Futbol bo‘yicha jahon chempionatlari tarixi nafaqat buyuk g‘alabalar, balki afsonaviy to‘purarlarning unutilmas gollari bilan ham boy. Dunyoning eng nufuzli turnirida o‘z nomini tarixga oltin harflar bilan yozdirib qo‘ygan va mundiallar tarixidagi eng yaxshi 10 ta to‘purarga aylangan futbolchilar bilan tanishing:
10. Tomas Myuller (Germaniya) — 10 ta gol
- O‘yinlar soni: 19 ta
- Ishtirok etgan turnirlari: 2010, 2014, 2018, 2022
Nemis futbolining zamonaviy aql-idrok sohibi va o‘ziga xos “Raumdeuter” (bo‘shliqlarni qidiruvchi) uslubi bilan tanilgan Tomas Myuller jahon chempionatlari tarixida yorqin iz qoldirdi. 2010-yilgi JARdagi JCH uning uchun haqiqiy portlash bo‘ldi — 20 yoshli futbolchi 5 ta gol va 3 ta assist bilan turnir to‘purari (“Oltin butsa”) va eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi. 2014-yilgi Braziliyadagi mundialda esa u yana 5 ta gol urib, jamoasining oltin medallarni qo‘lga kiritishiga yordam berdi.
(Ma’lumot uchun: JCH tarixida 10 tadan gol urgan yana 5 nafar afsona mavjud: Helmut Ran (Germaniya), Gabriel Batistuta (Argentina), Gari Lineker (Angliya), Teofilo Kubilyas (Peru) va Gjegoj Lato (Polsha)).
9. Yurgen Klinsmann (Germaniya) — 11 ta gol
- O‘yinlar soni: 17 ta
- Ishtirok etgan turnirlari: 1990, 1994, 1998
Nemis futbolining yorqin yulduzlaridan biri bo‘lgan Klinsmann JCH bahslarida jami 17 ta o‘yinda raqiblar darvozasiga 11 ta gol urishni uddalagan. 1990-yilgi Italiyadagi JCHda u jamoasining eng muhim quroliga aylandi va Gʻarbiy Germaniyaning chempion bo‘lishiga katta hissa qo‘shdi (3 ta gol). Keyingi ikki turnirda Germaniya g‘olib bo‘la olmagan bo‘lsa-da, Klinsmann hujum chizig‘ida barqaror o‘yin ko‘rsatishda davom etdi.
8. Shandor Koshich (Vengriya) — 11 ta gol
- O‘yinlar soni: 5 ta
- Ishtirok etgan turniri: 1954
Vengriyalik ushbu afsonaviy hujumchi bor-yo‘g‘i bitta jahon chempionatida (1954-yil) ishtirok etgan bo‘lsa-da, kuchli o‘nlikka kirishni uddalagan. Shunchaki dahshatli natija: u maydonga tushgan 5 ta o‘yinidayoq 11 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Koshishning har bir o‘yinga to‘g‘ri keladigan gollari koeffitsiyenti (2,2) JCH tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
7. Kilian Mbappe (Fransiya) — 12 ta gol
- O‘yinlar soni: 14 ta
- Ishtirok etgan turnirlari: 2018, 2022
Fransiya futbolining zamonaviy yulduzi Kilian Mbappe bor-yo‘g‘i ikkita jahon chempionatida ishtirok etib, 12 bor o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Ayniqsa, Qatardagi JCH-2022 finalida Argentina darvozasiga yo‘llagan xet-triki uning turnirdagi eng yorqin lahzalaridan biridir. Hali yosh bo‘lgan Mbappe JCH-2026 turnirida ushbu ro‘yxatda yanada yuqorilashi, hatto yaqin kelajakda mutlaq to‘purarga aylanishi ham mumkin.
