Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, 2026-yilgi FIDE Nomzodlar turniri g‘olibi Javohir Sindorov “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi. Mazkur farmon bugun, 17-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi. Hujjatni Bosh vazir Abdulla Aripov tantanali ravishda o‘qib eshittirdi.Kiprning Pafos shahrida o‘tgan Nomzodlar turniri o‘zbek sporti uchun tarixiy natija bilan yakunlandi. Nufuzli musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 20 yoshli grossmeyster bugun Toshkentga qaytib keldi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Javohir Sindorovni uning oila a’zolari, sport jamoatchiligi va OAV xodimlari tantanali ravishda kutib olishdi.
Yangi O‘zbekiston shon-shuhratini xalqaro miqyosda yuksaltirishga qo‘shgan ulkan shaxsiy hissasi, mamlakatimizda shaxmatni keng ommalashtirish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ushbu sport turini targ‘ib etish, navqiron avlod qalbida milliy g‘urur, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish borasidagi katta xizmatlari, shuningdek, Kiprda o‘tkazilgan Xalqaro shaxmat federatsiyasi Nomzodlar turnirida o‘zining yuksak intellektual salohiyati va professional mahoratini yaqqol namoyon etib, dunyoning eng kuchli grossmeysterlari orasida rekord natijalar ko‘rsatgani va muddatidan oldin g‘oliblikni qo‘lga kiritgani uchun shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Sindarov Javohir Sanjarbekovich “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlansin, deyiladi hujjatda.
Suhbatda Javohir Sindorov ushbu turnirda ilgari hech kim yeta olmagan yuksak marrani zabt etgani, 14 ta o‘yinda 6 marotaba g‘alaba qozongani sport olamida kamdan-kam uchraydigan noyob hodisa ekani alohida ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev yosh grossmeyster dunyoning eng nomdor shaxmatchilariga qarshi har bir bahsda katta jasorat va mahorat bilan dona surib, kuchli iroda, yuksak intellektual salohiyat va qat’iyat fazilatlarini namoyon etganini bildirdi.
Ma’lumot uchun, o‘zbekistonlik shaxmatchilar orasida ilk bor Nomzodlar turnirida qatnashgan Sindorov musobaqani mag‘lubiyatsiz yakunladi. U ortda qolgan turlarda Andrey Yesipenko, Rameshbabu Pragnanandha (ikki marta), Fabiano Karuana, Hikaru Nakamura va Vey I kabi kuchli grossmeysterlar ustidan g‘alaba qozondi.
Javohir Sindorov 15-aprelga qadar davom etadigan mazkur turnir g‘olibi sifatida amaldagi Jahon chempioni Gukesh Dommarajuga qarshi shaxmat toji uchun kechadigan bahsda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Turnir sanasi va manzili FIDE tomonidan e’lon qilinadi.
Ma’lumot uchun, Sindorov Nomzodlar turnirida 2025-yilgi FIDE Jahon Kubogidagi chempionlik orqali yo‘llanma olgan. Shaxmatchi ushbu musobaqadagi g‘oliblikni qo‘lga kiritgach “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni va prezident sovg‘asi – 3 xonali xonadon, uning murabbiylari esa pul mukofotlari bilan taqdirlangan edi.








