Abu Dabidagi kimoshdi savdosida dunyodagi eng noyob oq lochinlardan biri taxminan 571 ming dollarga sotildi. Bu haqda “Mixnews” nashri Khaleej Times’ga tayanib, xabar bermoqda.
Ushbu nasldor va oppoq patlarga ega qush lochinlar auksioni tarixida sotilgan eng qimmat qush sifatida rekord o‘rnatdi. Amerikalik seleksiyachilar tomonidan yetishtirilgan lochin Gyr pure ultra white zotiga mansub.
Shuningdek, xuddi shu auksionda yana ikkita noyob qush mos ravishda 382 ming dollar va 300 ming dollarga sotilgan. Savdolar Abu Dabidagi an’anaviy Xalqaro ovchilik va ot sporti ko‘rgazmasi doirasida tashkil etildi. Ko‘rgazmaga mahalliy va xorijiy mutaxassislar tomonidan zotdor, baquvvat va ovchilik qobiliyati yuqori bo‘lgan eng sara qushlar olib kelingan.
Bundan oldingi jahon rekordi 2021-yilda Saudiya Arabistoni poytaxti Ar Riyod shahrida o‘rnatilgan edi. O‘shanda eng qimmat lochin 467 ming dollarga baholangan.








