Shimoliy Koreyada jazirama issiqdan saqlanish uchun aholiga it va tovuq go‘shtidan tayyorlangan sho‘rvalar ichish tavsiya qilindi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bunday tavsiyalar davlat ommaviy axborot vositalari orqali tarqatilmoqda. Davlat televideniyesi 6-avgust kuni mamlakatda havo harorati 36,7 darajaga yetganini xabar qilgan. Bu mamlakat uchun ob-havo kuzatuvlari boshlanganidan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Hukmron Koreya Mehnat partiyasining Rodong Sinmun gazetasi 2-avgust kuni Pxenyan bosh shifoxonasi shifokorining jaziramada ovqatlanish bo‘yicha tavsiyalarini e’lon qildi. Unda tarvuz, bodring va mosh kabi organizmni salqinlashtiruvchi mahsulotlar, shuningdek, it go‘shtidan sho‘rva, baliq va qizil loviyadan tayyorlangan bo‘tqa kabi “to‘yimli taomlar” tavsiya qilingan.
Gazeta it go‘shtidan tayyorlangan sho‘rvaga alohida o‘rin ajratib, uni yozgi an’anaviy taom sifatida ta’riflagan.
“Yozning issiq kunlarida it go‘shtidan tayyorlangan sho‘rva oyoqqa to‘kilib ketsa ham, davo bo‘ladi”, deyilgan maqolada.
2026-yil boshida Shimoliy Koreyada it go‘shtidan taom tayyorlash bo‘yicha respublika tanlovi ham o‘tkazilgandi. 5-avgust kuni Koreya markaziy axborot agentligi (KCNA) jenshen, guruch va chilonjiyda solib tayyorlanadigan tovuq sho‘rvasini ham maqtadi.
Koreya markaziy televideniyesi esa jazirama paytida salomatlikka e’tibor berish, ko‘proq suv ichish, suzish va ochiq havoda mashq qilish bo‘yicha tavsiyalar bermoqda. Shimoliy Koreya jazirama oqibatida vafot etganlar haqida ma’lumot bermagan. Qo‘shni Janubiy Koreyada esa issiqdan 20 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Mamlakatda 2-avgust kuni havo harorati 42,5 darajagacha ko‘tarilib, ob-havo kuzatuvlari boshlangan 1904-yildan buyon eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgandi.








