Ispaniya futbol federatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasi “Atletiko” bosh murabbiyi Diyego Simeoneni 3 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qildi, deb xabar beradi “Uff.uz”.
Bunga sabab sifatida murabbiyning “Malaga”ga qarshi (1:0) Ispaniya chempionati 35-turida nojoiz harakat qilgani ko‘rsatilmoqda. Simeone raqib jamoa tezkor hujum tashkil etayotganda to‘pni uzatib turuvchi bolaga to‘pni maydonga otib yuborishni aytgan.
Ushbu vaziyatdan so‘ng, uchrashuvni boshqargan hakam Antonio Migel Mateu Laos argentinalik murabbiyni zaxira o‘rindig‘idan chetlatdi. “Atletiko” rahbariyati bolakay to‘pni o‘z ixtiyoriga ko‘ra maydonga uloqtirganini ta’kidlagan edi, ammo Tartib-intizom qo‘mitasi bu javobni qabul qilmadi.
Shu tariqa, Simeone uchta o‘yinga chetlatildi va mavsum oxiriga qadar zaxira o‘rindig‘ida bo‘lmaydi. Ushbu o‘yinlarda “Atletiko” “Rayo Valyekano”, “Levante” va “Selta”ga qarshi maydonga tushadi.
Izoh (0)