O‘zbekistonda 2025-yil yanvar—dekabr oylarida o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 6 million 376 ming so‘mdan oshdi. Bu 2024-yildagiga nisbatan 18,9 foizga ko‘p.
Statistika qo‘mitasi tahliliga ko‘ra, o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori darajasi Toshkent shahri (10,7 million so‘m) va Navoiy viloyatida (7,9 million so‘m) qayd etilgan. Boshqa hududlardagi ko‘rsatkich o‘rtacha miqdordan past darajada shakllangan. Eng kam darajadagi o‘rtacha oyliklar Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida to‘langan — 4,5 million so‘m. Qolgan hududlardagi ko‘rsatkich quyidagicha bo‘lgan:
- Toshkent viloyati — 5,9 million so‘m;
- Andijon viloyati — 5,2 million so‘m;
- Sirdaryo viloyati — 5,1 million so‘m;
- Qoraqalpog‘iston — 5 million so‘m;
- Buxoro viloyati — 5,1 million so‘m;
- Xorazm viloyati — 5 million so‘m;
- Jizzax viloyati — 4,8 million so‘m;
- Namangan viloyati — 4,7 million so‘m;
- Farg‘ona viloyati — 4,7 million so‘m;
- Samarqand viloyati — 4,7 million so‘m.
O‘tgan yili respublikada eng yuqori qiymatdagi o‘rtacha oylik ish haqini bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik sohalari vakillari olgan — 17,6 million so‘m. Yana qator sohalarda o‘rtachadan ko‘p oylik to‘langan. Xususan, axborot va aloqachilar 15,3 million so‘m, tashish va saqlash vakillari 9,6 million so‘m, sanoatchilar 7,5 million so‘m, savdodagilar 6,9 million so‘m, qurilish xodimlari o‘rtacha 6,5 million so‘m oylik olgan.
Sanʼat, dam olish, yashash hamda ovqatlanish, taʼlim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vakillariga o‘rtacha darajadan kam ish haqi to‘langan. Masalan, taʼlim sohasida xizmat qilayotganlar 4,4 million so‘m olgan bo‘lsa, tibbiyotdagilarga eng kam — 3,9 million so‘m to‘langan.
Avvalroq Statistika qo‘mitasi 2025-yilda O‘zbekiston aholisining real ish haqi 9,2 foizga oshganini ma’lum qilgan.








