Daryo

Qaysi hududlarda qurilish va ishlab chiqarish korxonalari soliqdan eng ko‘p qarzdorligi ochiqlandi

O‘zbekistonda soliq qarzi 100 mln so‘mdan yuqori qurilish korxonalari soni 1163 tani, ishlab chiqarishda esa 998 tani tashkil etdi

2 daqiqa o‘qish7 582 ko‘rishlar0 izoh0

Qurilishda Toshkent shahrida, ishlab chiqarishda Toshkent viloyatida soliq qarzi eng ko‘p yig‘ilib qolgan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi maʼlum qildi.

Foto: “Daryo”

Qurilishda soliqdan qarzdorlik

2025-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda soliq qarzi 100 million so‘mdan yuqori qurilish korxonalari soni 1163 tani tashkil etgan. Ularning jami qarzdorligi 1 trillion so‘mdan ko‘p. Mazkur summaning 385,3 milliard so‘mi (38 foiz) soliq qarzi eng yirik bo‘lgan 10 ta korxona hisobiga to‘g‘ri keladi.

Respublika bo‘yicha mazkur sohada soliq qarzdorligi eng ko‘p hududi Toshkent shahri bo‘lib qolmoqda. Poytaxtda 100 million so‘mdan ortiq qiymatdagi 255 ta korxonaning jami 393,1 milliard so‘mlik soliq qarzlari yig‘ilib qolgan. Keyingi o‘rinlarni Andijon (123 milliard so‘m) va Navoiy (82,1 milliard so‘m) viloyatlari band etgan.

Eng yirik qarzdor korxonalar uchtaligi quyidagicha:

  • “Reliable stroy invest” MCHJ — 81,5 milliard so‘m (Toshkent shahri);
  • “Mohir quruvchi” MCHJ — 65,3 milliard so‘m (Andijon viloyati);
  • “Aziya invest favorit” — 63 milliard so‘m (Toshkent shahri).

Ishlab chiqarishda soliq qarzdorligi

2025-yil 1-avgust holatiga ko‘pa, mamlakatda soliq qarzi 100 million so‘mdan yuqori ishlab chiqarish korxonalari soni 998 tani tashkil etgan. Ularning jami qarzdorligi 1,1 trillion so‘m bo‘lgan. Shundan 284,8 milliard so‘mi (24 foizi) soliq qarzi eng ko‘p bo‘lgan 10 ta korxona hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Mazkur sohada hududlar bo‘yicha eng ko‘p qarzdorlik Toshkent viloyatida qayd etilgan — 161 ta korxonada 223,1 milliard so‘m. Shu bilan birga, Andijon viloyatida 209,3 milliard so‘m, Qoraqalpog‘istonda 106,1 milliard so‘mlik qarzlar yig‘ilib qolgan. Eng yirik qarzdorlar uchligi quyidagicha:

  • “Zumrad textil” MCHJ — 91,7 milliard so‘m (Andijon viloyati);
  • “Real agro cotton” UK 36,5 milliard so‘m (Toshkent viloyati);
  • “Navoiyazot” AJ — 26,1 milliard so‘m.

Avvalroq O‘zbekistonda byudjet va boshqa tashkilotlar xodimlarida mol-mulk hamda yer solig‘idan qarzdorlik 563 mlrd so‘mdan ortgani xabar qilingandi. Joriy yil aprelda mamlakatda jami 8,5 trln so‘mlik to‘lanmagan soliqlar borligi aytilgan.

Joriy yil yanvar-iyul oylarida o‘tkazilgan tekshiruvlarga ko‘ra, mamlakatda savdo va umumiy ovqatlanish sohalarida soliqdan qochish xavfi eng yuqori ekani aniqlangan.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar