Daryo

Qozogʻistonning “Orda” nashri sobiq bosh muharriri 8 yil qamoqqa hukm qilindi

Gulnara Bajkenova Qozog‘iston Jinoyat kodeksining qator moddalari bo‘yicha aybdor deb topildi. O‘tgan yili “Orda” nashri mamlakat tashqi ishlar vaziri qamoqqa olingani haqida xabarlar yozgandi. Keyinroq bu xabarlar o‘z tasdig‘ini topmadi, TIV rahbari esa yangi lavozimga tayinlandi.

3 daqiqa o‘qish5 862 ko‘rishlar0 izoh0

Olmaota sudi “Orda.kz” nashrining sobiq bosh muharriri Gulnara Bajkenovaga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish, biroq jazoni ikki yilga kechiktirish bo‘yicha hukm chiqardi, deb yozmoqda Tengrinews.

Bajkenova Qozog‘iston Jinoyat kodeksining uchta moddasi bo‘yicha ayblangan: bila turib yolg‘on axborot tarqatish (274-modda), o‘zlashtirish yoki ishonib topshirilgan begona mulkni rastrata qilish (189-modda), shuningdek, noqonuniy tadbirkorlik faoliyati (214-modda).

“2024-yil noyabridan 2025-yil dekabrigacha bo‘lgan davrda fuqaro B. MCHJ rahbari sifatida xizmat mavqeyidan foydalangan holda kompaniya hisob raqamlaridan 88 million 144 ming 127 tenge mablag‘ni o‘zlashtirgan. Pullar go‘yoki reklama, professional va ilmiy xizmatlar uchun to‘lov sifatida o‘z nazoratidagi yakka tartibdagi tadbirkor hisobiga o‘tkazilgan. Shuningdek, ushbu mablag‘lar hisobidan uning o‘g‘lining xususiy xalqaro maktabdagi ta’limi uchun ham to‘lov amalga oshirilgan”, deyiladi Olmaota shahar sudi hukmida.

Tergov materiallariga ko‘ra, Bajkenova yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa-da, Olmaotada kvartiralarni sotib olish va sotish orqali 121,2 million tenge (264,8 ming AQSH dollari) daromad olgan. Ushbu daromaddan tegishli soliqlar to‘lanmagan.

Sud axborot tarqatish bilan bog‘liq epizodlarni ham alohida ko‘rib chiqdi.

“2024–2025-yillar davomida Bajkenova axborot-tahliliy portal bosh muharriri sifatida oldindan til biriktirgan bir guruh shaxslar bilan birga internet resurslari va ijtimoiy tarmoqlar orqali bila turib yolg‘on axborotni bir necha bor — jami 8 ta epizod bo‘yicha tarqatgan. Natijada fuqarolar, tashkilotlar va davlatning huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilgan”, deya qayd etiladi sud hukmida.

Sud hukmi bilan Bajkenova aybdor deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, unga 5 yil davomida OAV, jurnalistika, blogerlik, ommaviy tadbirlar va boshqa jamoatchilik faoliyati bilan shug‘ullanish, OAV bilan bog‘liq tashkilotlarda rahbarlik hamda moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarni egallash taqiqlandi.

Biroq jazoning ijrosi ikki yilga kechiktirildi. Bunga mahkumaning 14 yoshga to‘lmagan farzandi borligi sabab qilib ko‘rsatildi. Bundan tashqari, sud moddiy zararni qoplash uchun 95,9 million tenge (207 ming dollar) undirishga qaror qildi. Shuningdek, 2,8 million tenge davlat boji va jabrlanuvchi tomonning yuridik yordam hamda protsessual xarajatlari uchun 6,8 million tenge (13,6 ming dollar) undirilishi belgilandi.

Sud hukmi hali qonuniy kuchga kirmagan.

Gulnara Bajkenova qanday qilib jinoyat ishi figurantiga aylandi?

2025-yil 1-dekabr kuni Olmaotada Bajkenovaning xonadoni va “Orda.kz” tahririyatida tintuvlar o‘tkazilgandi. O‘shanda shahar politsiyasi tergov harakatlari olib borilganini tasdiqlagan.

Olmaota politsiya departamenti ma’lumotiga ko‘ra, sudgacha tergov fuqarolarning bila turib yolg‘on ma’lumotlarni bir necha bor va qasddan tarqatish holatlari yuzasidan bergan arizalari asosida boshlangan.

Tergov harakatlari vaqtida Bajkenovadan elektron qurilmalar va turli materiallar olib qo‘yilgan. Politsiya bu buyumlar materiallarni tayyorlash va e’lon qilish holatlarini aniqlash, shuningdek, ularning kelib chiqishini tekshirish uchun zarur ekanini bildirgan.

Gulnara Bajkenova kim?

Gulnara Bajkenova — qozog‘istonlik jurnalist va mediamenejer, “Orda.kz” internet-nashrining asoschisi va sobiq bosh muharriri.

U Qozoq milliy universitetining filologiya fakultetini tamomlagan va hali talabalik davridayoq jurnalistika bilan shug‘ullana boshlagan. Turli yillarda Bajkenova Qozog‘iston OAV va media loyihalarida faoliyat yuritgan, jumladan, rahbarlik lavozimlarida ham ishlagan.

“Orda.kz” va Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri

2025-yil 4-sentyabrda “Orda.kz” o‘z manbalariga tayanib, o‘sha paytdagi Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu hibsga olingani haqida yozgandi. Qozog‘iston TIV va rasmiy idoralar buni darhol rad etgan. “Orda” va Gulnara Bajkenova esa dastlab o‘z ma’lumotlari to‘g‘riligini ta’kidladi. Oradan bir necha kun o‘tib, Nurtleu omma oldida ko‘rinib, hibsga olingani haqidagi xabarni “yolg‘on va absurd” deb atadi.

Ushbu xabarlardan uch hafta o‘tib, 26-sentyabr kuni Nurtleu haqiqatan ham TIV rahbari lavozimidan ketdi. Lekin u qamoqqa olinmadi: Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev uni xalqaro investitsiya va savdo hamkorligi bo‘yicha prezident yordamchisi etib tayinladi.

Shu sababli o‘sha paytda Bajkenova va “Orda” atrofida katta mojaro yuzaga keldi. Olmaota prokuraturasi ham Nurtleu haqidagi xabardan keyin Bajkenovani jinoiy javobgarlik ehtimoli haqida ogohlantirgan.

Lekin Olmaota sudi hukmida Bajkenovaga bila turib yolg‘on axborot tarqatish bo‘yicha 8 ta epizod ayblovlari qo‘yilgan. Ochiq sud materiallarida 274-modda bo‘yicha jabrlanuvchilar orasida “QazMunayGaz”, “Qozog‘iston Temir Jo‘li”, Olmaota prokurori o‘rinbosari va boshqa shaxs hamda tashkilotlar tilga olinadi. Nurtleu ushbu sakkiz epizod ro‘yxatida ko‘rsatilmagan.

Telegram kanal@daryo_moObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar