Estoniyada biznes va aholi o‘rtasida to‘lovga qobiliyatsizlik (bankrotlik) holatlari tez o‘smoqda. Bu haqda To‘lovga qobiliyatsizlik xizmati rahbari Signe Viimsalu bosh vazir Kristen Mihalga yo‘llagan xatida ma’lum qildi.
“Keng ko‘lamli bankrotlik iqtisodiy, ijtimoiy va institutsional beqarorlikni keltirib chiqarishi mumkin. Bu esa Estoniyaning ichki xavfsizligiga tahdid soladi”, deyiladi Viimsalu xatida.
Ma’lum bo‘lishicha, 2026-yilning dastlabki olti oyida mol-mulki bo‘lmagan 126 ta bankrot kompaniya sabab kreditorlar 50 million yevrodan ortiq pulini ololmadi. 2025-yil davomida bunday kompaniyalar soni 192 tani tashkil etgan, yetkazilgan zarar esa qariyb 74 million yevro bo‘lgan. Bu undan oldingi yilga nisbatan 52 foizga ko‘p.
Hozirda har bir mol-mulksiz bankrot kompaniyaning to‘lanmagan qarzi o‘rtacha 400 ming yevroni tashkil etmoqda. Uch yil avval bu ko‘rsatkich 100 ming yevrodan kam edi. Ko‘p hollarda kreditorlar pullarini umuman qaytara olmayapti.
Davlat byudjetiga va jamiyatga ta’sir
2025-yilda Ishsizlikdan sug‘urtalash jamg‘armasi mol-mulki yo‘q kompaniyalar xodimlariga 1 million yevrodan ortiq kompensatsiya to‘lab bergan. Biroq amaldagi qonunchilik ushbu mablag‘larni kompaniyani boshqarishda jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ygan rahbarlardan undirib olishga yo‘l qo‘ymaydi.
To‘lovga qobiliyatsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Estoniya biznes sektoridagi yashirin bankrotlik miqdori taxminan 18 milliard yevroni tashkil etmoqda. Signe Viimsalu bu holat ijtimoiy tengsizlik va jinoyatchilikning oshishiga, muhim korxonalar faoliyati izdan chiqishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Shuningdek, bu moliya tizimi beqarorlashuvi, tashqi ta’sir xavfi ortishi va davlat institutlariga bo‘lgan ishonch pasayishiga sabab bo‘lishi ta’kidlandi. Avvalroq Estoniyada 2040-yilgacha ayollar uchun majburiy harbiy xizmat joriy etilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.








