qolgan. Andrey undan so‘rayapti: “Nima bo‘ldi senga? ‘Andante’ hidladingmi?”. Yosh farmatsevt, tirjayganicha, bizga ‘Andante’ning bitta tabletkasini 35 ming so‘mdan sotdi. Giyohvandlar uni kukunga aylantirib, burun orqali qabul qiladi.
Burchakdagi, 42-uyga boramiz. Yana bir dorixona. Oldimizda bir yigit oltita “Lirika” va ikkita “Selofen” tabletkalarini sotib oldi. Biz ham “Selofen” va “Lirika” so‘radik. Keksa sotuvchi bizni to‘g‘ri tushunib javob berdi: “Ha, selofenjonmi! Bor, albatta! Olinglar”. 42 ming so‘m to‘ladik. Andrey qachonlardir bu dorixonada bir narkoman to‘pponcha bilan tahdid qilib, dorilarni tekin olishga uringani haqida gapirib berdi. “To‘pponchali o‘sha narkomanga nima bo‘ldi?”, — deb so‘radi Andrey sotuvchidan. “Qamab yuborishgan bo‘lsa kerak, bilmadim”, — dedi quvnoq sotuvchi.
“Kechasi bu yerda odamlar navbatda turadi. Atrofda ‘zombilar’ galasi tentirab yuradi. Xaridorlarning yarmi — haydovchilar. Inspektor esa ularga qarshi hech narsa qila olmaydi — axir bu alkogolga o‘xshab qondan chiqmaydi, taqiqlanmagan. Shu mavzeda burniga tropikamid sepayotgan ikki homilador ayolni ko‘rgandim. Bundan battar yana nima ham bo‘lishi mumkin?”, — deya xafa bo‘lib ketadi Andrey.
Dorixonalar quchog‘ida
Bugungi kunda uchta modda Toshkentdagi eng ommabop “dorixona narkotiklari” hisoblanadi. Bu — “Lirika” va “Regapen” savdo belgilari ostida sotiluvchi epilepsiyaga qarshi pregabalin preparati. “Andante” yoki “Selofen” nomi bilan tanilgan zaleplon uyqu dorisi. Va xuddi shu nomdagi ta’sir qiluvchi moddaga ega “Tropikamid” ko‘z tomchilari.
“Odam uchinchi-to‘rtinchi qabul qilishdayoq pregabalinga o‘rganib qoladi. Kuniga to‘rtta tabletkadan boshlab, oxiri 14 tagacha ko‘paytirishadi. Men tabletkalar uchun kuniga 200 ming so‘mdan sarflardim. Tropikamidning bir flakoni 70 ming so‘m turadi, masalan. “Dorixona narkomaniyasi” o‘ziga to‘q odamlar orasida tarqalgan. Juda ko‘p pul kerak. Menimcha, ofis xodimlarining 30 foizi mana shu yaramas narsani iste’mol qiladi”, — dedi menga ko‘p yillik tajribaga ega sobiq narkoman Konstantin (ismi o‘zgartirilgan).
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh narkologi Oleg Mustafinning ma’lum qilishicha, pregabalin O‘zbekistonda 2012-yildan boshlab ommalasha boshlagan. Preparat kattalarga mo‘ljallangan bo‘lib, asab tizimi ishdan chiqishi bilan bog‘liq og‘riqlarni yo‘qotish uchun ishlatiladi.
“Preparatni uzoq vaqt davomida yuqori dozalarda iste’mol qilish oqibatida preparatni qayta qabul qilish istagi bilan bog‘liq eyforiya paydo bo‘ladi. Preparatni muntazam ravishda eyforiyaga tushiradigan dozalarda qabul qilish qaramlik sindromini keltirib chiqaradi, sutkalik doza miqdori 1500 mg va undan ham ortib ketadi”, — dedi Oleg Mustafin. Mamlakat bosh narkologining qayd etishicha, “xumor tutish” holatida xavotir darajasi keskin oshib ketib, odam hatto o‘z joniga qasd qilish haqida o‘ylay boshlashi mumkin.
“Farzandim ‘Lirika’dan halok bo‘ldi. Biz buni uning o‘limidan so‘ng bildik. Uni o‘zini “do‘st” deb atagan bir odam doriga o‘rgatgan ekan. Ular tabletkalarni Grand Mir Hotel oldidagi dorixonadan sotib olishgan. “Lirika” o‘z joniga qasd qilish istagini paydo qiladi, shunday bo‘ldi ham. “Lirika” iste’moli boshlanib, fojia yuz berganiga qadar atigi to‘rt oy o‘tdi, xolos. Boshqa oilalarda shunday hodisalar bo‘lmasligi uchun ham bu voqeani sizga aytib beryapman”, — dedi qizi halok bo‘lgan Marina (ismi o‘zgartirilgan).
