O‘zbekistonda ish staji to‘liq bo‘lmagan holatlarda pensiya tayinlash uchun talab etiladigan minimal staj besh yildan yetti yilga oshirildi. Bu haqda UzDaily xabar beradi.
Prezident Islom Karimov 25-aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Qonun 30-mart kuni Oliy Majlisning qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi, 31-mart kuni Senat tomonidan ma’qullandi. Hujjat 26-apreldan boshlab kuchga kirdi.
Hujjat “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritdi. Qonunga ko‘ra, O‘zbekistonda pensiya tayinlash uchun minimal staj to‘liqsiz ish staji bilan bog‘liq holatlarda besh yildan yetti yilgacha uzaytirildi.
Qonunga muvofiq, yetarlicha ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga yoshga doir pensiya mavjud stajga mutanosib ravishda tayinlanadi. Ushbu o‘zgartirish 2016-yilning 1-iyulidan kuchga kiradi.
Hozirda pensiyaga chiqish uchun yetarlicha minimal ish staji erkaklarda 25, ayollarda 20 yilni tashkil etadi. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, erkaklar 60, ayollar 55 yoshida pensiyaga chiqishi mumkin.
Izoh (0)