O‘zbekiston koreys tili o‘qitiladigan maktablar sonini kengaytirish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Yonhap xabar berdi.
So‘nggi bir yil ichida mamlakatda koreys tiliga ixtisoslashgan sinflarga ega 68 ta yangi ta’lim muassasasi ochildi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha respublika Vyetnam, Shri Lanka, Filippin, Braziliya va AQSHni ortda qoldirdi.
Koreys tiliga qiziqishning ortishi yoshlar orasida Janubiy Koreya madaniyatining ommalashuvi bilan bog‘liq. Xususan, K-pop, doramalar va internet platformalari bunga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda, Koreyada ta’lim olishga qiziqish ham ortmoqda.
Janubiy Koreya tuzilmalari ta’lim dasturlarini qo‘llab-quvvatlashi ham qo‘shimcha omil bo‘ldi. Ushbu loyihalar sinf xonalarini jihozlash, maxsus o‘quv adabiyotlari yetkazib berish va o‘qituvchilar malakasini oshirishni o‘z ichiga oladi.
2025-yil yakuniga ko‘ra, dunyo bo‘ylab qariyb 2,7 mingta maktabda koreys tili o‘qitilgan bo‘lib, so‘nggi to‘rt yilda bunday muassasalar soni 54 foizga ko‘paygan. Hozirda Janubiy Koreyadan tashqarida ushbu tilni o‘rganayotgan o‘quvchilar soni 236 ming nafarga yetdi.
Janubiy Koreya universitetlari o‘zbekistonlik talabalar orasida mashhur yo‘nalishlar qatoriga kiradi, respublikada qo‘shma ta’lim dasturlari va Koreya oliy o‘quv yurtlarining filiallari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, turli madaniyat festivallari, til olimpiadalari va akademik almashinuv dasturlari ham til o‘rganuvchilar soni ortishiga xizmat qilmoqda.








