Daryo

AQSH va Eron prezidentlari urushni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi

14 bandlik bitim Erondan yadro quroliga ega bo‘lmaslik, Hormuzni to‘liq ochishni talab qiladi. Barcha frontlarda, jumladan, Livanga qarshi hujumlar ham to‘xtaydi, Eronni tiklashga 300 mlrd dollarlik fond ajratiladi.

4 daqiqa o‘qish10 517 ko‘rishlar0 izoh18

AQSH prezidenti Donald Tramp va Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon urushni tugatish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Har ikki tomon ham kelishuv kuchga kirganini aytmoqda. Prezident Donald Tramp Fransiyaning Evian-le-Ben shahrida bo‘lib o‘tgan G7 sammitida ishtirok etayotganda hujjatni rasman imzolagan.

O‘zaro anglashuv memorandumi 14 banddan iborat. U Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligini anglatadi. Mamlakatni “tiklash va iqtisodiy rivojlantirish” uchun 300 milliard dollarlik fond ajratiladi. AQSHdan unga hissa qo‘shish talab etilmaydi. Tramp ma’muriyati kelishuvni “samaradorlikka asoslangan” deb ta’rifladi, Eron o‘z majburiyatlarini bajargan taqdirdagina undan foyda ko‘rishi aytilmoqda.

Kelishuvning tarkibi: 1-band “barcha frontlarda” mojarolarga barham berish

Memorandumning birinchi bandiga ko‘ra, AQSH, Eron va ittifoqchilar barcha jabhalarda, jumladan, Livanda harbiy harakatlarni zudlik bilan va doimiy to‘xtatadi. Tramp Isroilning “Hizbulloh”ga qarshi harbiy operatsiyalari Eron bilan kelishuvni bekor qilishi mumkinligidan xavotirda. Eron Livan ham ushbu sulh doirasiga qamrab olinishini kutayotganini bir necha bor ta’kidlagan.

Eron Tashqi ishlar vazirligi Isroilning Livanga qarshi har qanday hujumlari kelishuvni buzishi va zarur choralar ko‘rilishiga olib kelishini ta’kidladi.

2-band: “ichki ishlar”ga hurmat

AQSH va Eron bir-birining suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qiladi va tomonlar bir-birining ichki ishlariga aralashmaydi.

3-band: 60 kunlik muddat

Hujjatning uchinchi bandiga ko‘ra, AQSH va Eron “maksimal” 60 kun ichida muzokaralar olib borish va yakuniy kelishuvga erishish majburiyatini oladi, bu muddat o‘zaro kelishuvga ko‘ra uzaytirilishi mumkin.

Ikki davlat rahbarlari o‘zaro anglashuv memorandumini rasman imzolaganidan so‘ng sanoq boshlandi. Avvalroq Tramp ham, Eron rasmiylari ham shu hafta oxirida Jenevada rasmiy imzolash marosimi bo‘lishini bildirgan edi.

4-band: AQSH blokadani tugatadi

Memorandum imzolangach, AQSH dengiz blokadasini va Eron portlariga qo‘yilgan har qanday tartibsizlik yoki to‘siqlarni olib tashlashni boshlaydi. Eron Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, blokada 30 kun ichida to‘liq tugaydi. Bu vaqt ichida AQSH Eron portlari orqali o‘tkazadigan kemalar soni Eron tomonidan Hormuz bo‘g‘ozida tiklanayotgan transport oqimiga mutanosib bo‘ladi. Yakuniy kelishuv imzolanganidan keyin 30 kun ichida AQSH o‘z kuchlarini Eron yaqinidan olib chiqadi.

5-band: Hormuz bo‘g‘ozi

Memorandum imzolangandan so‘ng Eron tijorat kemalarining Hormuz bo‘g‘ozi orqali bepul va xavfsiz o‘tishiga ruxsat berish uchun choralar ko‘radi. Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi jahon bo‘ylab neft narxining keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan edi.

Hujjatda qayd etilishicha, kemalar harakatlanishi texnik va harbiy to‘siqlarni bartaraf etish, minalardan tozalash ishlarini olib borish zarurligini hisobga olgan holda zudlik bilan boshlanadi.

Uzoq muddatli istiqbolda, Eron Hormuz bo‘g‘ozini boshqarish bo‘yicha kengroq qamrovli kelishuv ishlab chiqish uchun Ummon va Fors ko‘rfazining boshqa davlatlari bilan hamkorlik qiladi.

6-band: Eronni qayta tiklash uchun mablag‘

AQSH va mintaqaviy hamkorlar Eronda tiklanish va iqtisodiy rivojlanish uchun kamida 300 milliard dollarlik aniq, o‘zaro kelishilgan reja ishlab chiqadi. Bu yakuniy bitim imzolanganidan keyin 60 kun ichida kelishib olinadi hamda barcha litsenziyalar, imtiyozlar va ruxsatnomalar AQSH tomonidan beriladi. Biroq bu AQSH moliyaviy jihatdan ishtirok etishini anglatmaydi.

7-band: sanksiyalarni tugatish

AQSH Eronga qarshi barcha iqtisodiy sanksiyalarni, jumladan, BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalariga kiritilgan va AQSH tomonidan bir tomonlama amalga oshirilayotgan sanksiyalarni bekor qiladi. Buning amalga oshish muddati noaniq.

8-band: yadro quroliga yo‘l qo‘ymaslik

Eron yadro qurolini ishlab chiqarmaslikka va sotib olmaslikka kelishib oldi, har ikki tomon Tehron ixtiyorida mavjud bo‘lgan boyitilgan uran masalasini hal qilishga kelishib oldi. Mexanizm keyingi muzokaralarda “o‘zaro kelishiladi”. AQSHning yuqori martabali amaldori buni minimal standart va AQSH uchun katta g‘alaba deb atadi.

9 va 10-bandlar: “status-kvo”

Shartnomaning keyingi ikki qismida AQSH va Eron boyitilgan uran masalasi hal qilingunga qadar o‘z yadroviy dasturining status-kvosiga amal qilishi ko‘rsatilgan. Amalda bu AQSH yangi sanksiyalar joriy etmasligini anglatadi. Shu bilan birga, u neft, neft mahsulotlari eksporti, bank operatsiyalari kabi boshqa tegishli xizmatlar uchun imtiyozlar (ruxsatnomalar) beradi.

11-band: muzlatilgan mablag‘lar

Ushbu band muzokaralar uchun jiddiy to‘siq bo‘ldi. Eron uzoq vaqtdan beri muzlatilgan aktivlari qaytarilishini talab qilib kelmoqda. Hujjatning o‘n birinchi bandida qayd etilishicha, AQSH memorandum imzolangandan so‘ng muzlatilgan yoki cheklangan mablag‘larni to‘liq taqdim etish majburiyatini oladi va muzokaralar davomida tartib-qoidalar kelishib olinadi.

12—14-bandlar: Monitoring va yakuniy muzokaralar

Hujjatning so‘nggi bir nechta bandlarida kelishuv qanday amalga oshirilishining logistikasi bayon etilgan. AQSH va Eron o‘zaro anglashuv memorandumining amalga oshirilishini va kelajakdagi kelishuvga rioya etilishini nazorat qilish uchun “mexanizm” yaratadi, ammo bu amalda qanday bo‘lishi noma’lum.

O‘zaro anglashuv memorandumi imzolangach va uni amalga oshirish boshlangach, AQSH va Eron yakuniy bitim bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi. Yakuniy kelishuv BMT Xavfsizlik Kengashining majburiy rezolyutsiyasi bilan tasdiqlanishi belgilangan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar