Daryo

Saudiya shahzodasi Londondagi mehmonxonada oʻlik holda topildi

Marriott mehmonxonasining farroshi shahzodaning jasadini yuvinish xonasidan topgan. Marhum oʻlimidan uch oy oldin giyohvand moddalar va alkogolga qarshi davolangan.

3 daqiqa o‘qish106 449 ko‘rishlar1 izoh37

Saudiyaning 29 yoshli shahzodasi Abdulloh bin Fahad bin Abdulloh bin Abdulaziz bin Jalaviy al-Saud Londonning Kensington rayonidagi Marriott mehmonxonasida o‘lik holda topildi. Bu haqda The Telegraph xabar berdi.

Marhum Saudiya Arabistoni qirolining uzoq qarindoshi bo‘lgan. U giyohvand moddalar va spirtli ichimlik aralashmasini iste’mol qilganidan so‘ng vafot etgan. Uning qonidagi alkogol miqdori belgilangan me’yordan qariyb uch baravar yuqori bo‘lgan hamda organizmida gamma-gidroksibutirat (GHB), kannabis va “Ksanaks” izlari aniqlangan.

Uning jasadi 2025-yilning 25-noyabr kuni mehmonxonaning yuvinish xonasidan topilgan. Biroq oʻshanda oʻlim haqidagi maʼlumot OAVda eʼlon qilinmagan. Hodisa sud surishtiruvlaridan soʻnggina jamoatchilikka endi maʼlum boʻldi. Sud marhumning ilgari ham spirtli ichimliklar hamda “Ksanaks” iste’mol qilish bilan bogʻliq muammolari boʻlganini maʼlum qildi. Oʻlimidan uch oy oldin u bir haftalik davolanish narxi 35 000 funt sterlinggacha (46 600 dollar)yetadigan Roehamptondagi Priori klinikasida statsionar sharoitda davolangan.

U yerda u organizmini alkogol, benzodiazepinlar va xavotirga qarshi pregabalin dori vositasi qoldiqlaridan detoksikatsiya qilgan. G‘arbiy London koronerlik sudida o‘tkazilgan tergovga ko‘ra, 29 yoshli shahzoda 19-noyabr kuni bir hafta muddatga mehmonxonada ro‘yxatdan o‘tgan.

Shahzodani so‘nggi marta o‘limidan oldingi oqshomda tashqariga sigareta chekish uchun chiqqani kuzatuv kameralarida qayd etilgan. Keyinchalik farrosh uni beshinchi qavatdagi yopiq xonasining yuvinish xonasi polida yotgan holda topgan. Tez yordam xodimlari uni jonlantira olmagan va u vafot etgan deb e’lon qilingan.

Toksikologik ekspertiza hisobotiga ko‘ra, yosh shahzodaning qonida etanol konsentratsiyasi 100 ml qonga 222 mg alkogolni tashkil etgan. Spirtli ichimlik chegarasi esa 80 mg ni tashkil etadi.

Uning organizmida gamma-gidroksibutirat (GHB)ning o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan darajasi, shuningdek, kannabis, xavotirga qarshi “Ksanaks” nomi bilan mashhur alprazolam va boshqa tinchlantiruvchi dori vositalari izlari topilgan.

O‘z joniga qasd qilish xavfi yo‘q deb baholangan

Psixiatr-maslahatchi doktor Viktoriya Chamorroning aytishicha, shahzodaning Priorida “jismoniy nojo‘ya ta’sirlarsiz” detoks bilan davolanishi “yaxshi kechgan”.

“U tengdoshlariga qo‘llab-quvvatlovchi va mehribon bo‘lib, do‘stlar orttirdi”, dedi u o‘z bayonotida.

Kasalxonaga kelganida uning kayfiyati tushkun va xavotir belgilari bilan baholangan. Shahzoda do‘sti bilan kasalxonadan chiqarilgan, ammo keyin rejalashtirilgan Zoom uchrashuvlarida qatnashmagan. Shunga qaramay, u muolajasini toʻliq olgan.

Priorini tark etgandan so‘ng, shahzoda Mersisayd grafligida haftasiga 7 000 funt sterlinglik (taxminan 9320 dollar)xususiy Rainford Hall klinikasida davolanishni davom ettirgan. Bu yerda unga yuqori nafas yo‘llari infeksiyasi tashxisi qo‘yilgan. U tuzalib, 14-oktyabr kuni muassasani tark etgan.

Murdani yorib koʻrishdan keyingi ekspertiza Saudiya Arabistoni qiroli Salmonning katta bobosining avlodidan boʻlgan shahzoda hech qanday o‘tkir yoki surunkali kasalliklarga chalinmaganini koʻrsatdi. Lekin giyohvand moddalar va spirtli ichimliklar kombinatsiyasi oqibatida uning yuragi toʻxtagan.

Tergovchi yordamchisi Jan Xarkin uning o‘z joniga qasd qilish niyatida bo‘lganiga ishonmasligini aytdi. Priori va Rainford Hall klinikalarining hisobotlari ham shunday xulosani bergan. Uchinchi shaxslarning ishtiroki haqida hech qanday dalil yo‘q, kamera kuzatuvlari uning o‘limidan oldingi tunda yolg‘iz bo‘lganini ko‘rsatgan. Xarkin o‘lim sababini bir nechta turdagi giyohvand moddalarni qabul qilish deb atadi.

“Abdullaning oilasiga samimiy hamdardlik izhor etaman”, deya xulosa qildi u.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar