AQSH davlat qarzi tarixda ilk bor 40 trillion dollardan oshib, rekord o‘rnatdi. Bu haqda mamlakat Moliya vazirligiga tayanib, BBC xabar berdi.
18-avgust kungi ma’lumotlarga ko‘ra, davlat qarzining umumiy qiymati 40 trillion 47 milliard dollarni tashkil etgan. Shundan xususiy investorlar, aholi va tashkilotlar oldidagi qarz 32 trillion 265 milliard dollardan ortiqni, hukumatlararo (davlat jamg‘armalari va tuzilmalari o‘rtasidagi)ichki qarz majburiyatlari esa 7 trillion 781 milliard dollardan ortiqni tashkil etmoqda.
Taqqoslash uchun, 2016-yilda davlat qarzi 20 trillion dollardan sal kamroqni tashkil etgandi. AQSH davlat qarzining qonun bilan belgilangan chegarasi 41 trillion 103 milliard dollarni tashkil etadi. Prognozlarga ko‘ra, 2036-yilga borib bu ko‘rsatkich taxminan 64 trillion dollarga yetishi mumkin.
Trampning 2025-yildagi inauguratsiyasidan beri o‘tgan 19 oy ichida qarz yukining o‘sishi deyarli 3,83 trillion dollarni tashkil etdi. Ma’lumot uchun, uning birinchi prezidentlik muddatining shu davrida davlat qarzi 1,47 trillion dollarga oshgandi. Umumiy hisobda 2017-yildan 2021-yilgacha davlat qarzi 7,8 trillion dollarga ko‘paygan.
Ma’lumot o‘rnida, Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha eng yirik qarzdorlik Qozog‘istonda kuzatilmoqda. 2026-yil 1-aprel holatiga koʻra, respublikaning davlat qarzi 76,5 milliard dollarga yetgaan. Bu bir yil oldingidan 21 foizga koʻp. Oʻzbekistonning davlat qarzi esa 47 milliard dollarni tashkil etgan. Qarzdorlik bir yilda 4,4 milliard dollarga ortgan.
Qirgʻizistonning davlat qarzi 9,8 milliard dollarga baholangan. Bu bir yil avvalgidan 47 foizga koʻp. Joriy yil fevralida Tojikistonning davlat qarzi 3,5 milliard dollarga yetgani maʼlum boʻldi. Shundan 3 milliard dollari tashqi qarz, qolgani ichki kreditlar hissasiga toʻgʻri kelgan.
Rasmiy veb sahifalarda Turkmaniston iqtisodiyoti boʻyicha ochiq maʼlumotlar yetarlicha uchramaydi. Ammo Jahon banki hisobotlaridan birida 2025-yilda Turkmaniston yalpi ichki mahsuloti 77,4 milliard dollarni tashkil etgani yozilgan. Respublikaning davlat qarzi esa YIMga nisbatan 5,2 foiz ekani koʻrsatilgan. Shundan kelib chiqilsa, Turkmaniston davlat qarzi 4 milliard dollar atrofida ekani oydinlashadi.








