Daryo

Xitoyda kelin nevaralariga qaramagan qaynonasining to‘rtta qovurg‘asini sindirdi

Kuyov onasi ishqiy munosabat sababli nevaralariga e’tiborsiz boʻlganini aytib, u kaltaklanishga “munosib” ekanini ta’kidladi.

2 daqiqa o‘qish4 994 ko‘rishlar0 izoh8

Xitoylik kelin nevaralariga beparvolik qilgan qaynonasining toʻrtta qovurgʻasini sindirib qoʻydi. Bu haqda South China Morning Post nashri xabar berdi.

Szyasin shahrida yuz bergan oilaviy mojaro “Chjetszyan” telekanali tomonidan yoritilgan. Syao (er) va uning rafiqasi turli shaharlarda ishlagan. Shu sababli ularning ikki bolasi Shenning (Syaoning onasi) qaramogʻiga topshirilgan. Telekanal bolalarning yoshini oshkor etmagan.

Mojaro buvisi bilan yashaydigan nevara uydagi kuzatuv kamerasi orqali onasiga oʻzini yomon his qilayotganini aytgach boshlangan. Bola buvisi uning haroratini oʻlchashdan bosh tortganini aytgan. Bundan xavotirga tushgan ona tezyurar poyezdga oʻtirib, taxminan, bir soat ichida qaynonasining uyiga yetib kelgan.

Shen keliniga bola quloqsiz va boshqarish qiyin ekanini, qolaversa, oʻzining ham tishi ogʻriyotganini aytgan. Kelini uni shifoxonaga olib borishni taklif qilgan, ammo Shen buni rad etib, oʻrniga sevgilisi bilan uchrashmoqchi ekanini bildirgan.

Shundan soʻng kelin qaynonasiga hujum qilib, uning yuziga jarohat yetkazgan va toʻrtta qovurgʻasini sindirgan. Xabarlarga koʻra, bu Shenning bolalarga yetarlicha qaramagani sababli kelinining tajovuziga uchragan birinchi holat emas.

Syao xotinini himoya qilib, onasini “axloqsiz” deb atagan va kaltaklanishga “munosib” ekanini ta’kidlagan. U Shenni nevaralaridan koʻra oʻzining ishqiy munosabatlarini ustun qoʻyganlikda ayblagan.

Biroq uning opasi bu fikrga qoʻshilmagan. Jumladan, u koʻp yillar qiyinchilikda yashagan, kam maoshli sanitariya xodimi boʻlgan onasi oʻziga gʻamxoʻr juft bilan hayot kechirishga loyiq ekanini aytgan. U kam daromadiga qaramay, Shen ikki oʻgʻliga 100 ming yuandan (15 000 AQSH dollari) koʻproq pul oʻtkazib berganini ta’kidlagan.

Shen nevaralarini boqishni istamasligini qat’iy bildirgan. Hujum tufayli u ishlay olmaydigan va Syaoga moliyaviy yordam berolmaydigan ahvolga tushib qolgan.

“Guangdong Zheqing” yuridik firmasi huquqshunosi Ma Szunchjening aytishicha, Syaoning rafiqasi badanga qasddan yengil shikast yetkazishda ayblanib, uch yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. U bolalarni tarbiyalash va oʻqitish boʻyicha qonuniy javobgarlik ota-onalar zimmasida ekanini ta’kidladi.

“Syao va uning rafiqasi, ya’ni ikkalasi ham mehnatga layoqatli boʻlgani uchun Shen ularning farzandlariga gʻamxoʻrlik qilishga qonunan majbur emasdi”, deya xulosa qildi u.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar