Germaniya Ichki ishlar vazirligi mamlakatdagi afg‘onlarni vataniga qaytarish bo‘yicha “Tolibon” bilan muzokara olib bormoqda. Bu haqda Die Welt xabar berdi.
“Biz Afg‘onistonga muntazam va doimiy deportatsiyalarni yo‘lga qo‘yishni istaymiz. Shu maqsadda afg‘on vakillari bilan texnik darajada suhbatlar olib borilmoqda”, dedi ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrinbt.
Germaniya vakillari bu masalada allaqachon “Tolibon” bilan Qatarda muzokara olib borgan. Endilikda esa Kobulga ham delegatsiya yuborish rejalashtirilmoqda. Qatarliklar bu jarayonda vositachilik qilmoqda.
Rejaga ko‘ra, deportatsiyalar bundan keyin faqat charter reyslari bilan emas, balki oddiy yo‘lovchi samolyotlari orqali ham amalga oshirilishi mumkin. Hukumatning maqsadi — deportatsiyalarni yanada tez, muntazam va ko‘lamli qilish.
Germaniya hozirda “Tolibon”ni rasman tan olmagan va ular bilan diplomatik aloqalarga ega emas. Deportatsiya qilinadigan afgʻonlar qatoriga asosan noqonuniy muhojirlar, siyosiy boshpana ololmaganlar va jinoyat sodir etganlar kiradi. Germaniya har bir muhojirni 1 000 yevro bilan jo‘natishni rejalashtirmoqda.
Afg‘onistonga migrantlarning qaytishi O‘zbekiston va boshqa qo‘shni davlatlar uchun xavf tug‘diradimi?
“Markaziy Osiyo mamlakatlarining barchasi Afg‘oniston bilan ancha mustahkam chegaraga ega. Mintaqadagi birorta davlat ham, agar afg‘onlar yana “Tolibon” qo‘lidan qochmoqchi bo‘lsa, ularni qabul qilishga rozi bo‘lmaydi. Yagona muammo Afg‘onistonda allaqachon kuzatilayotgan insonparvarlik falokatining yanada kuchayishi bo‘lishi mumkin”, deydi siyosatshunos Andrey Tixonov.








