Madridning “Real” klubi hujumchisi Kilian Mbappe “Oltin to‘p”ga qanchalik munosib ekanligi haqidagi savolga qaytardi. Uning ta’kidlashicha, joriy yil ushbu mukofotni qo‘lga kiritish uchun eng qulay palla hisoblanadi.
“ ‘Real’ kabi katta klubda o‘ynasangiz, nomingiz doimo ushbu sovrin bilan yonma-yon tilga olinadi. Odamlar ham shu haqda ko‘p gapiradi. To‘g‘ri, eng muhim musobaqada tarixga kirdim, lekin hali qilinadigan ishlar ko‘p. Ehtimol, hozir mukofotni qo‘lga kiritishim uchun eng qulay fursatdir, biroq eng zo‘rni tanlashda har kimning o‘z qarashlari bo‘ladi. Men o‘zimni hamisha eng yaxshisi deb bilaman, lekin fikrlar turlicha bo‘lishi tabiiy”.
Mbappe 2024-yildan buyon “Real” sharafini himoya qilib kelmoqda. U 2026-yilgi Jahon chempionatida Fransiya terma jamoasi safida 8 ta o‘yinda maydonga tushib, 10 ta gol va 4 ta golli uzatmaga mualliflik qildi hamda turnirning mutlaq to‘purariga aylandi. Shu tariqa, Kilian futbol tarixida ikkita mundialda (2022 va 2026-yillar) eng yaxshi to‘purar bo‘lgan ilk o‘yinchiga aylandi. Shuningdek, u jami 66 ta gol bilan Fransiya milliy terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar maqomini ham o‘zida saqlab turibdi.
Ma’lumot o‘rnida, bu yilgi taqdirlash marosimi o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. Mukofot tashkilotchilari — France Football nashri va UEFA 70 yil ichida birinchi marta tadbirni Fransiya poytaxtidan boshqa joyga ko‘chirishga qaror qildi. Marosim 26-oktyabr kuni Londonda bo‘lib o‘tadi.








