Daryo

Al-Aqso masjidiga 4200 dan ortiq isroillik bostirib kirdi (video)

Isroilliklar muqaddas majmuada milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir bilan birgalikda yahudiy bayrami munosabati bilan diniy marosimlarni bajardi.

2 daqiqa o‘qish14 193 ko‘rishlar1 izoh3

Isroillik 4000 dan ortiq ko‘chmanchi va ultra-o‘ng guruh a’zolari 23-iyul kuni bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi hududiga bostirib kirdi. Falastin rasmiylarining bildirishicha, bu yahudiylarning bayrami sababli yuz bergan 2026-yildagi eng yirik bostirib kirishlardan biri bo‘ldi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir ham kuchli politsiya himoyasi ostida hududga kirgan. U yahudiylar bayrami — Tisha B’Av munosabati bilan u yerga borgan. Bu - yahudiylarning motam kuni bo‘lib, ular u yerda qadimda ikki marta vayron qilingan ibodatxona bo‘lgan deb ishonadi. Ushbu joy musulmonlar uchun Al-Aqso, yahudiylar uchun esa Ma’bad tog‘i nomi bilan tanilgan.

Quddus gubernatorligining Falastin ma’muriyati xabariga ko‘ra, majmuaga hozirgacha 4288 nafar isroillik kirgan. Gubernatorlik bu ko‘rsatkich quyosh botguncha oshishi va 5000 ga yetishi mumkinligini bildirdi. Bu esa o‘tgan yillardagi raqamlardan ko‘proqdir.

Falastin rasmiylarining aytishicha, Isroil kuchlari masjid darvozalarida qat’iy cheklovlar o‘rnatgan. Ular ko‘plab falastinlik ibodat qiluvchilar va talabalarni ichkariga kirishdan mahrum qilgan, shuningdek, bir qancha ibodat qiluvchilarga hujum qilgan.

Al Jazeera muxbiri Nur Odehning ma’lum qilishicha, Isroil rasmiylari Quddusning Eski shahar qismida juda qat’iy choralar ko‘rgan. Ular Al-Aqso majmuasiga keksalardan tashqari barchaning kirishini taqiqlagan hamda Qalandiya va Sharqiy Quddus atrofidagi nazorat-o‘tkazish punktlarida nazoratni kuchaytirgan.

Quddus gubernatorligiga ko‘ra, isroillik ko‘chmanchilar majmua ichida Talmud rituallarini bajargan. Ular sajda qilgan, qo‘shiq aytgan va ibodat qilgan. Isroil OAVlarining xabar berishicha, politsiya 23-iyul kuni 1000 dan ortiq isroillikka u yerda ibodat qilishga ruxsat bergan.

Musulmon bo‘lmaganlarga Islomning uchinchi muqaddas qadamjosini borib ko‘rishga ruxsat berilsa-da, 1967-yildagi kelishuvga ko‘ra, u yerda ibodat qilish taqiqlangan. Haaretz gazetasi xabariga ko‘ra, Ben-Gvir Tisha B’Av kunida kelgan yahudiylar “o‘zlarini egadek his qilayotganini” aytgan va u yerdagi ulkan o‘zgarishni olqishlagan.

Quddus gubernatorligi Ben-Gvirning tashrifini xavfli keskinlashuv deb baholadi. Bu u yerda yahudiy ibodatxonasini qayta qurishni targ‘ib qiluvchi guruhlarni Isroil hukumati rasman qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatadi. Falastin prezidenti devoni majmua faqat islomiy ibodat joyi bo‘lib qolishi va Isroil u yerda hech qanday huquqiy suverenitetga ega emasligini ta’kidladi.

Falastin Tashqi ishlar vazirligi ham ushbu xavotirlarni qo‘llab-quvvatlab, buni xalqaro huquqning ochiqdan-ochiq buzilishi deb qoraladi. Isroil Sharqiy Quddusni 1967-yildagi Arab-Isroil urushida bosib olgan va 1980-yilda o‘ziga qo‘shib olgan. Bu harakat xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan. Avvalroq AQSH va Isroil Al-Aqso masjidi boshqaruvini Iordaniyadan tortib olmoqchiligi haqida xabar berilgandi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar