AQSH va Eron o‘rtasidagi vaqtinchalik sulh bitimi buzilganidan keyin vaziyat yanada keskinlashdi. Tomonlar bir-biriga sakkizinchi kundirki, ketma-ket har kuni shiddatli zarbalar bermoqda.
The Wall Street Journal nashrining AQSH rasmiylariga tayanib yozishicha, Eron raketalari Amerika havo mudofaa tizimlariga moslashib olgan. Xususan, Tehron hujum paytida yuqori tezlikda uchadigan va yerga yaqinlashganda manyovr qila oladigan raketalardan foydalanmoqda.
AQSH rasmiylari Eron o‘ta muhim nishonlarga aniq zarba bera olayotganidan xavotirda. Ular Tehron Xitoy yoki Rossiyadan yo‘nalish ko‘rsatish bo‘yicha yordam olayotgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Biroq gazeta buni tasdiqlovchi hech qanday dalil keltirmadi.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi 19-iyulga o‘tar kechasi Eronga qarshi ketma-ket sakkizinchi kecha zarbalar berilganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, hujumlar Eronning Hormuz bo‘g‘ozida savdo kemalariga tahdid solish imkoniyatini cheklash hamda Iordaniyada amerikalik harbiylarga hujum qilgan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi kuchlarini jazolash uchun uyushtirilgan.
AQSH aviatsiyasi Eronning sohildagi harbiy kuzatuv va havo mudofaasi obyektlariga zarba berdi. Eronning Mehr agentligi xabariga ko‘ra, Qo‘shma Shatatlar Islom Respublikasidagi Sirik shahri yaqiniga hujum qilgan. Talafot hamda infratuzilmaga zarar yetkazilgani qayd etilmagan. Tasnim agentligi esa AQSH Iroq bilan chegara yaqinidagi Shadegan hududini ham nishonga olganini bildirdi.
Eronning javob hujumlari va AQSHning yo‘qotishlari
Eron armiyasi 19-iyul kuni ertalab Kuvaytdagi Amerika harbiy aktivlari va texnikalariga dronlar bilan hujum qildi. Hujum ostida “Al-Adiri” lageri va “Ali As Salem” aviabazasi qoldi. Bu bazalar o‘tgan haftadan beri Eronning Fors ko‘rfazidagi AQSH aktivlari va ittifoqchilariga qarshi hujumlari doirasida nishonga olingan.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi Iordaniyadagi hujum oqibatida juma kuni ikki nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lganini va yana biri bedarak yo‘qolganini tasdiqladi. Urush boshlangandan buyon halok bo‘lgan amerikalik harbiylar soni 16 nafarga yetdi, 420 dan ortig‘i esa yaralandi.
Iordaniyadagi vaziyat
AQSHning Iordaniyadagi elchixonasi 19-iyul kuni X tarmog‘ida muhim ogohlantirish berdi. Iordaniya janubidagi Aqaba xalqaro aeroporti va dengiz porti tahdid tufayli evakuatsiya qilindi.
Elchixona barcha Amerika fuqarolariga ushbu aeroport va portga bormaslikni qat’iy tavsiya qildi hamda Iordaniya rasmiylarining xavfsizlik ko‘rsatmalariga amal qilishga chaqirdi. Hozircha Iordaniya hukumati bu borada rasmiy bayonot bermadi. Mamlakat axborot vaziri ham vaziyatga izoh bermadi. Avvalroq Eron AQSH havo hujumlari oqibatida 50 kishi halok bo‘lib, 500 dan ortiq kishi jarohatlanganini ma’lum qilgandi.








