Daryo

O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi oshdi

Hududlar bo‘yicha eng ko‘p o‘rtacha oylik Toshkent shahrida — 9,1 mln so‘m

1 daqiqa o‘qish91 898 ko‘rishlar0 izoh0

O‘tgan yili mamlakatda o‘rtacha ish haqi 2023-yildagidan 17,4 foizga o‘sdi. Bu haqda Statistika agentligi maʼlumot berdi.

Infografika: Statistika agentligi

2024-yilda O‘zbekistonda o‘rtacha nominal (soliq va boshqa to‘lovlarni o‘zi ichiga olgan) oylik ish haqi 5 mln 357 ming so‘mni tashkil etdi (2023-yilda 4 mln 562 ming so‘m bo‘lgan). Hisob-kitoblarda qishloq xo‘jaligi va kichik tadbirkorlik subyektlari ish haqlari inobatga olinmagan. Aks holda bu raqamlar sezilarli pasayishi mumkin edi.

“Fermer xo‘jaliklari hamda kichik tadbirkorlik subyektlari yilda bir marta hisobot taqdim etishi belgilangan”, deya hisobotga izoh beradi agentlik.

O‘tgan yil yanvar–dekabr oylarida hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi doimgidek Toshkent shahri kuzatilgan — 9,1 mln so‘m. Keyingi o‘rinlarda Navoiy (6,7 mln so‘m), Toshkent (5,1 mln so‘m), Andijon (4,6 mln so‘m) hamda Buxoro (4, 3 mln so‘m) viloyatlari qayd etilgan.

Eng kam o‘rtacha ish haqi Qashqadaryo (3,8 mln so‘m), Surxondaryo (3,8 mln so‘m) va Namangan (3,9 mln so‘m) viloyatlarida kuzatilgan.

Ish haqining eng yuqori o‘sish surʼatlari Toshkent shahri (21,4 foiz), Samarqand (17,6 foiz), Sirdaryo (16,7 foiz), Namangan (16,5 foiz) va Farg‘ona (15,1 foiz) viloyatlarida bo‘lgan.

Infografika: Statistika agentligi

O‘tgan yili quyidagi sohalarda o‘rtacha oylik ish haqi eng baland darajada to‘langan:

  • Bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati — 15,3 mln so‘m;
  • Axborot va aloqa sohasi — 13,1 mln so‘m;
  • Tashish va saqlash sohasi — 8,1 mln so‘m;
  • Sanoat sohasi — 6,4 mln so‘m.

Mazkur miqdorlardagi ish haqlari o‘rtacha oyliklarga nisbatan yuqori ko‘rsatkichni tashkil qilgan.

Yil davomida taʼlimda 3,6 mln so‘m, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda 3,4 mln so‘mlik o‘rtacha ish haqi to‘langan. Ushbu miqdorlar boshqa sohalardagiga qaraganda eng quyi pog‘onalarda bo‘lib, o‘rtacha ish haqi darajasidan sezilarli past.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar