O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionati final bosqichida ishtirok etmoqda. Turnirdagi ilk uchrashuv arafasida tashkil etilgan rasmiy matbuot anjumanida bosh murabbiy Fabio Kannavaro va jamoa sardori Eldor Shomurodov ishtirok etib, bo‘lajak bahs, jamoaning tayyorgarligi haqida fikr bildirdi.
Matbuot anjumanida so‘z olgan Fabio Kannavaro tarixiy uchrashuv o‘tkaziladigan stadionning o‘ziga xos ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
“Men bu stadionga avval ham kelganman. Bu yerda Diego Maradona o‘zining eng yorqin gollaridan ayrimlarini urgan. Shunday tarixiy arenada O‘zbekistonning Jahon chempionatidagi ilk o‘yinini o‘tkazayotganimizdan xursandmiz. Futbolchilar bahsga to‘liq tayyor”, dedi mutaxassis.
Murabbiy jamoaning asosiy futbolchilaridan biri bo‘lgan Abduqodir Husanov haqida ham iliq fikrlar bildirib, uning salohiyatiga yuqori baho berdi.
“Husanov eng muhim himoyachilarimizdan biri. U hozir ham yuqori saviyada harakat qilmoqda va kelajakda yanada yuksak cho‘qqilarni zabt etish imkoniyatiga ega”.
Shuningdek, italiyalik mutaxassis guruhdagi raqiblar — Kolumbiya va Portugaliya terma jamoalariga qarshi maksimal darajada ehtiyotkor o‘ynash zarurligini qayd etdi:
“Kolumbiyani batafsil tahlil qildik. Ular oxirgi daqiqagacha kurashadigan kuchli jamoa. Tarkibida nafaqat Xames Rodriges, balki boshqa xavfli futbolchilar ham bor. Biz o‘z imkoniyatlarimizni ko‘rsatgan holda, intizomli va ehtiyotkor futbol namoyish etishga harakat qilamiz”.
Italiyalik mutaxassis Jaloliddin Masharipovning jarohat sababli mundialdan chetda qolishi jamoa uchun katta yo‘qotish ekanini ta’kidladi.
Bundan tashqari Kannavaro Jahon chempionatidagi futbolchilik tajribasi bugungi kunda murabbiy sifatida ham qo‘l kelayotganini aytdi.
“Men ham bir vaqtlar Jahon chempionatida debyut qilganman. O‘sha tajribalarni hozir futbolchilar bilan bo‘lishyapman. Katta natijalarga erishish uchun qiyinchiliklardan o‘tish va o‘z imkoniyatlaringizni isbotlash kerak. O‘zbekistonda futbol rivojlanmoqda, akademiyalar va infratuzilmaga katta e’tibor qaratilmoqda. Biz ushbu turnirdan maksimal darajada tajriba olishimiz lozim”, deya qo‘shimcha qildi murabbiy.
Terma jamoa sardori Eldor Shomurodov esa jamoadagi muhit yuqori darajada ekanini va futbolchilar tarixiy bahsni katta ishtiyoq bilan kutayotganini ta’kidladi.
“Jamoamizning kayfiyati a’lo darajada. Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etayotganimiz sababli hayajon bor, ammo bosim yo‘q. Ushbu musobaqada terma jamoani sardor sifatida maydonga boshlab tushish men uchun katta sharaf”, dedi hujumchi.
Shomurodov muxlislarga ham murojaat qilib, ularning qo‘llab-quvvatlashi jamoa uchun muhim ekanini qayd etdi.
“Ertaga ijobiy natija qayd etishga umid qilamiz. Muxlislarimizdan bizni qo‘llab-quvvatlashda davom etishlarini so‘rayman. Murabbiyimiz har kuni bir gapni takrorlaydi: ‘Maydonda yurakdan o‘ynagan jamoa g‘alaba qozonadi’. Biz esa ertaga maydonda bor kuchimizni berishga tayyormiz”, dedi Shomurodov.
O‘zbekiston o‘zining mundialdagi tarixiy debyut uchrashuvini Janubiy Amerika qit’asi vakili — Kolumbiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Mazkur bahs 18-iyun kuni Meksika poytaxtida joylashgan afsonaviy “Atsteka” stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan tonggi soat 07:00 da start olishi belgilangan.