6. Pele (Braziliya) — 12 ta gol
- O‘yinlar soni: 14 ta
- Ishtirok etgan turnirlari: 1958, 1962, 1966, 1970
“Futbol qiroli” nomi bilan mashhur bo‘lgan Edson Arantis du Nasimentu umumiy hisobda 14 ta o‘yin o‘tkazib, raqiblar darvozasini 12 bor ishg‘ol qilgan. Pele uch marta jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritgan tarixdagi yagona futbolchi hisoblanadi va uning gollari Braziliyaning ushbu tarixiy muvaffaqiyatlarida hal qiluvchi rol o‘ynagan.
5. Jyust Fonten (Fransiya) — 13 ta gol
- O‘yinlar soni: 6 ta
- Ishtirok etgan turniri: 1958
Fransiyalik hujumchi Jyust Fonten JCH tarixidagi eng unikal va takrorlanmas rekord sohibidir. U o‘zining barcha 13 ta golini bor-yo‘g‘i bitta turnirda — 1958-yilgi Shvetsiyadagi jahon chempionatida, jami 6 ta o‘yinda kiritgan. Bitta chempionatda 13 ta gol urish rekordini qariyb 70 yildirki, hech qaysi futbolchi yangilay olmayapti.
4. Lionel Messi (Argentina) — 13 ta gol
- O‘yinlar soni: 26 ta
- Ishtirok etgan turnirlari: 2006, 2010, 2014, 2018, 2022
Argentina futboli afsonasi, JCH-2022 g‘olibi Lionel Messi beshta mundialda ishtirok etgan. U o‘tkazgan 26 ta uchrashuv (bu JCH tarixida mutlaq rekord) davomida raqiblar darvozasiga 13 ta gol yo‘llagan. Ayniqsa, Qatardagi mundial Messi uchun eng muvaffaqiyatlisi bo‘ldi: u musobaqa davomida 7 ta gol urdi va uzoq kutilgan jahon chempionligini qo‘lga kiritdi. Agar Leo JCH-2026 musobaqasida ham qatnashib, yana kamida 4 ta gol ursa, JCH tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylanishi mumkin.
3. Gerd Myuller (Germaniya) — 14 ta gol
- O‘yinlar soni: 13 ta
- Ishtirok etgan turnirlari: 1970, 1974
Gʻarbiy Germaniyaning eng kuchli hujumchilaridan biri bo‘lgan Gerd Myuller atigi 13 ta o‘yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 14 marotaba ishg’ol qilgan. Myullerning o‘ziga xos instinkti va jarima maydonchasi ichidagi ajoyib harakatlari Germaniyaga 1974-yilda jahon chempionligini taqdim etgan edi.
2. Ronaldo (Braziliya) — 15 ta gol
- O‘yinlar soni: 19 ta
- Ishtirok etgan turnirlari: 1998, 2002, 2006 (1994-yilda qaydnomada bo‘lgan, ammo o‘ynamagan)
“Fenomen” laqabli braziliyalik afsonaviy hujumchi Ronaldo Nazario mundiallarda o‘tkazgan 19 ta o‘yinida 15 ta gol urishga erishgan. Ayniqsa, Yaponiya va Janubiy Koreyada o‘tgan 2002-yilgi JCHda uning 8 ta gol urishi va finaldagi dubli Braziliyani besh karra jahon chempioniga aylantirgan edi.
1. Miroslav Kloze (Germaniya) — 16 ta gol
- O‘yinlar soni: 24 ta
- Ishtirok etgan turnirlari: 2002, 2006, 2010, 2014
Jahon chempionatlari tarixidagi mutlaq eng yaxshi to‘purar — germaniyalik Miroslav Klozedir. U to‘rtta JCHda ishtirok etib, jami 24 ta o‘yinda raqiblar darvozasiga 16 ta gol urgan. Kloze o‘zining tarixiy 16-golini 2014-yilgi musobaqaning yarim finalida, aynan Ronaldoning yurti Braziliyaga qarshi kechgan va nemislarning 7:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan uchrashuvda kiritib, “Fenomen”ning uzoq yillik rekordini yangilagan edi.