Men to‘plashga muvaffaq bo‘lgan ko‘plab dalillar pregabalin va tropikamid haydovchilar orasida juda mashhur ekanini ko‘rsatdi. Shahar ko‘chalaridagi ayrim avariyalarni ehtimol aynan shu moddalarning iste’mol qilinishi bilan izohlash mumkindir.
“90 A avtobusi edi shekilli, o‘sha avtobusning so‘nggi reyslaridan birida, kechasi, men yagona yo‘lovchi edim. Haydovchi menga bir xizmat borligini aytdi. Shunday dorixonaga kirib, ‘Lirika’ olib chiqib berishni so‘radi. Hatto dorixonachining ismini ham aytdi. Evaziga meni uyimga yaqinroq joyda tashlab ketishni va’da qildi. Yo‘l-yo‘lakay bu tabletkalar beradigan ‘huzur-halovatlar’ haqida so‘zlab ketdi. Yarim yilcha oldin bo‘lgandi bu voqea”, — deydi Maksim (ismi o‘zgartirilgan).
“Men tropikamidni totib ko‘rganman. O‘ziga xos alohida bir kayf bermaydi. Tez o‘rganib qolasan va to‘rt haftadan so‘ng zaharlanganlik hissi doimiy hamrohingga aylanib qoladi. Keyin u kamlik qilishni boshlaydi va doim ‘hidlab’ yurishga to‘g‘ri keladi. Eng yomoni, ‘tropikanka’ning ta’siri ostidagi odam rulda o‘zini boshqara olmaydi. Bir safar do‘stim bilan burnimizga sepib olib, rulga o‘tirgandik, bir joyda qayrilmoqchi bo‘lgandik — beton bordyurni o‘zimiz bilan birga sudrab ketdik.
Yaqinda bir do‘stim ‘tropik’ hidlab olib, qarama-qarshi qatnov qismiga chiqib ketdi, bitta mashinaga borib urildi, 200 metr o‘tib, svetoforda boshqa mashina bilan to‘qnashdi”, — deydi “dorixona narkotiklari” ni faol iste’mol qiluvchi Sanjar (ismi o‘zgartirilgan).
“Tropikamidni suiiste’mol qilish sanoqli haftalar ichida doriga qutulish qiyin bo‘lgan ruhiy qaramlikni keltirib chiqaradi. Xotira juda tez sustlashadi, shaxsning buzilishi kuchayadi. Kayfiyat juda tushkun bo‘lib qoladi, o‘z joniga qasd qilish fikri tez-tez kuzatiladi, bemorlar ilojsizlik hisidan aziyat chekadi. Bemor sezilarli vazn tashlaydi, terining rangi sariq, mum ko‘rinishini ola boshlaydi, mushak to‘qimalari skeletdan ajralishni boshlaydi”, — deydi Oleg Mustafin.
Mamlakat bosh narkologining qo‘shimcha qilishicha, tropikamid iste’molchisining o‘rtacha umr davomiyligi ikki yildan oshmaydi.
Hayot maktabi
“Dorixona narkotiklari”ning iste’molchilari bilan o‘tkazilgan ko‘plab suhbatlardan so‘ng, “o‘rtacha narkoman”ning ijtimoiy qiyofasini chizish imkonsizligi ayon bo‘ladi. Hamma — yosh yigit va qizlar, aql-zakovatli odamlar, ishchi va xizmatchilar, ijodkor ziyolilar, taksi haydovchilari iste’mol qilyapti. Men bilan suhbatda hatto huquqni muhofaza qilish organlarining sobiq xodimlari ham xizmat vaqtida tabletkalarni iste’mol qilganini tan oldi.
Konstantinning ta’kidlashicha, uning fikricha, narkomanlar kriminal olam bilan bog‘liq emas, ular oramizda yashayotgan sizu biz kabi oddiy odamlar:
“ ‘Dorixona narkomanlari’ zanjirlarni uzib, sumkachalarni tortib ketmaydi. Bu ahmoqona tasavvur. Buning uchun kuch kerak. ‘Tropikamid’ iste’mol qilgan odamni barmoq bilan turtsangiz, yiqilib tushadi. ‘Dorixona narkomanlari’ kun-u tun davomida o‘zini yomon his qiladi. Uning butun tanasi, har bir mushagi og‘riydi. Uning qo‘lidan hech narsa kelmaydi — u shunchaki sabzavotga aylanib qoladi”.
Kattalar mustaqil ravishda tanlov qilayotgan bo‘lsa, “dorixona narkomaniyasi”ga jalb etilayotgan bolalar haqida bunday deb bo‘lmaydi. Andrey Samko diqqat qilishga chaqirmoqda: “Maktablar atrofidagi ariqlar bo‘ylab yurib, yaxshilab qarang, maktab devorlarining ostini ham. Barida baralgindan qolgan bo‘sh qadoqlarni topasiz”.
“Har bir bola dorilar haqida shuncha ko‘p narsa gapirib berishi mumkinki, eshitib tepa soching tikka bo‘ladi. Bolalar o‘ntalab baralgin tabletkasini ichadi, tropikamidni burniga purkaydi. O‘g‘lim o‘qiydigan maktabda bir bola dozani oshirib yuborishdan o‘ldi. Bu dorilarni dorixonalarda sotib olish mumkin, maktabda ham ‘dilerlar’ bor.
Bu ish bilan yaxshi, ‘uy’ bolalari shug‘ullanadi, ularni ataylab shu ishga tortishadi. Bizning oilamiz ham bu ko‘rgilikdan o‘tgan, o‘g‘limni ko‘chada o‘ziga keltirishga to‘g‘ri keldi. Endi uning har bir qadamini kuzatib yurishga to‘g‘ri kelmoqda. Muammo ko‘pchilik o‘ylaganidan ko‘ra ancha jiddiy. Barcha faktlar yashirilmoqda, ‘tez yordam’lar chaqirilmaydi”, — dedi Chilonzordagi mavzelarning birida yashovchi Shahnoza (ismi o‘zgartirilgan).
“Bolalar ‘Tropikamid’ni novokain bilan aralashtirib iste’mol qiladi. 16−17 yoshli bolalar. Ular shundoq darsning o‘zida buni ichib yuborishi mumkin. Buning nimaligini hamma o‘qituvchilar ham bilmaydi. O‘quvchilar ‘Lirika’ni bemalol sotib oladi. O‘quvchi qizlardan biri 15 yoshidan beri iste’mol qilishini tan olgandi”, — deydi Toshkentdagi maktablardan birining o‘qituvchisi Irina (ismi o‘zgartirilgan).
Men suhbatlashgan maktab xodimlarining guvohlik berishicha, dorixonalardagi farmatsevtlar o‘quvchilarga pregabalin va tropikamidni xotirjam va hech bir muammosiz sotmoqda. Men barcha ota-onalarning e’tiborini “dorixona narkomaniyasi” muammosi tasavvur qilinganidan ko‘ra yaqinroq ekaniga qaratmoqchiman. Farzandlaringizga ko‘z-quloq bo‘ling. Sinf rahbari bilan gaplashing. Shunday tahdid mavjudligini bilarmikin u o‘zi?
Qanday qilib bu ahvolga tushib qoldik?Sizda allaqachon ko‘plab savollar tug‘ilib ulgurgan bo‘lsa kerak. “Qanday qilib bunday bo‘lib qoldi?”, “Odamlar qayoqqa qarayapti?” va hokazo. Hozir javoblar bo‘ladi. Lekin ozgina sabr qilaylik, tarixni eng boshidan hikoya qilish kerak.
“1998−2003-yillarda hamma geroinga o‘tirib qolgandi. U hammayoqda bor edi. U urfda edi. Uni Andijondan olib kelishardi, o‘zim ham olib kelganman. U yerda arzimagan pulga sotishardi. Yangi pachkani ochsang, sassiq sirka hidi butun xonani tutib ketardi. Kattalar dozani tekinga berishardi, ikki-uch ming so‘m bo‘lardi. Stolda yo‘lcha qilinardi, uch santimetrlik. Shuni hidlab, burunga tortish kerak edi. Keyin har safar yo‘lchani uzaytirish kerak edi. 20 santimetrgacha cho‘zilib ketardi. Yo‘qsa kayf bermasdi. Keyin mushakka ukol qilib yuborish kerak edi. Keyin venaga. Bu vaqtga kelib endi hech kim senga tekinga geroin bermasdi. Politexnika institutining biznes boshqaruvi fakultetida shundoqqina oshxonada geroin chekib o‘tirishardi. Biroq 2003-yilga kelib bularning hammasi barham topdi. Hammani qamashdi. Shundan beri geroinni topib bo‘lmaydi. Hozir u yo‘q. Hech qanaqa pulga topolmaysan”, — deydi menga Konstantin.
“Geroin yo‘qolib qolgach, hamma boshqa yo‘lini izlay boshladi. Alkogol, tabletkalar”.
Konstantinning guvohlik berishicha, aynan o‘sha vaqtlarda tramadol ommalashgan va u yaqin-yaqingacha O‘zbekistondagi eng mashhur “dorixona narkotigi” edi. Chilonzorning “Shuhrat” chorrahasidagi tramadolning “qora bozori” ko‘p yillar davomida o‘zining faolligi bilan salbiy shuhrat qozongan edi. Lekin bu bozorning kuni bitdi.
2018-yil 27-oktabrida tramadol va “Sonnat” savdo belgisi bilan tanilgan zopiklon Vazirlar Mahkamasining qarori bilan muomalada bo‘lishi cheklangan narkotik vositalar va psixotrop moddalar ro‘yxatiga kiritildi. O‘zbekiston prezidenti tomonidan “qora bozor”ga qarshi maqsadida 2018-yil 23-oktabrda imzolangan qonun bilan dori vositalarini dorixonalar va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilganlik uchun ma’muriy va jinoyat javobgarlik belgilandi.
“Shuhrat” do‘koni oldidagi chorraha o‘tgan yilgacha “dorixona narkotiklari”ni sotish bo‘yicha mashhur “nuqta” edi.
“Ishonch va faxr bilan ayta olamanki, endi bu ‘nuqta’ yo‘q, u yo‘q qilingan. Avvalgidek “dorixona narkotiklari”ni ochiq sotayotgan odamlarni endi u yerda uchratmaysiz”, — dedi Toshkent shahar IIBBning jinoyat qidiruv bo‘yicha tezkor vakili Shavkat Otamurodov.
Men bilan suhbatlashgan giyohvandlarning bari “Shuhrat”dagi “qora bozor” yo‘q qilinganini, tramadolni esa Toshkentdan topish deyarli imkonsiz ishga aylanganini tasdiqladi. Sobiq “qora bozor” yaqinida yashovchi Andrey Samko ham buni tasdiqlayapti.
Tramadol yo‘qoldi. Biroq narkomanlar yo‘qolib qolgani yo‘q. Aynan shu lahzada sahnaga pregabalin, tropikamid va zaleplon chiqib keldi. “Qarang, tramadol iste’mol qilish epidemiyasi tugadi, bu fakt. Uning o‘rnini yangi preparat — tropikamid egalladi. Bir yil avval, agar bilsangiz, tropikamid bu qadar mashhur emasdi”, — deydi Shavkat Otamurodov.
Lekin bunga yana bir tasodif ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Mening fikrimcha, aynan shu tasodif “dorixona narkotiklari”ning aqlbovar ommalashuviga sabab bo‘lgan. Qanchalik g‘alati jaranglamasin, avvallari bu dorilarni olish hozirgidek oson bo‘lmagan.
“2017-yilgacha ‘Lirika’ni sotib olish qiyin edi. Dorixonadan ololmasding. Biz taksichilarga buyurtma berardik. Ular qo‘ng‘iroq bo‘yicha yetkazib berardi. 2018 yildan boshlab esa uni sotib olish osonlashib qoldi. Yangi-yangi ‘savdo nuqtalari’ paydo bo‘ldi”, — deydi “Lirika”ning sobiq faol iste’molchisi Asqar (ismi o‘zgartirilgan).2017-yili nima bo‘lgandi? Prezidentning 2017-yil 14-fevraldagi qarori bilan dorixonalarni litsenziyalash vakolati Sog‘liqni saqlash vazirligidan viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga o‘tkazilgan. Shuningdek, retsept bo‘yicha sotiladigan dori vositalari ustidan nazorat ham vazirlikdan olingan. Bundan ko‘zlangan maqsad olijanob edi: “narxlar oshishiga qarshi kurash”. Lekin bu choralar aks ta’siri o‘laroq “dorixona narkotiklari”ni sotib olish osonlashdi.
Epidemiya formulasi shunday: dorixonalar ustidan nazoratning susayishi + tramadol bozorining yo‘q qilinishi = “dorixona narkotiklari” iste’molining oshishi. Narkomanlar tramadolga o‘rinbosar izlayotgandi hamda tabletkalar va tropikamidni oson olish yo‘li paydo bo‘lganida, bundan juda quvondi. Bu dori vositalari haqida xabarlar bir zumda shahar bo‘ylab tarqalib ketdi.
Endi diqqat qiling: pregabalin, tropikamid va zaleplon retsept asosida beriladigan preparatlar hisoblanadi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018-yil 22-oktabrdagi 50-son buyrug‘iga kiritilgan, shu bois bu preparatlar faqat va faqat shifokor retsepti asosida berilishi kerak. Nazariy jihatdan.
Amalda nima bo‘lyapti? Hech kim hech qanday retseptni so‘rayotgani yo‘q. Bir necha dorixonada pregabalin va zaleplonni hech qanday retseptsiz sotib olganimni o‘zim tasdiqlayman. E’tibor bering — qo‘ldan emas, dorixonalardan. “Qora bozor” yo‘q, uning keragi ham yo‘q. Dorining nomini aytish ham shart emas — provizorga 20 ming so‘m uzatib, “bitta” desang kifoya. Shaharda o‘nlab shunday “narkodorixonalar” bor. Ularning ro‘yxati tahririyati ixtiyorida bor.
Toshkentda retsept bo‘yicha sotiladigan dori vositalarining qat’iy retsept asosida sotilishi uchun kim javob beradi? Dorixonalarni kim nazorat qilishi, qonunlarochiqchasiga va tizimli ravishda buzilayotgani, yoshlar va bolalar zaharlanayotgani uchun kim dorixonalarning “boshiga urib turishi” kerak? Qanchalik g‘alati ko‘rinmasin, bunga Toshkent shahar hokimligi javobgar. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-maydagi 284-son qarorigako‘ra shunday.
Sog‘liqni saqlash vazirligidan ma’lum qilishlaricha, “litsenziat (dorixonalar) tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi yuzasidan nazorat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda litsenziyalovchi organ tomonidan amalga oshiriladi”. Hozirda bunday organ viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hisoblanadi.
“2017-yilga qadar dorixonalarga litsenziya Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan berilardi. Farmnazorat dorixonalarni tanlab tekshirish huquqiga ega edi. 2017-yili barcha vakolatlar hokimliklarga o‘tkazildi. Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasida nazariy jihatdan dorixonalarni nazorat qilish bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faqat bitta odam bor. Farmnazoratda esa 20 nafar professional mutaxassisdan iborat jamoa bor edi. Hozir shaharda nechta dorixona borligini ham bilmayman. Biz bu bilan shug‘ullanmaymiz. 10 mingdan ortiq bo‘lsa kerak. Bir kishi ular bilan qanday ham ishlay olardi?” — dedi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi DUK axborot-tahlil bo‘limi boshlig‘i Muhabbat Ibrohimova.
“SSSR davrida va hozir ham xorijda, masalan, Daniyada dorixonalar sog‘liqni saqlash muassasalari hisoblangan. Bizda esa bu — tadbirkorlik. Men buni noto‘g‘ri deb hisoblayman. Ularni hech kim tekshira olmaydi. Tadbirkorlarni tekshirishga moratoriy bor. Dorixonalar nazoratdan to‘liq chetda qoldi. Hokimlik va soliq qo‘mitasi rejadan boshqa hech narsaga qiziqmaydi”, — deydi Muhabbat Ibrohimova.
Agar retsept bilan beriladigan dorilar ustidan hech kim nazorat qilmasa, ehtimol, tramadol bilan bo‘lgani singari, pregabalin, zaleplon va tropikamidni ham aylanmasini cheklab, narkotik yoki psixotrop moddalar ro‘yxatiga qo‘shish kerakdir? Axir tramadolni yengishda bu choralar yordam berdi-ku. Shunday muhokamalar ham bo‘lgan. Biroq bu dorilarni narkotiklar ro‘yxatiga kiritmaslikka qaror qilingan — retsept bilan beriladigan dorilar ro‘yxatiga kiritishning o‘zi yetarli, deb hisoblangan.
“Aytmoqchimanki, har qanday dorining biror-bir aks ta’siri bor. Shuning uchun ham biz barcha dorilarni taqiqlay olmaymiz. Sog‘liqni saqlash vazirligining ishchi guruhi 2018 yili tropikamid va pregabalinni taqiqlangan dorilar ro‘yxatiga qo‘shishga qarshi chiqqan. Biz faqat kuchli ta’sir qiladigan moddalar aylanmasini cheklaganmiz”, — deya tushuntirdi tezkor vakil Shavkat Otamurodov.
“Lirika” dori vositasi narkotik BMTning 1961, 1971, 1988-yillardagi Konvensiyalari ro‘yxatida ko‘rsatilgan narkotik vositalar va psixotrop moddalarga mansub emas. Narkotik vositalar va psixotrop moddalar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qaror loyihasini tayyorlash jarayonida olib borilgan o‘rganishlar ushbu preparat dorixonalardan tashqarida sotilganini ko‘rsatdi”, — deydi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUKning Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi raisi professor Ismatjon Azizov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, pregabalin suiiste’moliga qarshi chora — uning dorixonalardan tashqarida sotilishiga qarshi taqiq o‘rnatilgani bo‘ldi.
«Tropikamid» dori vositasi bo‘yicha shuni ma’lum qilamizki, ishchi guruhning faoliyati davomida ushbu preparatni suiiste’mol qilish bilan bog‘liq faqat bir necha axborot rasman ro‘yxatga olingan. Shundan kelib chiqib, shuningdek, ‘Tropikamid’ kimyoviy tuzilishi va farmakologik ta’siri jihatdan narkotik vositalar va psixotrop moddalarga mansub emasligi bois, ushbu preparatni ro‘yxatga kiritish masalasi ko‘rib chiqilmagan”, — deya qo‘shimcha qildi professor Azizov.
Ismatjon Azizov tasdiqlashicha, tropikamidning suiiste’moli 2018-yil oktabrida tramadol va zopiklon nazorat qilinadigan moddalar ro‘yxatiga kiritilgach ko‘paygan. Professorning qo‘shimcha qilishicha, agar huquqni muhofaza qilish organlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi narkotiklarni nazorat qilish Davlat komissiyasining ishchi guruhiga murojaat bilan chiqsa, tropikamid nazorat qilinadigan moddalar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.
