Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) 2-mart kungi hujumlar davomida yahudiy bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning Quddusdagi idorasini nishonga olganini da’vo qildi. Isroil tomoni bu ma’lumotni darhol rad etib, uni asossiz deb atadi.
Qarama-qarshi bayonotlar
Eronning raketa arsenalini nazorat qiluvchi IIMK bayonotiga ko‘ra, mamlakat uchirgan raketalardan biri bosh vazir idorasiga, yana biri esa Tel Avivdagi “Kirya” harbiy bazasida joylashgan Isroil harbiy-havo kuchlari shtab-kvartirasiga yo‘naltirilgan.
“Sionistik rejimning jinoiy bosh vaziri idorasi va rejim harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni qarorgohi nishonga olindi”, deyiladi Fars axborot agentligi tarqatgan IIMK xabarida.
Hujumda “Xaybar” raketalaridan foydalanilgani aytilgan. Bunga javoban Netanyaxu mazkur xabarni yolg‘on xabar deb rad etdi.
“Quddus hududida raketalar tushgani haqida hech qanday tasdiqlangan ma’lumotlar qayd etilmagan. Ta’kidlanishicha, Eron rejimi ko‘pincha tashviqot maqsadida o‘z harbiy yutuqlarini bo‘rttirib ko‘rsatishi bilan ma’lum” deyiladi xabarda.
Knesset qo‘mitasining maxfiy majlisi bo‘lindi
Garchi Netanyaxuning idorasiga zarba berilmagan bo‘lsa-da, Quddusdagi raketa xavfi haqidagi ogohlantirish Knessetning (parlament) tashqi ishlar va mudofaa qo‘mitasi ishiga xalaqit berdi. Deputatlar urush bo‘yicha operativ razvedka tahlilini tinglash va mamlakatda “maxsus vaziyat” e’lon qilinishini tasdiqlash uchun yopiq majlis o‘tkazayotgan edi.
Sirenalar chalingach, koalitsiya va muxolifat a’zolari birgalikda bombapanoh sifatida mustahkamlangan Diaspora ishlari qo‘mitasi xonasiga yashirindi. Qonun chiqaruvchilar urush davridagi birlik ramzi sifatida panohgohda birga tushgan selfilarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtihgan.
Beyt Shemeshdagi vaziyat va Netanyaxuning tashrifi
Dushanba kungi raketa hujumlari butun mamlakat bo‘ylab, jumladan, poytaxt Quddusda ham havo trevogasi signallarini keltirib chiqardi va millionlab odamlarni bunkerlarga yo‘naltirdi. Sirenalar yaqin atrofdagi Beyt Shemesh shahrida ham yangradi.
Bu vaqtda shaharda yakshanba kungi hujum qurbonlarini (o‘shanda 9 kishi halok bo‘lgan va o‘nlab kishi jarohatlangan edi) dafn etish marosimi o‘tayotgan edi. Bosh vazir Netanyaxu mazkur hududga tashrif buyurib, o‘zining o‘lgani haqidagi xabarlardan keyin ilk bor ommaga ko‘rinish berdi.
U OAVga intervyu berib, Eronning Yevropa zarba berganini aytdi. Shuningdek, u va AQSH prezidenti Tramp dunyoni qutqarayotganini ta’kidladi.








