Finlyandiya Rossiya bilan chegaradagi 200 kilometrlik to‘siq qurilishini yakunladi. Bu haqda YLE News xabar berdi.
Chegara infratuzilmasi metall to‘siq, unga tutash yo‘l hamda daraxtlardan holi hududni o‘z ichiga oladi. To‘siqning o‘ziga kuzatuv kameralari, yoritgichlar va radio karnaylar o‘rnatilgan. Qurilish Finlyandiyaga 356 million yevroga tushgan, unga xizmat ko‘rsatish xarajatlari esa yiliga 1,5 million yevroni tashkil etishi kutilmoqda.
To‘siq mamlakatning 17 ta munitsipaliteti hududidan — Laplandiyadan tortib Fin ko‘rfazi sohillarigacha cho‘zilgan. U taxminan ming nafar yer egasining hududidan o‘tkazilgan, davlat ularga umumiy hisobda 3 million yevroga yaqin kompensatsiya to‘lagan.
Ushbu to‘siq chegaraning noqonuniy kesib o‘tilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qurilgan. Qurilish boʻyicha dastlabki takliflar 2022-yilning kuzida — Rossiya prezidenti Vladimir Putin safarbarlik eʼlon qilgach, atigi bir kunda Yevroittifoq hududiga deyarli 17 ming rossiyalik kirib kelganidan so‘ng muhokama qilina boshlangandi. Qurilishning o‘ziga esa 2023-yil bahorida start berilgan.
Rossiya-Finlyandiya chegarasining umumiy uzunligi taxminan 1300 kilometrni tashkil etadi. Parallel ravishda NATOning boshqa davlatlari ham o‘z chegaralarini mustahkamlashga kirishgan. Xususan, Boltiqbo‘yi mamlakatlari Rossiya hamda Belarus bilan chegaralar bo‘ylab tankga qarshi to‘siqlar, xandaqlar, bunkerlar va boshqa mudofaa inshootlari qurishni o‘z ichiga olgan Baltic Defence Line tizimini shakllantirmoqda.
Estoniya rejalashtirilgan 135 kilometrlik to‘siqning 110 kilometrini qurib bo‘lgan, qolgan 25 kilometri esa 2027-yilgacha yakunlanishi kerak. Latviya Rossiya bilan chegarada 280 kilometrlik to‘siqni tiklab, ayni payatda u yerda yo‘llar, ko‘priklar, kuzatuv minoralar va muhandislik inshootlarini barpo etmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, iyul oyida Finlyandiya Fin ko‘rfazining sharqiy qismida kemalar harakatini va hudud ustidan parvozlarni cheklagandi. Bunga Rossiya tomonidan dron tahdidi sabab bo‘lgan. Iyun oyida esa mamlakat o‘z hududida yadro qurolini joylashtirishga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi.