Sodda tilda tushuntiramiz. “Lirika”, “Tropikamid”, “Selofen”, “Andante” — taqiqlangan moddalar ro‘yxatiga kiritilmagan. Kiritilishi mumkin, agar hukumat ushbu epidemiyaga e’tibor qaratsa. Ana shunda ularni taqiqlashadi va, agar tramadol bilan holatdan xulosa qilinsa, bu dorilarning bozori kasodga uchraydi. Ikkinchi yo‘l ham bor — retsept bilan sotiladigan dorilar ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish.
Rossiyada yuqorida zikr etilgan har ikki yo‘ldan yurib ko‘rishgan va birinchisini tanlashgan. Rossiya Ichki ishlar ishlar vazirligi 2017-yili dorixonalar ustidan nazoratni kuchaytirish orqali pregabalin va tropikamidga qarshi kurashishga zo‘r ishtiyoq bilan kirishgan edi. Biroq yakunda IIV taslim bo‘ldi. Yaqindagina, shu yilning 6-iyun kuni “Lirika” va “Tropikamid” narkotik preparatlar ro‘yxatiga kiritildi. Endi Rossiyada bu dorilarni sotib olgan va o‘tkazgan shaxslar sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
O‘rni kelganda qayd etish joiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 1-may holatiga ko‘ra O‘zbekistonga 447 ming 110 qadoq “Tropikamid” olib kirilgan. Bu minglab parokanda qilingan umrlar, degani.
Chuqurroq nafas oling. Bu hali hammasi emas. Davomi yanada qiziq bo‘ladi, oxirida esa qandolat do‘koniga kirib o‘tamiz.
Ziravorlardan qo‘shamiz
Qonunlarga aniqlik kiritib, “dorixona narkomaniyasi” ustidan g‘alaba qozonish mumkin. Dorixonalarning egalari ma’lum. “Qora bozor”ga qarshi alohida qonun bor. Lekin Toshkentga yopirilgan yana bir yangi baloni mag‘lub etish unchalik ham oson emas.
Gap “spays”lar yoki chekiladigan qorishmalar haqida. Toshkentning bir bu, bir u devorida maxsus Telegram-kanallarni reklama qiluvchi graffitilar paydo bo‘lib qolyapti. Bu kanallarda kim tomonidan, qayerda, qanday formula asosida ishlab chiqarilgani noma’lum zaharli sintetik narkotiklarning porsiyalariga erkin buyurtma berish mumkin. Va, ehtimol, ularni iste’mol qilgandan so‘ng, tirik qolish ham mumkin.
“Spays”lar tarkibida, qoidaga ko‘ra, sintetik kannabinoidlar bo‘ladi. Ularning inson organizmi ta’siri yaxshi o‘rganilmagan. AQSh va Yangi Zelandiya olimlarining tadqiqotlari “spays” iste’moli uzoq davom etadigan psixoz va ruhiy holatning o‘tkir buzilishiga sabab bo‘lishini ko‘rsatgan.
Ko‘plab mushtariylar graffitilar bevosita maktablar yaqinida paydo bo‘layotgani uchun ham ayniqsa xavotirda. “Spays” sotuvchilarning shaxsi noma’lum. Ular Telegramdagi kanallarni xorijiy sim-kartalardan foydalangan holda ochadi. Ularni aniqlash juda qiyin. Telegram esa, o‘z navbatida, na maxsus xizmatlar bilan, na huquqni muhofaza qilish idoralari bilan hamkorlik qiladi.
Dilerlar “oldindan to‘lov” usulida ishlaydi. Zarur miqdordagi pulni o‘tkazib berganingizdan so‘ng, ular sizga o‘z “tovar”ingizni olib ketishingiz mumkin bo‘lgan “maxfiy joy” manzilini aytadi. Etika nuqtai nazaridan biz “spays” tarqatuvchilarning sahifalariga havolalar bermaymiz. Lekin ishoning — bu ham o‘ziga xos bir epidemiya. Bunday kanallarni o‘nlab topsa bo‘ladi.
Vijdonsiz dorixonalar va ularning tabletkalaridan farqli o‘laroq, “spays”lar bilan bog‘liq vaziyat jiddiyroq. Ular 2015-yildan beri O‘zbekistonda “taqiqlangan” moddalar ro‘yxatiga kiradi. Ularni saqlash, sotib olish va o‘tkazishga jazo bor. Huquqni muhofaza qilish organlari ularga qarshi kurashyapti ham.
2018-yili IIV prokuratura, DXX, Bojxona qo‘mitasi va boshqa idoralar bilan hamkorlikda narkotiklarning internet orqali tarqatilishiga qarshi kurash bo‘yicha maxsus guruh tuzilgan. Maxsus reja ham tuzilgan bo‘lib, tezkor chora-tadbirlar siri sabab uning tafsilotlarini oshkor qilish mumkin emas.
