Suriya 18-avgust kuni Isroilni mamlakat shimolida joylashgan harbiy aerodromga zarba berganlikda aybladi. Bunga qadar xavfsizlik manbasi AFP agentligiga foydalanilmayotgan ushbu harbiy obyektga hujum qilinganini ma’lum qilgan edi.
Isroil 2024-yil dekabr oyida uzoq yillik rahbar Bashar Asad ag‘darilganidan beri Suriya hududiga bostirib kirishni boshlagan. Jumladan, Isroil qo‘shinlari 1974-yildan beri Isroil va Suriya kuchlarini ajratib turgan va BMT patrullik qiladigan Golan tepaliklaridagi bufer zonasiga kirgan.
Suriya urushini kuzatish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil muhim harbiy obyektlarga, jumladan, bir nechta aerodromlarga ham zarbalar bergan.
“Isroilning bosqinchilik samolyotlari bugun ertalab Abu Duhur harbiy aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagiga sakkizta zarba berdi”, deb xabar berdi Suriya davlat telekanali harbiy manbaga tayanib.
Xabarda qo‘shimcha qilinishicha, hujum oqibatida aeroport infratuzilmasiga moddiy zarar yetgan. Qurbonlar va yaradorlar yo‘q. Isroil rasmiylari mamlakat janubidagi xavfsizlik zonasida o‘z kuchlarini saqlab qolish va u yerda kengroq qurolsizlantirilgan hudud barpo etish niyatida ekanini bildirgan.
Damashq esa mamlakat janubiga qilinayotgan bunday hujumlarni bir necha bor keskin qoraladi. Iyul oyida Suriya prezidenti Ahmad ash-Shara’a Damashqda Fransiya rahbari Emmanuel Makron bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida chiqish qilgan. U Isroilning mamlakatdagi keskinlikni oshirish harakatlarini to‘xtatish uchun Fransiyani faol rol o‘ynashga chaqirgan.
Qonunbuzarliklar
Suriya tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shaybani ham iyul oyida Isroilning harbiy harakatlarini davom ettirayotganini qoralagan. U 1974-yilgi chiziqdan tashqaridagi yerlarning noqonuniy egallab olinishi mintaqa xavfsizligiga doimiy va to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid ekanidan ogohlantirgan. U Isroil qo‘shinlarining zudlik bilan va shartsiz olib chiqib ketilishini talab qilmoqda.
Biroq o‘tgan haftada Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats o‘z mamlakati Suriyada harbiylarni ushlab turishni rejalashtirayotganini aytdi. Isroil 1967-yilgi Arab-Isroil urushida Golan tepaliklarining katta qismini Suriyadan tortib olgan. Keyinchalik o‘z nazoratidagi hududlarni anneksiya qilib olgan. BMT va xalqaro hamjamiyatning aksariyati bu qarorni tan olmagan.
Ikki qo‘shni o‘rtasidagi keskinlikka qaramay, Isroil va Suriyaning yangi hukumati bir necha bor to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazdi. Ular razvedka ma’lumotlarini almashish mexanizmini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.
Suriya prezidenti Ahmad ash-Sharaa iyun oyida mamlakati Livan mojarosiga harbiy yo‘l bilan aralashishga urinmayotganini bildirdi. U yerda Isroil va “Hizbulloh” urush olib bormoqda. AQSH prezidenti Donald Tramp Damashq bu jarayonga qo‘shilishi mumkinligini aytganidan so‘ng ushbu raddiya berildi.
Livanning “Hizbulloh” guruhi Suriya fuqarolar urushida sobiq rahbar Bashar Asad tomonida turib urishgan edi. Shu sababli ash-Shara’a va 2024-yilda sobiq rahbarini ag‘dargan yangi hokimiyat hozirda bu guruhga o‘ta salbiy munosabatda. Suriyadagi fuqarolar urushi mamlakat infratuzilmasini izdan chiqardi va millionlab odamlarni mamlakat ichkarisida va xorijga qochib ketishga majbur qildi.








