Bir necha kun avval unashtirilgani ma’lum bo‘lgan aktrisa Shahzoda Matchonova jurnalist Baxtiyor To‘raxonov bilan “19:09” ko‘rsatuvida suhbatda bo‘lib, bo‘lajak to‘yi, turmush yo‘lini bog‘lash uchun tanlagan insoni hamda baxt ko‘ylagi haqidagi savollarga javob qaytardi. Bu haqda “Darakchi.uz” xabar bermoqda.
“Turmush qurish qaroriga kecha yoki bugun kelganim yo‘q. Men bu haqda ancha vaqt o‘yladim va o‘zimni bunga tayyor his qilganimdagina ushbu jiddiy qarorni qabul qildim. Turmush o‘rtog‘imni faqatgina oila a’zolarim va yaqinlarim taniydi. Uning shou-biznesga, mening ishimga aloqador joyi yo‘q, u san’atning boshqa turi bilan shug‘ullanuvchi oddiy inson. Tanlagan libosimga kelsak, avvallari bu haqda o‘ylaganimda, minimalizmni, ya’ni ko‘ylagimning bejirim bo‘lishini istagan edim, tanlovga kelganda esa aksi bo‘ldi. Men o‘z didimga mos bo‘lmagan libosda tanlovimni to‘xtatdim. Hashamdor libosni tanladim, u toshlar va boshqa bezaklar bilan bezatilgan. Aslida gap ko‘ylakda ham emas, asosiysi insonning yuzida baxt bo‘lsin! Har qanday kelin baxt oqshomida go‘zal bo‘ladi”, – dedi Shahzoda Matchonova.
Xabarda qayd etilishicha, Shahzoda Matchonovaning visol oqshomi 2016-yilning 25-noyabr kuni Toshkentdagi restoranlaridan birida bo‘lib o‘tadi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)