“Bu yil biz giyohvandlik moddalarini noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq 350 ta holatni aniqladik. Shundan 40ga yaqin holat ‘spays’lar bilan bog‘liq edi. Uchta holatda narkotiklarni sotish internet orqali amalga oshirilgan. Lekin internetda katta yetkazib beruvchilar ishlamaydi. U yerda narkotiklarni kilolab sotishmaydi. ‘Spays’larni mamlakatga qo‘l yuklarida, shuningdek, yuk yetkazib berish kanallari orqali olib kirishga urinish holatlari ham qayd etildi. Ikkita holatda ‘spays’ni dorixona moychechagiga aralashtirib, pochta orqali yuborishga urinishgan”, — dedi Shavkat Otamurodov.
Yana bir holatda huquq-tartibot organlari “spays” tarqatuvchilar zanjirini fosh etishga muvaffaq bo‘lgan.
“Xodimlarimiz profaylingni professional darajada o‘zlashtirgan — ular ko‘chada giyohvand odamni ko‘rinishidanoq ajrata oladi. Shu yil yanvar oyida Shayxontohur tumanida xodimlar ko‘chada 27 yoshli Jahongirni (ismi o‘zgartirilgan) ushlagan, u o‘zini noadekvat va shubhali tutgan. Xolislar guvohligida gumonlanuvchining yonidan hidsiz o‘simlik moddasi solingan o‘ram olingan. O‘ram tahlil uchun IIV laboratoriyasiga yuborildi, va ular bu ‘spays’ ekanligini tasdiqladi”, — deydi Otamurodov.
Tergov davomida Jahongir o‘z yetkazib beruvchisi, 37 yoshli Sarvarni (ismi o‘zgartirilgan) “sotgan”. Sarvarning xonadonidagi tintuv vaqtida 1 gramm “spays” olingan. Sarvar, o‘z navbatida, unga “spays”ni Jalol (ismi o‘zgartirilgan) yetkazib berishini ma’lum qilgan, Jalolda ham “spays”lar topilgan. Jalol esa spayslarni internetdan sotib olgan. Shu bilan zanjir yo‘qqa chiqqan va ish sudga oshirilgan.
Turgan gapki, huquqni muhofaza qilish organlari Telegram’da yashirinib o‘tirgan asosiy yetkazib beruvchilarni fosh qilish uchun mashaqqatli mehnat qilishi kerak.
Hozircha esa fuqarolarni yana bir bilvosita xavf haqida barcha fuqarolarni ogohlantirib turgan ma’qul. Ijtimoiy tarmoqlarda xorijda ish taklif qilish bilan bog‘liq e’lonlar ko‘payib qildi. Odatda, reklamada katta maosh to‘lanadigan kurerlar ishga olinishi aytiladi. Tahririyatga ma’lum e’lonlarning birida O‘zbekiston fuqarolariga Gruziyada, Tbilisi va Batumida ishlash taklif qilinadi. Kompaniya Toshkentda kuniga 120−240 ming so‘mlik maosh bilan malaka oshirish kurslarini, Gruziyaga uchib borish, u yerda yashash xarajatlarini qoplashga tayyor va kuniga 100−130 dollardan maosh taklif qilyapti.
Bunday jozibador takliflarga aldanib qolmang. Bu — mijozlar uchun “tovar” yetkazib beradigan kurerlar to‘playotgan “spays” dilerining e’loni. Ehtimol, ular haqiqatan ham kuniga 100 dollardan pul to‘lar. Lekin bunday kurerning faoliyat davri bir oydan ortiq davom etishi ehtimoli juda past. Politsiya bunday kurerlarni qo‘lga tushirishni juda yaxshi biladi va oxir-oqibat bir necha yilni xorij qamoqxonasida o‘tkazishga to‘g‘ri keladi.
Hammani qamab qo‘ya olmaysan
Andrey Samko bilan birga “Qatortol” bozoriga kirdik. Eng o‘ngdagi darvozalar orqali, “rossiyskiy, dollar” degan gapi hech o‘zgarmaydigan valyutafurushning yonidan o‘tib, qandolat mahsulotlari bilan savdo qilinadigan bo‘limga kirish mumkin. “Bu yerda hamma kimga nima kerakligini biladi”, — deydi Andrey.
Do‘konlardan biriga kiramiz. “Ko‘knor bormi?”, — deb so‘raydi Andrey. Vaholanki so‘rashga ham hojat yo‘q — yerda bulochkalarga sepish uchun mo‘ljallangan uch qop ko‘knor urug‘lari turibdi. “Mana yaxshisi”, — deydi yosh sotuvchi ayol. “Yo‘q, haqiqiysini, qorasini ko‘rsat!” — deb qat’iy so‘raydi Andrey.
Sotuvchi ayol yana bir qop ko‘knor urug‘i yashirilgan shkaf qutisini ochdi. “Mana, eng qorasi! Bugun allaqachon bir qopini sotib bo‘ldim!”, — dedi faxrlanib u. Ko‘knor urug‘ining bir kilosi 120 ming so‘m turadi. O‘zimizni haqiqiy giyohvandlardek tutishga urinib, yana bir-ikki do‘konni aylandik. Darhaqiqat, sotuvchilar birdan barini anglamoqda. Savdo juda qizg‘in ekani shundoqqina ko‘rinib turibdi.
“Ko‘knorni shu yerdan sotib olsa ham bo‘ladi, lekin xo‘jalik do‘konidan olish osonroq. Chunki boshqa masalliqlar ham, masalan, eritgich (rastvoritel) ham kerak”, — deydi Andrey. Turli kimyoviy moddalar va ko‘knor urug‘lari yordamida narkomanlar «vint» deb ataladigan ko‘knor surrogatini tayyorlaydi. “Urug‘larda ko‘knorning kuchsiz izlari qoladi, ana shularni qaynatib, ishlov berish kerak”, — deya hikoya qiladi Andrey.
Xo‘jalik do‘koniga boramiz. Qatortol ko‘chasi, 10/1-uy. Ichkariga kiramiz. Andrey fitnakorlarga xos tarzda pichirlab, sotuvchidan so‘raydi: “Ko‘knor kerak. Bormi?”. “Bor”, — deb tasdiqlaydi sotuvchi. “Ko‘rsat!”. Sotuvchi o‘ylanib turib, so‘ng yashirib qo‘ygan joyidan bir kosa ko‘knor urug‘larini oladi: “Qorasi, ol”. Ko‘rib, u yerdan ketamiz. “Ko‘ryapsanmi, bu yerdagi hamma odam barcha narsani biladi bu yerda”, — deya xulosa qiladi Andrey.
Odamlar o‘z rohati uchun istalgan narsani iste’mol qilishi mumkin. Yodimda, “Nima? Qayerda? Qachon?”ning bilimdonlaridan biri menga denaturat, tog‘ora va juda ko‘p tuz yordamida spirt olishning oqilona bir yo‘lining tafsilotlarini tushuntirgan edi. Og‘ir Gorbachyov zamonida kashf qilingan usul. Agar ijtimoiy asosi yo‘qotilmasa, giyohvandlik moddalariga qarshi kurashish befoyda.
“Bizning yangi strategiyamiz — bu ularning tarqalishiga qarshi kurash emas, balki iste’moldan ogohlantirishdir. Chunki hamma sotuvchilarni ‘qamab qo‘yish’ imkonsiz, o‘rniga yangilari paydo bo‘laveradi. Dorilarni ham taqiqlab bo‘lmaydi, u holda davolanishga hech narsa topolmaysiz. Shunday qilish kerakki, narkotiklarni sotib oladigan odam bo‘lmasin. Narkotiklarga qarshi kayfiyatni tarbiyalash kerak. Biz shu yo‘nalishda ishlayapmiz”, — dedi Toshkent shahar IIBB tezkor vakili Shavkat Otamurodov.
“Hammasidan o‘tganman. Geroin ham, aroq ham, tabletkalar ham iste’mol qilganman. Besh yilda to‘qqiz marta klinikaga yotdim. To‘qqizinchi safar Respublika narkologiya markazida Yelena Nikolayevna Xan meni tabletkalardan davoladi. Shundan beri og‘zimga olmayman. Qay bir vaziyatda pregabalin sabab notavonga aylanib qolayotganimni, oilam, yaqinlarim, ota-onamni yo‘qotayotganimni tushunib yetdim. So‘ng klinikaga o‘zim bordim”, — deydi Konstantin.
“To‘g‘ri tushuning, narkomanlar mana shu tabletkalar uchun 20 yildan qamoq berilishini xohlaydi. Ular bularning hech biri bo‘lmasligini xohlaydi. Nima qilsangiz qiling, lekin bu yaramas narsani dorixonalardan yo‘qoting”, — deya iltimos qilib qoldi Konstantin.
“Gazeta.uz” tahririyati ixtiyorida muallif tomonidan keltirilgan iqtibos va faktlarning haqqoniyligini tasdiqlovchi materiallar bor. Ismlar surishtiruv qahramonlarining iltimosiga ko‘ra o‘zgartirilgan.
Muallif surishtiruvni o‘tkazishda ko‘rsatilgan yordam uchun Toshkent shahar IIBB va Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatlariga, shuningdek, yordam ko‘rsatish haqidagi iltimosga labbay deb javob bergan befarq bo‘lmagan barcha toshkentliklarga minnatdorchilik bildiradi.
Izoh (0)