AQSHning Rod-Aylend shtatidagi Braun universitetida sodir boʻlgan otishmada ikki kishi halok boʻldi, gumonlanuvchi qoʻlga olinmadi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Maʻlum qilinishicha, qora kiyimdagi nomaʻlum shaxs Providens shahridagi universitetga imtihonlar paytida hujum qilgan. U ikki kishini otib oʻldirgan, sakkiz kishini yaralagan. Otishmadan besh soatdan ortiq vaqt (mahalliy vaqt bilan 22:00) o‘tgan boʻlsa-da, gumonlanuvchi hanuz ozodlikda.
Providens meri Brett Smayli hozircha qurbonlar haqidagi tafsilotlarni, jumladan, ular talabalar bo‘lgan-bo‘lmaganini oshkor qila olmasligini aytdi. U kampus yaqinida yashovchi aholini uyda qolishga va ruxsat berilmaguncha tashqariga chiqmaslikka chaqirdi.
Shifoxona vakili Kelli Brennan o‘qdan yaralangan sakkiz kishi Rod-Aylend kasalxonasiga olib borilganini aytdi. Ulardan olti nafarining ahvoli og‘ir, biroq barqaror ahvolda. Qolgan ikki kishining biri oʻgʻir, biri barqaror holatda.
Universitet maʻmuriyati dastlab talaba va xodimlarga gumondor qo‘lga olingani haqida xabar bergan. Biroq keyinroq bu ma’lumot noto‘g‘ri ekanini va politsiya hanuz bir yoki bir nechta gumondorni qidirayotganini aytgan. Shahar meriga koʻra, dastlab otishmaga aloqadorlikda taxmin qilingan shaxs qo‘lga olingan. Ammo keyinchalik uning hech qanday aloqasi yo‘qligi aniqlangan.
AQSH prezidenti Donald Tramp jurnalistlarga otishma haqida xabardor qilinganini aytib, “hozir biz qila oladigan yagona narsa — qurbonlar uchun duo qilish”, dedi. Avvalroq u gumondor qo‘lga olinganini bildirgan, biroq keyin otishmani sodir etgan shaxs hanuz erkinlikda ekanini tasdiqlagan.
Otishma Muhandislik va fizika fakulteti joylashgan yetti qavatli Barus + Holley binosida sodir bo‘lgan. Universitet saytida ma’lum qilinishicha, binoda 100 dan ortiq laboratoriyalar, o‘nlab o‘quv xonalari va kabinetlar mavjud. Braun Amerikaning eng nufuzli kollejlaridan biri bo‘lib, unda 7300 ga yaqin bakalavr va 3000 dan ortiq aspirant tahsil oladi.








